Buxoro muhandislik-texnologiya institutida Germaniya savdo-sanoat  palatasi bilan hamkorlikda institut bazasida DBZ (Deutsches Bildungszentrum) nemis tiliga o‘qitish markazini tashkil qilish maqsadida Germaniya savdo-sanoat palatasi vakili Alisher Sadikov tashrif buyurdi. Markazning vazifasi malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda nemis tilini TELC (The European Language Certificates) bo‘yicha o‘rgatish  va to‘liq TELC sertifikatini olish uchun imtihonga tayyorlashdan iborat. Markazda shuningdek, AUSBILDUNG dasturiga tayyorlash kurslari, INTEGRATSION darslar, yangi muhitga yondashuv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
AUSBILDUNG tizimi – o‘qishni korxonada pullik ish bilan birlashtirgan 1 yillik dual ta'lim bo‘lib,  davlat tomonidan tan olingan kasbiy malaka bilan yakunlanadi.

Germaniya savdo-sanoat palatasi vakili Alisher Sadikov:

- Germaniya chet davlatlardagi o'quv yurtlari databazasini yaratgan. Bu databaza nomi Anabin deyiladi. Unga ko'ra o'quv yurtlariga turli statuslar berilgan, H+, H- va H+/-. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Anabin ro’yxatida H+ reyting bilan yetakchi o’rinni egallaydi. Ushbu oliygoh bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish biz uchun katta imkoniyat. 
  Buxoro muhandislik-texnologiya institutida tahsil olgan bitiruvchilarning diplomlari Germaniyada nostirifikatsiya qilinadi va tan olinadi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova:

- Germaniyada xizmat safarim davomida oliy ta’lim muassasalarida mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida dual ta’lim shakli yo’lga qo’yilganligiga guvoh bo’lganman. U yerda dual ta’limni rivojlantirish istiqbollari, o‘quv jarayonlari, shuningdek, ushbu tizimda ish beruvchi korxonalarning o‘rni, vazifalari va eng asosiysi majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lganman. Ushbu ta’lim usulini to’laqonli qo’llab-quvvatlayman. Dual ta’lim tizimida talaba nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarini esa ish joyida, ya’ni tashkilotda olish imkoniyati yaratiladi.
Hamkorlikka erishish orqali institutning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish, kadrlarimizni yuqori daromadli ish bilan ta’minlashga zamin yaratiladi deb o‘ylayman.