Til – millatning ruhi va g’ururi

 

Dilfuza Saitovna Narzullayeva,
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti 

O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta 

o’qituvchisi, falsafa fanlari doktori (PhD)
                                                                                             

Nutq madaniyati tilshunoslikning keng qamrovli sohalaridan biri sanaladi. Bu soha insoniyat aqliy va nutqiy salohiyatining taraqqiy darajasini ko‘rsatib turgan va doimiy rivojlanishni taqozo etuvchi sohalardan biridir. Zero, til kishilarga doimo o‘zaro aloqa munosabati, madaniy-ma’naviy zaruriyat, ijtimoiy taraqqiyot, kurashish quroli bo‘lib xizmat qilgan. Mana shu qator vazifalarni bajaruvchi til egalarining nutq ifoda etish imkoniyatlari, til birliklaridan qay tarzda foydalanish chegaralarini ma’lum bir me’yorga solish ehtiyoji asosida ilmiy negizga ega bo‘lgan mazkur soha vujudga kelgan. Til qanchalar rivojlangan bo‘lmasin, insonlar tomonidan ma’lum me’yorlar va talablarga asoslangan nutqiy madaniyat bir xil darajada rivojlangan bo‘ladi deyish doimo ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Shu sababli ham nutq madaniyati sohasi doimiy e’tibor va rivojlanish sari harakatlarni talab qiladi.

Nutq madaniyati ijtimoiy fan sifatida keng ma’nodagi til tarbiyasini va ommaviy uslubiy savodlilikni, boshqacha aytganda, so‘zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tatbiq etishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi.

Nutq madaniyati insoniy madaniyatning asosiy ifodasidir. Ma’naviyati yuqori bo‘lgan inson barkamolligi uning omilkorligi, bilimdonligi, donishmandligida namoyon bo‘ladi va unda albatta nutq madaniyati ham yuqori bo‘ladi. Til odobi ko‘nikmalarini, nutq madaniyati malakalarini egallash, adabiy til me’yorlariga amal qilish oliy ma’lumotli shaxs uchun juda muhim. 

Nutq va mutolaa madaniyati mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining imkoniyatlaridan to’liq va to’g’ri foydalanishga erishishni ta’minlash, egallanayotgan soha bo’yicha amaliy ko’nikmalarni o’zbek tilining yozma va og’zaki nutqi me’yor va qoidalari asosida mukammal o’zlashtirishga va ularga nisbatan shaxsiy munosabatni o’zbek tili adabiy normalariga muvofiq holda ifodalashga erishishni ta’minlashga qaratilgan.

Nutq madaniyati hozirgi davr tilshunoslik fanining dolzarb muammolaridan bo’lib, bu muammoni hal etish umummadaniyatimiz taraqqiyoti, shuningdek, oliy o’quv yurtlarida dars o’tish jarayonini yaxshilash bilan ham bog’liq. Shuni qayd qilish kerakki, bugungi kunda nutq madaniyati kursinining barcha o’quv yurtlarida o’rgatilishi quvonarlidir. Chunki notiqlik san`ati sirlarini o’rganish, o’z fikrini bayon qila olish, til vositasini kerakli va lozim bo’lgan o’rinda qo’llash, mantiqan barcha sohada xizmat qiluvchi har bir mutaxassis uchun, umuman, har qanday madaniyatli kishi uchun hayotiy zarurat deb hisoblanishi kerak. O’zbek adabiy tili va uning normalarini ilmiy o’rganish ham o’zbek nutqi madaniyati sohasi uchun nihoyatda muhimdir. Adabiy tilning rivojlanish qonuniyatlarini, adabiy til me’yorlarining umumiy holatini, undagi turg’un va noturg’un hodisalarni chuqurroq tekshirmay turib adabiy tilning nutq madaniyati haqida gapirish aslo mumkin emas.

Til ham, fe`l-atvor ham odamga qon bilan kirib, uning butun jismu joniga taralib ketuvchi an’analar ekan, bularga e`tibor bermaslik, hamisha katta-kichik fojialarni keltirib chiqaradi.

Nutq madaniyati fani o’zbek tilshunosligining o’ziga xos amaliy sohasidir. U tilshunoslikning nazariy kurslaridan olingan bilimlarga suyangan holda to’g’ri va chiroyli nutq tuzish yo’llarini o’rgatadi. U til, til normalari, nutq, nutqning sifatlari, nutqiy uslublar, nutqda uchrashi mumkin bo’lgan kamchilik va xatolar, nutqning talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi. Nutq madaniyati fan sifatida o’z tekshirish ob`yekti va vazifalariga ega. Uning tekshirish predmeti nutqning til qurilishi, adabiy til normalari va nutqning kommunikativ (aloqa uchun kerakli) fazilatlaridir. Nutq madaniyati nazariyasida til normasi markaziy tushunchadir. «Til madaniyatining asosiy tekshirish ob’yekti adabiy til normalari, asosiy vazifasi esa ushbu normadagi ikkilanishlarni bartaraf etish bo’lmogi kerak».

Qadimdan har bir qabila, elat o‘z yozuvini muqaddas deb bilgan, o‘z tilini ulug‘lab kelgan. Ajdodlarimiz oromiy, so‘g‘d, run, uyg‘ur, arab yozuvlaridan foydalanib, boy tarixiy, madaniy meros qoldirishgan. Qoraxoniylar hukmronligi davrida turkiy tilda davlat yozishmalari olib borilgan, uning maqomi mustahkamlangan. Qoraxoniy podshohlar o‘z turkiy tillarini «hoqoniya tili» deb e’lon qilishgan. Buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy bu tilni uchqur tulporga, adib Yusuf Xos Hojib tog‘ ohusiga qiyos qilishgan. Hazrat Alisher Navoiy turkiy tilni o‘n sakkiz ming olamdan ham oliy olamga o‘xshatganlar.

Til va nutq bir-biriga bog’liq hodisalardir. Til uchun nutq moddiy materialdir. Shu material asosida nutq tashkil topadi. Tildagi hamma narsa til jamoasi uchun umumiy bo’ladi. Tilda ruhiy va moddiy material mavjud. So’z, morfema, fonemalarning kishi xotirasidagi obrazlari ruhiy material hisoblanadi. Nutq tuzishda namoyon bo’ladigan so’z shakllari, morfemalar, tovushlar moddiy materialdir. Bunda til bir tomondan moddiy hodisa bo’lsa, ikkinchi tomondan ruhiy hodisadir, degan xulosa kelib chiqadi. Tilning ruhiy hodisaligini uning ongda saqlanishi ko’rsatadi.

Tilda paydo bo’lgan tushunchalar dastlab ayrim shaxslar nutqida ko’rinadi, so’ng asta-sekinlik bilan butun jamoa ongiga singadi. Uni hamma bir tushunib, talaffuz etadigan bo’lgach, u til ixtiyoriga o’tadi. Aks holda alohida shaxsning nutqiga xos bo’lib qolaveradi. 

Nutq tildagi mavjud ifoda vositalaridan foydalangan holda mavjudlikka (haqiqatga) aylangan fikrdir. Nutq, nutq a`zolarining harakati jarayonida paydo bo’ladi. Ruhiy hodisa bo’lgan tilning ifoda vositalari nutq ixtiyoriga o’tgach, haqiqatga aylanadi. Demak, nutq faoliyatining mahsulotidan, ma`lum shaklga kirishishdan iborat.

Nutq harakatdagi tildir. Nutq tilga tegishli narsalarni ma`lum vaqt bo’lagida bir-biriga qo’shadi, harakatga keltiradi. Nutq so’z shakllari, erkin birikmalar, so’z tartibi va gaplardan tashkil topadi. Nutq jarayoni tugab, fikr tinglovchiga yetib borgach, nutq ham tugaydi. Demak, so’z shakllari, erkin so’z birikmalari, so’z tartibi, gapning turli ko’rinishlari nutqnikidir. Tildagi ifoda vositalari chegaralangan bo’lishiga qaramasdan nutq cheksizdir. Til vositalari nutq ixtiyoriga o’tgach, ulardan cheksiz miqdorda gaplar tuzish mumkin. Nutq jamoadagi yolg’iz kishi tomonidan yaratiladi va alohida shaxs va kishilarga qaratilgan bo’ladi. Demak, nutq ijtimoiy hodisadir. U jamoadagi kishilarni birlashtirish, ma`lum maqsad sari yo’naltirish imkoniyatiga ega. Jamiyat taraqqiyotida nutq belgilovchi o’rin tutadi.

Til madaniyati deyilganda ana shu tildagi ifoda vositalarining ongli aralashish natijasida hamma tushunadigan va qo’llay oladigan darajaga keltirilganligi, ma`lum davr uchun mosligi, ishlatilish qonun va qoidalari, me`yorlarining qay darajada aniq va mukammal ishlanganligi, sayqal topganligi tushuniladi. Boshqacha aytganda, til madaniyati deganda, til birliklari va ular imkoniyatlari taraqqiyotining, ular o’rtasidagi munosabatlar hamda shu munosabatlarni ta`minlovchi qonun-qoidalarning ishlanish darajasi tushuniladi.

Til madaniyati til vositalarining boyligi va rang-barangligidan iborat bo’lib, shu tildan foydalanuvchilarning ongida yashaydi. Lekin bu boylikning o’zlashish darajasi jamoa a`zolarining har birida har xil bo’ladi.

Nutq arabcha so`zdan olingan bo`lib, kishilarning ijtimoiy aloqa quroli bo`lgan tildan foydalanib, xususiy suhbatda, umumiy majlis, uchrashuv va yig’inlardagi gapi yoki o`qib eshittirgan so`zlaridir. Nutq ma`lum maqsad bilan so`zlanadi va ma`lum bir g’oyaviy yo`nalishga hamda estetik ta`sir kuchiga egadir.

Nutq madaniyati bu fikrlarni til vositasi bilan to`g’ri, ravon, aniq, ta`sirchan qilib bera olishdir. Madaniyat so`zi ham arabcha so`z bo`lib, shahar ma`nosini bildiradi. Fikrni izchil, ravon, ixcham va badiiy sodda ifodalagan nutq chiroyli nutqdir.

Qaysi shaxs til madaniyatiga tegishli vositalarni o’zlashtirgan va ularni o’z nutqi jarayoniga aylantirgan bo’lsa, o’sha shaxsning nutqi shu darajada madaniyatli bo’ladi. Nutq yakka shaxs ijodi ekan, uning madaniyati ham shaxsning til imkoniyatlarini qanchalik o’zlashtirganligiga va ulardan nutq sharoitiga mos mohirona foydalana olishiga bog’liqdir.

Tilning lisoniy imkoniyatlarini egallash ikki bosqichdan: bilish va bu imkoniyatlarni chuqur o’zlashtirishdan iborat. Til vositalarini bilish nutqni tinglaganda, ularning ma`nosi va vazifasini anglashda ko’rinadi, ya`ni tinglovchi tinglagan va o’qigan narsalarini tushunadi. Bunday shaxs o’zgalar nutqini yaxshi tushunadi.

Ikkinchi bosqich til sistemasi taqdim etgan imkoniyatlarning katta qismini chuqur o’zlashtirishdan, ularni nutq tezkorligiga aylantirib olishidan iboratlir. Bunga erishgan shaxsning nutq ravon, boy, obrazli, o’rinli bo’ladi. Birinchi bosqichda anglab olingan nutq vositalari ustida doimiy mashq qilish, ularni xotirada saqlashga doimo e`tibor berish, bu imkoniyatlarni nutqiy tezkorlikka aylantiradi.

Mutolaa o’quvchining yozma nutq orqali asar muallifi, obrazlari bilan muloqotidir. Mutolaa tufayli o’quvchi yozma nutqda aks etgan voqea-hodisalardan xabardor bo’ladi, ular ta`sirida xulqida qandaydir o’zgarish paydo bo’ladi. Mutolaa ma`lumot olishning eng muhim yo’lidir. Kitob o’qish orqali kishi ma`naviy yetuklikka erisha boradi.

Mutolaa oddiy o’qish, ilmiy o’qishdan iborat. Oddiy o’qiganda o’quvchi uchun yozma nutq mazmuni bilan tanishuvning o’zi maqsad qilib qo’yiladi. Ilmiy o’qishda o’quvchi asarni tahlil qilishni, undan boshqa maqsad uchun foydalanishni, uning mazmunini qayta bayon qilish kabilarni maqsad qilib qo’yadi.

Millat tili – millatning ruhi va g’ururi, davlatning timsoli va mulkidir. Ona tiliga e’tibor va ehtirom bilan qaramoq, uning har bir sòzi qatlariga yashiringan ma’no jilolariyu mazmun teranliklarini idrok etib ulardan huzurlanmoq, bu muqaddas xilqatda tan olgan ajdodlar ruhini his qilmoq va bu xilqatni fidoyilik bilan asramoqqa hamisha hozir bòlmoq shu vatan farzandlarining oliy burchidir.