Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga yaponiyalik konsultant doktor, Turkiyadagi Istambul texnologiya universiteti  professori  Miyuki Aoki Girardelli  tashrif buyurdi.

 Tashrif davomida  “Bino va inshootlar qurilishi” ta'lim yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalariga  master klass darslarini o‘tkazdi. Master klass davomida  “Usmoniylar imperiyasi yapon me'morining ko'zlari bilan” mavzusida ma’ruza qildi. Ushbu ma’ruzada  Usmoniylarning so‘nggi davriga oid me’moriy obidalari jumladan bir necha masjid, hammom, qo‘noqxona va qadimiy uylar – jami 180 ga yaqin obida YUNESKOning butunjahon madaniy meros ro‘yxatiga kiritilganligini ta’kidladi.
Shuningdek  yapon xalqi me'morchiligi tarixi, erishilgan yutuqlari, yapon me'morlarining  olib borgan izlanishlari va erishgan natijalari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.  Yapon meʼmoriy tarixchisi Ito Chutaning ishlari, uning ijodidagi me'morchilik ildizlari Iskandar Zulqarnayndan keyin Hindiston orqali qadimgi yunon me'morchiligidan kelib chiqqanligini ta’kidladi.

Rektor Sadoqat Siddiqova:

Tarixiy obidalar – ma’naviyatimiz ko‘zgusi. Har bir davlatda xalqining o‘tmishi va ulug‘vor tarixini eslatib turuvchi tarixiy obidalar va yodgorliklar mavjud. Ushbu yodgorliklar orqali inson ma’naviy ozuqa oladi, o‘z davlatining tarixidan faxrlanadi. Tarixdan bizga ma’lumki inson zoti san’atni qadrlagan va go‘zallikka intilib kelgan. Qadim Buxoroyi sharifda 661 ta arxitektura yodgorligi, 829 ta madaniy meros obyekti mavjud. Shahrimiz xalqaro turizmni rivojlantirish uchun juda boy imkoniyatlarga ega. Xususan tez orada mahalliy va xorijiy turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratib berish, turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida shahrimizda “Turizm shaharchasi” barpo etiladi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonda xalqaro turizm rivojlanishini mutlaqo yangi bosqichga ko’tarilishiga zamin yaratadi. Investitsiyani jalb qilish, xizmatlar sohalarini ortishi evaziga yangi ish o’rinlari vujudga keladi.