Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro muhandislik-texnologiya institutida boʻlib, oʻquv ilmiy laboratoriyalari faoliyati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Oliygohdagi ilmiy salohiyatni rivojlantirish, taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, xalqaro tajriba, xalqaro standartlarni joriy etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy etishga doir amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

Shuningdek, viloyat hokimi ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Jumladan, ipak chiqindilaridan kosmetik va antibakterial mahsulotlar olish, felting texnikasi yordamida barqaror shakldagi kiyimlar tayyorlash, mahalliy xom ashyo va sanoat chiqindilari asosida maxsus poyabzal polimer tagliklarini yaratish va biriktirish, elektr tarmoagʻida noqonuniy ulanishlarni aniqlash texnologiyasi viloyat rahbarida katta qiziqish uygʻotdi.