Qozon Federal universitetining Naberejnye Chelni institutida oliygohning ishonchli do‘sti va hamkori bo‘lgan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida delegatsiya rahbari oliygohimiz rektori Sadoqat Siddiqova taʼlim va fan sohasida xalqaro hamkorlik muhimligini taʼkidlab, delegatsiyaning har bir aʼzosining institutlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan hissasini qayd etdi. U mehmondo‘stlik va hamkorlikni davom ettirish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

NChI KFU direktori Georgiy Kotiyev samarali hamkorlik yillari davomida oliygohlar ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasida salmoqli natijalarga erishganini ta’kidlab, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlanishiga umid bildirdi. 

Uchrashuvda taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari va istiqbollari muhokama qilindi. Qo‘shma ilmiy anjumanlar tashkil etish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish bo‘yicha g‘oyalar ilgari surildi.

So'ngra mehmonlar Naberejnye Chelni instituti qoshidagi Oliy muhandislik maktabi laboratoriyalariga tashrif buyurishdi. Institut talabalari va o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan innovatsion loyihalar va ilmiy izlanishlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.