Tarixiy sivilizatsiya shuni ko‘rsatadiki, har bir rivojlangan jamiyat taraqqiyotining garovi adolatli ijtimoiy muhitni shakllanganidadir. Bugungi kunda, “Ortida alohida sivilizatsion loyihasi bo‘lmagan mamlakatlar yorqin kelajakka ega bo‘lmaydi”, degan fikr mutaxassislar orasida bot-bot takrorlanayotgani bejiz emas

Haqiqatan ham, hozirgi zamonda geosiyosiy kuchlar o‘rtasidagi raqobat o‘z cho‘qqisiga chiqdi va yoshlar geosiyosiy ta’sir ob’ektiga aylanib bo‘ldi.

Shuning uchun yoshlar ongini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlarni har qadamda uchratish mumkin. Bu nima degani? Bugungi kunda internet tarmoqlaridagi axborot oqimlari orqali yoshlar ongini zamonaviylashtirish bahonasida ularni milliy ijtimoiy-madaniy va ma’naviy qadriyatlardan “ozod etish” maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ya’ni oila, ota-ona, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘, Vatan, vatanparvarlik, mehr, ezgulik kabi qadriyatlarimizning asosi bo‘lgan tushunchalar sekin-asta, sezdirmasdan yo‘qotilib, o‘rniga globalizmning “hayotda faqat sen va dunyo bor” tushunchasi va bu ­bilan bog‘liq qadriyatlarni singdirishga kuchli harakatlar bo‘lmoqda. An’anaviy ommaviy axborot vositalari o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Jamoatchilik, shu jumladan, yoshlar fikrini televidenie, radio va gazetalar o‘rnini egallayotgan internet shakllantirmoqda. Eng yomoni, bunday xurujlarning oqibati odamni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti va xalqidan tonish, hamma narsaga loqayd bo‘lgan manqurt shaxsga aylanishida namoyon bo‘ladi. 

Ba’zida o‘ylanib qolasan, bu kabi vaziyatda nima qilish kerak. Avvalo “Ta’lim tarbiyasiz, tarbiya ta’limsiz bo‘lmaydi”, degan qoidaga rioya etgan holda, nafaqat oliy ta’limda balki maktab, maktabgacha ta’lim muassasalarida, xususan oilalarda qadriyatlar ruhidagi targ‘ibotlarni kuchaytirish kerak. Deylik yosh bolaga ertak, o‘rta yoshdagi o‘smirga qadriyatlarni, yoshlarga esa qadriyatlarning ahamiyatini tushuntirish orqali Vatanga daxldorlik tuyg‘usini shaklantirish kerak. 

Hurmatli prezidentimizning tashabbuslari bilan hududlardagi uyushmagan, ijtimoiy muammosi bor yoshlarni o‘rganish va ularning muammolarini bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan “Yoshlar bilan ishlash bu hayot-mamot masalasi, xavfsizlik masalasi” konsepsiyasi asosida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rahbariyati ham Buxro viloyati G‘ijduvon va Jondor tumanlaridagi 86 nafar ijtimoiy muammosi bor yoshlarni o‘rganib, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida amaliy yordam berib kelmoqdalar