Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchi Artel kompaniyasi mas’ullari, ARTEL innovatsion o‘quv markazi direktori Yunus Raxmanov, direktor o‘rinbosari G‘ayrat Isakov, kadrlar bilan ishlash bo‘yicha korxona menejeri Karina Kadirova tashrif buyurdi.

 Mehmonlar institut rektori Sadoqat Siddiqova bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda  ishlab chiqarish jarayoniga talabalarni jalb etish, olimlarning ilmiy innovatsion va startap loyihalaridan  foydalanishdan manfaatdorligini bildirdi. Shuningdek magistr va doktorantlarning ilmiy ish mavzusi korxonaning real jarayonlaridan kelib chiqib tanlanishi kerakligi ta’kidlanib,  ishlab chiqarish vakillari talabi asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.

 Suhbat davomida mamlakatimizdagi yirik  korxonada energetika muhandisligi, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, kimyo muhandisligi, texnologik mashina va jihozlar yo’nalishida talab yuqori ekanligi ta’kidlandi.

Suhbatdan so‘ng Artel kompaniyasi mas’ullari tomonidan institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Aziz Hojiyev boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar uchun ekskursiya tashkil etildi.

  Professor-o‘qituvchilar korxonadagi mahsulotlarning ishlab chiqarish jarayoni xususan korxona qism (sex, uchastka)larida xom ashyoni tayyor mahsulotga aylantirish jarayoni bilan tanishib chiqdilar. Ayni damda kompaniyasida 4 ta korxona (mini pech Ishlab chiqarish, gaz plita ishlab chiqarish, oshxona dudbo‘rini va qoliplash zavodi) o‘z faoliyatini olib bormoqda. 2025-yil fevral oyida korxona to‘liq ishga tushirilib, 8 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Korxona vakillari tomonidan ushbu korxonalarda 800 dan ziyod ishchi-xodimga ehtiyoj mavjudligi ta’kidlandi.

P.S: Korxona O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratgan. Artel o‘z mahsulotlarini MDH va Yaqin Sharq mintaqasidagi 20 dan ortiq mamlakatlarga, hatto olis Afrikadagi Tanzaniya mamlakatlariga qadar eksport qiladi.