27-sentyabr kuni Istanbul shahrida Turkiya—Oʻzbekiston uchinchi taʼlim forumi boʻlib oʻtdi
Bosh sahifa 27-sentyabr kuni Istanbul shahrida Turkiya—Oʻzbekiston uchinchi taʼlim forumi boʻlib oʻtdi
Turkiya-Oʻzbekiston uchinchi ta’lim forumi boʻlib oʻtdi
27-sentyabr kuni Istanbul shahrida Turkiya—Oʻzbekiston uchinchi taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Forumda Oʻzbekistonning 30 ga yaqin OTM rektorlari, Turkiya davlatidan 60 ga yaqin OTM rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbari, Oliy taʼlim kengashi raisi Odil Abdurahmonov, Turkiya Oliy taʼlim kengashi (YÖK) rahbari Erol Özvar ochib berdilar. Turkiya-Oʻzbekiston uchinchi taʼlim forumi doirasida 60 dan ortiq hujjat imzolandi.
Soʻnggi yillarda 800 nafarga yaqin oʻzbekistonlik oʻqituvchi va tadqiqotchilar Turkiyaga malaka oshirish, stajirovka, seminar va treninglarga yuborilgan bo’lsa, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ularning soni 16 tani tashkil etadi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi oliygohlarda oʻquv jarayonini tashkil etishga 500 nafardan ortiq turkiyalik oʻqituvchilar jalb etildi.
Ushbu ta’lim forumida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova oʻz maʻruzasi bilan ishtirok etdi:
-Mamlakatlarimiz oʻrtasida ta'lim forumini oʻtkazish anʼanaga aylanib borayotganidan xursandman va ishonch bilan aytishim mumkinki, ushbu forum ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, o‘zbek va turk xalqlarini mushtarak tarix, umumiy qadriyatlar va asrlar davomida mavjud bo‘lgan o‘xshash an’analar bog‘lab turadi. Turkiya hamda O‘zbekiston Turkiy Davlatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zosidir. Ayni paytda Turkiya O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv chog‘ida oliy ta’limni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bizning fikrimizcha, zamonaviy muhandislarni tayyorlashning ta'lim modelida tor ixtisoslashuvga e'tibor qaratish hamda raqamli kompetensiyalarning turli shakllarini ta’lim jarayoniga joriy etishga asoslanish kerak.
Forum yakunida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Turkiyaning Anqara Universiteti, Ayfon Kocateppe Universiteti, Ankara Yildirim Beyazit Universiteti, Atatürk Universiteti, Duzche Universiteti, Sakarya Universiteti, Karamanögli Mehmetbey Universiteti, Seljuk Universiteti, SIIRT Universiteti, Dr. Fatih Yetim Universiteti bilan hamkorlikda spin-off kompaniyalari va texnoparklarni tashkil etish, ikki mamlakat oliygohlari oʻrtasida muhandislik-texnika mutaxassisliklari boʻyicha “ikki diplomli” qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish bo’yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi.