Yoshlar  - kelajagimiz bunyodkorlari  

Latofat Sultonova – “Ijtimoiy fanlar kafedrasi” katta o‘qituvchisi 

 Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

2024 yil-O‘zbekistonda «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilindi. Bu haqda prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabriklarida. “Inson qadrini ulug‘lash, aholimiz manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir, deb takidladilar.

 Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko‘p yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O‘zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi. Alohida ta’kidlash joizki, prezidentimiz ma’ruzalarida ham bu masala alohida o‘z aksini topdi. Jumladan, yoshlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi: birinchidan, jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish; ikkinchidan, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish; uchinchidan, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish.                                                                                                        

 Psixologlarning ta’kidlashicha, voyaga yetmaganlar jinoyatlarining aksariyati ularning ota-onadan ajralib chiqish jarayonida sodir bo‘ladi, ya’ni o‘smirlarda mustaqil qaror qabul qilish jarayoni boshlangan davrda. O‘smirning voyaga yetish davri  9-12 yosh va 12-16 yoshga bo‘linadi. Shu vaqtda bolada o‘ziga ishonch va hurmat shakllantirilmasa, uning orzulari ota-ona tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, u o‘zini hech narsaga qodir emasdek his qila boshlaydi. Natijada bu bola dunyoga nafrat bilan ulg‘ayishi mumkin. Agar oilada bolaning ehtiyojlari va tashvishlari bilan hech kim qiziqmasa, unga beparvo bo‘lib, fikri e’tiborga olinmasa va unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilsa, u o‘z shaxsini buzg‘unchilik va jinoyat sodir etish orqali ko‘rsatishga harakat qiladi. Xullas, bolaga ruhiy va tan jarohati yetkazilsa, u boshqalarga nisbatan shunday harakat qilishdan qo‘rqmay qo‘yadi.Ota-ona farzandini ilm olishga rag‘batlantirishi, o‘qishi uchun zarur sharoitni yaratib berishi kerak. Shuningdek, ota-ona bilan ishlash, ularga bola parvarishi va tarbiyasini o‘rgatish juda muhim. Chunki o‘smirlar jinoyatchiligi ko‘pincha uydagi muhit bilan bog‘liq bo‘ladi. Insonda o‘z xatti-harakati oqibatini anglash 25 yoshdan keyin to‘liq shakllanadi. Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha dasturiy prinsiplarga ko‘ra, o‘smir bolalar tarbiyasi va himoyasi bilan nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki oila, ijtimoiy institutlar, maktab, mahalla va yoshlar tashkilotlari ham shug‘ullanishi kerak. Xalqaro tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolada o‘z xatti-harakati oqibatini bilish 25 yoshdan keyin to‘liq rivojlanadi. Jinoyat sodir etgan o‘smirlarning 80 foizida ular ulg‘aygach ijobiy xarakter shakllanib, jinoyat yo‘lini tark etishgan.O‘smirlar psixologiyasi juda nozik bo‘lib, bu yoshdagi arzimagan harakat ham ularning kim bo‘lib ulg‘ayishiga ta’sir qiladi. O‘smirlar orasida jinoyatchilikning ko‘paymasligi uchun oiladagi muhitni yaxshilash, ota-onalarning savodxon bo‘lishi juda muhim hisoblanadi.

Ayniqsa,  Prezidentimiz tomonidan  yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi yosh avlodni tarbiyalash, shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasir.Prezidentimiz o‘z Murojaatnomalarida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib, xizmat qilishi lozim” deya alohida ta’kidladilar. Darhaqiqat, bu barchaga katta mas’uliyat yuklaydiki, buning uchun o‘z oldiga qo‘ygan katta marralarni zabt etishi uchun yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish zarur.  

Prezidentimiz o‘z murojaatnomasida yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yish, ularning jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etish, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazish, o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi haqida alohida fikr bildirdilar. Bu yoshlarga qaratilgan yana bir e’tiborning amaliy ifodasidir. Zero, yoshlar kelajak bunyodkori, ertangi kunimiz egalaridir. Shu bois, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning hayotda barkamol shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlardan keng foydalanib, yoshlarimizning huquqiy savodxonligini oshirib borishimiz zarur. Bu esa o‘z navbatida, farzandlarimizni barkamol yetuk inson bo‘lib yetishishlarida  katta rol o‘ynaydi.