SANOAT YARMARKALARI – HUDUDIY IQTISODIYOTNING RIVOJLANISH KO`ZGUSI

 

   

Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq yurtimizda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va assortimentini oshirib borayotgan viloyatimiz ham nafaqat mahalliy bozorda, balki respublikamizda o‘z o‘rni va mavqeini mustahkamlab bormoqda.

2022 yilning 23 sentyabr kuni Bux.MTI “Iqtisodiyot” kafedrasi dotsenti G.D.Xasanova, kafedra katta o‘qituvchilari N.N.Rasulova va Z.Q.Jumaevalar bakalavr yo‘nalishida tahsil olayotgan 714-20 IQT, 728-20 IQT guruhlari talabalari va magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan M 25-22 IQT guruhi magistrlari bilan birgalikda Buxoro viloyati markazining 7-kichik mavzesida, Davlat Test markazi binosida tashkil etilgan qurilish materiallari, to‘qimachilik, neft va gaz sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik sohalari bo‘yicha hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida qatnashdilar.

Mazkur hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida respublika bo‘yicha 220 ta va Buxoro shahridagi barcha yirik tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, yarmarkada 140 taga yaqin mahalliy korxona 500 turdan ortiq mahsuloti bilan qatnashdi.

Talabalar yarmarkada “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar qatorida “BEK BAGS BUSINESS” xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli o‘lchamdagi qo‘l sumkalari, noutbuklar uchun, maktab o‘quvchilari, ayollar va qizlar sumkalari, xuddi shunday, "YORQIN XURSHID TEKSTIL" MChJ tomonidan tayyorlanayotgan avtomobil o‘rindiqlari uchun kombinatsiyalangan avto gazlamalar va o‘rindiq qoplamalari, Vobkent tumanidagi “Ecvatorial chodak” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan bolalar va qizlar uchun jinsi kiyimlar – shim, jaket va kostyumlar, Romitan tumanidagi “Sash Korset” MChJ tomonidan tolali matolardan tikib tayyorlangan belbog‘, korset va bandaj kabi ortopedik vositalar, bundan tashqari, Qorako‘l tumanidagi “Merganteks” MChJ tomonidan tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonlari uchun ishlab chiqarilayotgan rezina shlang va uskunalari, Buxoro shahridagi “Tarozi Klass” MChJ tomonidan yuk avtomobillari, temir yo‘l vagonlari uchun mo‘ljallangan elektron tarozilar va boshqa ishlab chiqarish korxonalar faoliyati va mahsulotlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tadbirkorlar tomonidan javoblar olishdi.