Axborot texnologiyalarini ta'lim jarayonida qo‘llashning pedagogik omillari.

BMTI “Xorijiy tillar” kafedrasi  katta o‘qituvchisi

M.A.Mamedova Buxoro muhandislik–texnologiya instituti

Zamonaviy texnologiyalarning rivojlanish holati birinchi navbatda jamiyatning intellektual salohiyatiga, jumladan, ta'lim sohasining rivojlanishiga bog‘liq. Ta'lim mazmuni va sifati masalalari jamiyatda ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarida ta'limni axborotlashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ta'limni rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish yo‘llari izlanmoqda, ta'limda yangi axborot texnologiyalarini joriy etish ta'lim sohasidagi islohotlarning diqqat markazidan o‘rin olgan. Jahonda masofaviy o‘qitish ochiq ta'lim tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida keng quloch yoymoqda.

 Zamonaviy axborot texnologiyalari muhiti, o‘zida axborot ob'ektlarini, ularning o‘zaro aloqasini, axborotlarni yaratish, tarqatish, qayta ishlash, to‘plash texnologiyalari va vositalarini, shuningdek axborot jarayonlarining tashkiliy va huquqiy tarkibini mujassamlashtirgan bo‘ladi.

 

Hozirgi kunda ta'lim tizimi insoniyatning imkoniyatlari va talablarini inobatga olishi zarur. Ta'lim tizimi shaxsga yo‘naltirilgan xarakterga ega bo‘lishi, ya'ni shaxsning har xil xususiyati va sifatiga e'tibor qilgan holda differensiyalangan bo‘lishi kerak.

Har qanday ta'lim tizimi ma'lum bir ijtimoiy, ilmiy-texnik, iqtisodiy, madaniy va nihoyat, siyosiy muhitda shakllanadi va rivojlanadi. Bu muhitlarning eng ustuvori va ijtimoiy-iqtisodiy omil sanaladi. Ilmiy-texnik taraqqiyot, madaniy va siyosiy muhit ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni  rivojlantirishi yoki sekinlashtirishi mumkin. Ta'lim tizimi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishining asosiy vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi, chunki maktab, oliy ta'lim muassasi insonni iqtisodiyot, madaniyat, siyosiy hayotda faol faoliyat ko‘rsatish uchun tayyorlaydi. Shuning uchun ham maktab va oliy ta'lim muassasasi ta'limning tayanch bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish – bu o‘quvchining shaxsiy xususiyatlarini, qobiliyati va imkoniyatini inobatga oluvchi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan o‘quvchi shaxsini rivojlantirishda samarali foydalanuvchi o‘qitishdir. Shunday qilib, shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish, o‘qitishni differensiasiyalash va individuallashtirish asosiy tamoyil sifatida qaraladi. 

Zamonaviy jamiyatda ta'lim tizimini rivojlantirishning strategik yo‘nalishi - bu insonning turli sohalarda maqsadli mustaqil faoliyat asosida  intellektual va axloqiy rivojlanishidir. Bunda 3 ta asosiy vazifaga e'tibor qaratiladi:

1.         Ta'lim tizimini isloh etish.

2.         Mustaqil faoliyat tamoyilini ta'lim va tarbiyaning asosiy tamoyili sifatida e'tirof qilish.

3.         Ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.

Axborotlashgan pedagogik ta'limda didaktika va axborot jamiyat a'zosining intellektual rivojlanishini jadallashtirish zarurligini aniqlovchi ta'lim maqsadlariga erishishni ta'minlashga yo‘naltirilgan pedagogik ta'sirga ega bo‘lib, shaxsning intellektual salohiyatini namoyish etishni va rivojlanishini o‘zining asosiy maqsadi etib qo‘yadi. Bu maqsadga, zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlarini joriy etish orqaligina to‘liq erishish mumkin. 

Zamonaviy axborot texnologiyalari muhitida didaktika, zamonaviy axborot texnologiyalaridan faol foydalanish orqali bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan o‘quv faoliyatining keng jabhali turlarini taklif etadi. Bu muhitdagi didaktika fikrlashni, shaxsning salohiyati va imkoniyatlarini, estetik tarbiyani, unda axborot madaniyatini tarbiyalashni, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishni, o‘quv-axborot faoliyati bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishning pedagogik maqsadlari bayon etiladi. Axborot texnologiyalari o‘quvchi shaxsining:

• fikrlashini;

• estetik tarbiyasini;

• kommunikativ qobiliyatini;

• optimal qaror qabul qilish malakasini;

• axborot madaniyatining rivojlanishini ta'minlaydi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari, o‘quv-tarbiya jarayonlarining barcha bosqichlarini jadallashtiradi. Bunda axborot texnologiyalaridan foydalanish asosida, ta'lim jarayonining sifati va samaradorligi ortishi, o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashuvini, fanlararo aloqalarning chuqurlashuvini kuzatish mumkin.