Til – millatning ko‘zgusi.

 

Gavhar Normurotovna Izzatullayeva,

Buxoro muhandislik-texnologiya  instituti

“O‘zbek tili va adabiyoti”  kafedrasi o‘qituvchisi.

Ayni shu damlarda mamlakatimiz bo‘ylab hattoki, dunyo bo‘ylab nishonlanayotgan “O‘zbek tili bayrami” ona tilimizning beqiyos ahamiyati, tarixiy qadr-qimmatini ko‘z oldimizda namoyon etmoqda. Darhaqiqat, til har bir millatning madaniyati, urf-odatlari, taraqqiyotini ko‘rsatib beruvchi ko‘zgudir. Tili rivojlangan elning ruhida yuksalish bo‘ladi. Milliy til bayroq, madhiya,  gerb kabi aziz va qadrlidir. Unda har bir millatning ruhi, dunyoqarashi aks etadi. Ma`lumki, 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun. Til haqidagi qonunning qabul qilinishi ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tilining muhofazasini ta`minladi. Hayotimizning barcha sohalarida tilimiz keng qo‘llanila boshlandi. O‘zbekistonning mustaqil suveren davlat sifatida dunyo xaritasidan joy olishi esa mazkur qonunning kuchini yanada oshirdi. Keyinroq 1995-yilning avgustida “Davlat tili haqida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Shuningdek, 2019-yili Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzli va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni  qabul qilindi va Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashkil etildi. Bu esa o‘z navbatida jamiyatimizning barcha jabhalarida davlat tili – o‘zbek tilining sof holda to‘laqonli amal qilinishi yo‘lidagi islohotlarning debochasi bo‘ladi.

Ona tili – millatning ruhidir. Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Bundan 33 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma`noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. 

Shuni ta`kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqiyosida obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratildi. Olimlar va mutaxasislar tomonidan ilm – fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo ‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarni eng muhimlaridandir.

Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. YUNESCO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7000 dan 8000 tagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6000 ta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bexabardir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta`lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida–ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muomalada bo‘lib, ma`lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan tillarning saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa`y – harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma – xilligini ta`minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf – odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. BMT ekspertlarining fikricha, tillarni saqlab qolish uchun    bu tillardan ta`lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo ‘yish kerakligi ta`kidlandi.

Til – millatning ma`naviy boyligidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o‘zaro muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab – quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan – bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Lingvist olimlarning fikricha, yana 25-26 yillardan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning o‘n tasidan 1 tasigina saqlanib qolar ekan.

Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘xtatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf – odati, rasm – rusmlarining saqlanib qolishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosidta bog‘liq. Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf – odat, an`analarini saqlaydi. Ona tilimizning xalqaro miqiyosidagi obro‘ – e`tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.