2024 yil, 4 may kuni Komporuz telegram kanalida e'lon qilingan ma'lumotga MUNOSABAT:
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektorining Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yo‘llagan xatida institutda ish hajmining oshganligi, ta'lim muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda mavjud kadrlar salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida 2023-yil 25-dekabrdan buyon vakant bo‘lib turgan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimi vazifasini mazkur ta'lim muassasasining o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan, dotsent Azizjon Hojiyevga vaqtincha yuklatib turishni so‘ragan.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 22-apreldagi 84-tt-sonli buyrug‘i bilan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti oldiga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishini ta'minlash maqsadida vakant bo‘lib turgan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimi mazkur institut boshqaruvida 15 yildan ortiq rahbarlik lavozimida ishlab kelayotgan, dotsent ilmiy unvoniga ega tajribali kadr Hojiyev Azizjon Xolmurodovichga uning (haq to‘lash shartisiz bajarishga) roziligi asosida vaqtincha yuklatilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 116-moddasida bir necha kasbda (lavozimda) ishlash, xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirish, ish hajmini ko‘paytirish, vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan ishdan ozod etilmagan holda bajarish tartibi belgilangan bo‘lib, institutning o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i A.Hojiyevga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilganligi ushbu modda talabiga to‘liq mos tushadi.