Whyndham mehmonxonasida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan "Neft – gaz kimyosi va texnologiyasida muammolar, innovatsion takliflar va yechim" mavzusidagi Xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiya bo'lib o'tdi.
Xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiyada Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti va Novomichurinsk katalizator zavodi (NKZ) o’rtasida hamkorlik memoriandumi imzolandi.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti hamkorlik shartnomasiga asosan talaba almashinuvi va professor - o‘qituvchilar malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish, o’zaro hamkorlikda ilmiy metodik konferensiyalar, forumlar, seminarlar o‘tkazish hamda professor – o‘qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik yo’lga qo’yiladi.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Novomichurinsk katalizator zavodi hamkorlik shartnomasiga asosan talabalarni malakasini oshirish, zamonaviy texnologiyalar asosida seminar va vebinarlar tashkil etish, talabalarni tadqiqot ishi himoyasida mutaxassis sifatida qatnashish bo’yicha hamkorlik yo’lga qo’yiladi.
Ilmiy anjumanda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog'iston universiteti, Polotsk Evfrosin nomidagi Polotsk davlat universiteti, MTO gaz-kimyo majmuasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti, Urganch davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va boshqa ko’plab ishlab chiqarish korxonlaridan kelgan mutaxassislar neft va gaz sohasidagi ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman davomida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Siddiqova Sadoqat G’afforovna ilmiy-texnika taraqqiyotiga, muhandislik ta'limi va merosiga qo'shgan katta hissasi uchun, ilmiy va texnik bilimlarni faol targ'ib qilgani uchun Rossiya ilmiy va muhandislik jamoat birlashmalari ittifoqi (RosSNIO) prezidenti, Muhandislik fanlari akademiyasining prezidenti, Proxorova, Rossiya Fanlar akademiyasi Prezidiumi a'zosi, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Gulyayev Yuriy Vasilyevich tomonidan “Vladimir Grigoryevich Shuxovning 170 yilligi” medali bilan taqdirlandi.