O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini o‘rganish-davr talabi.

Murojaatnomani o‘rganish jarayonida oldimizda turgan juda mas’uliyatli vazifalar-rejalar biz yoshlarga kuch-quvat, g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi. Yosh avlodimizni ana shunday barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda biz muhtaram nuroniylarimizga tayanamiz. Hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lgan duogo‘y otaxon va onaxonlarimizning sihatgohlarda salomatligini tiklash, ularga mahalla va jamoat maskanlarida qo‘shimcha sharoitlar yaratishni davom ettiramiz. Millati, tili va dinidan qat’i nazar, O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa qo‘shib kelayotgan har bir fuqaro bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibori va ardog‘ida bo‘ladi. 

Millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi?

 Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Buning uchun nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha oila, mahalla va ta’lim maskanlarida ish olib borishimiz zarur.

 O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini o‘rganish, keng jamoatchilik orasida targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari orasida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan o‘quv-seminari tashkil etildi. 2022-yil 26 dekabr kuni institut faollar zalida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti F.M.Bafoyev tomonidan Murojaatnoma bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. O‘quv seminari davomida Ta’lim sifatini oshirish-Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligi, bu borada har bir professor-o‘qituvchi o‘z vasifasini sidqidildan bajarishi lozimligini o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i N.Qulliyev ta’kidlab o‘tdi.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

«Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi».

Shuning uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarda dahldorlik tuyg‘usini his qilish, talaba yoshlarni har tomonlama yetuk malakali mutaxassislar etib tayyorlashga katta e’tibor zarurligi ta’kidlandi. F.Bafoyev Murojaatnoma bo‘yicha chuqur tahlililiy ma’lumotlar aks etgan taqdimot ma’lumotlarini taqdim etdi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga javob berildi. Murojaatnoma bo‘yicha barcha kafedralarda o‘quvlar tashkil etilishi belgilandi. 

Energetika fakulteti dekan o‘rinbosari D.O.G‘afurov