Kuni kecha 2022-yil 20-dekabr kunida mamlakat taraqqiyotining eng muhim, ustuvor vazifalari e’lon qilinadigan yillik murojaatnomada biz kutgan juda ko‘p yangilik, bugun va kelajakdagi reja hamda maqsadlar Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan baralla yangradi. Yangi O‘zbekistonimizning yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Yurtboshimiz o‘z so‘zini, shukrona keltirib, mamlakat aholisi 36 milliondan oshganini hamda har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlodning kirib kelishini  ulug‘lashdan boshlagani,  bejizga emasdir, negaki, barchamiz bilamizki, har bir insonning oilasi tinch, ro‘zg‘ori to‘kin, farzandlari sog‘lom, ilmli va bilimli bo‘lsagina, shuningdek, bunda insonni qadrlash va yoshlarni bilim olishiga bo‘lgan e’tiborini yanada shakllantirish, kuchaytirish va rivojlantirishdek muhim vazifaning  turishi ayni muddaodir.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish uchun tinimsiz izlanayapmiz. Yakuniga yetayotgan 2022 yil – g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi! Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”.

Shuning uchun ushbu murojaatnomada joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deya nomlanishi, barchani quvontirdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, Jonajon O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlarning yuz berayotgani zamirida mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, ta’limni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan  katta e’tibor,  ta’lim sohasini yanada mustahkamlash borasida qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar, maqsadli g‘oya va rejalar, zarur farmoyish va qarorlarning amalga oshirilayotganidan dalolatdir.

Bu esa Yangi O‘zbekistonimizning dunyo bozoriga bemalol va faol kirib borishi, barcha sohalarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyat yaratadi, albatta. Ayniqsa, biror bir soha, biror bir jabha, biror bir yo‘nalish chetda qolmagan holda, barcha faoliyat turlari o‘rganilib, uning rivoji hamda taraqqiyoti uchun muhim vazifalar belgilanayotganligini alohida ta’kidlash mumkin.

Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu-yagona to‘g‘ri yo‘lidirdeb aytilgan fikrning o‘zigina ta’limning yanada gurkirashiga keng imkon berishini, ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirib, ta’lim dargohlarida olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlarining sifatini oshirish bo‘yicha qator masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak bo‘ladi. Darhaqiqat yurtboshimiz tomonidan Yusuf Xos Hojib bobomiz aytgan: “Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi, Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”, deya aytilgan fikr “Shu bois, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz” deb aytish, “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” singari ma’rifatparvar jadid bobolarimizning bu so‘zlari bejizga aytilmadi. 

Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri etib belgilanganligi, o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb hisoblanganligi  “Yangi O‘zbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Va men ishonaman – siz, jonkuyar o‘qituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar. Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Lo‘nda aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz” deya aytgan yurtboshimizning ishonchlari biz professor-o‘qituvchilarni va albatta o‘quvchi-talabalarni juda ruhlantirib, o‘ziga yanada ishonch,  katta motivatsiya va qanot berdi, desam adashmayman.

Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish borasida tinimsiz mehnat qilib, xorijiy tajribalarga tayangan holda yangidan-yangi  darsliklar, zamonabop o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqish, yaratish va nashr etish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etishga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalash, ilm va bilim olishga bo‘lgan e’tiborini, qobiliyati va iqtidorini yanada shakllantirib, kuchaytirish, sifatli ta’lim olishi uchun barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib sidqidildan xizmat qilishimiz zarur hamda ta’lim sifatini oshirishdagi barcha qiyinchiliklarga “labbay”, deb javob berishimiz, “qilsa bo‘ladi, qila olaman” degan katta ishonch bilan, aniq reja va maqsad sari borishimiz, albatta, yangi yutuqlar sari yetaklaydi. 

Bugungi imkoniyatlar va ertangi foydani tahlil qilish esa o‘ta muhim hisoblanadi. Bugungi ishonch, umid va maqsad, ertangi kunning imkon mevasi, aniq maqsad, puxta reja, qulay sharoit muvaffaqiyatlarga erishishning muhim omilidir. 

Malohat Joʻrayeva 

BuxMTI, Ilmiy tadqiqotlar, 

innovatsiyalar va  ilmiy-pedagog 

kadrlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i,

Filologiya fanlari doktori, professor