Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Zakovat” intellektual markazining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda institut rahbariyati, talabalar, OAV vakillari ishtirok etdi. 
Dastlab institut rektori Sadoqat Siddiqova so’zga chiqib, ushbu markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, samarali ijodiy va professional aloqalarni o‘rnatish, iqtidorli talabalarni saralash va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanligini ta’kidladi.  
Ochilish marosimida markazni ochilishida faol ishtirok etganlar taqdirlanishdi. Shundan so’ng «Zakovat» intellektual o‘yini saralash bahslariga start berildi. 21 ta jamoa oliy liga bahslariga chiqish uchun bellashdilar.

Tanlov institut talabalari ishtirokida har haftada fakultetlar  orasida 1 marta o‘tkaziladi, Har oyda bir marta to‘plangan ballar bo‘yicha natijalar onlayn e’lon qilinadi va g‘olib jamoa taqdirlanadi. 
Tanlov yakunlari bo‘yicha har oyda bir marotaba Super final tashkil etiladi va unda bir oy davomida eng yuqori bal olgan uchta jamoa ishtirok etadi. G‘olib jamoa va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar institut rektori tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.