So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi doirasida buyuk ajdodlarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish (73-maqsad) hamda O‘zbekiston tarixini o‘rganish va targ‘ib qilishni yanada rivojlantirish (77-maqsad) masalalariga bag‘ishlangan.

O‘z yurtining betakror va so‘lim go‘shalariga sayohat qilish, asrlarga tengdosh bo‘lgan tarixiy obidalarini ziyorat qilish, go‘zal tabiatning bebaho in’omlaridan bahramand bo‘lish inson ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan omillardan sanaladi. Yurtimiz tarixi o‘ziga xosligi, mo‘jizaviyligi bilan barchani qiziqtirishi tabiiy. Ayniqsa, mamlakatimizga tashrif buyurgan mehmonlar tarixiy obidalarimizning ko‘rki va chiroyini ko‘rib, hayratga tushishadi. Xususan, Navoiyviloyatida bo‘ladigan har qanday mehmon ham noyob obidalar, qadim shahar tarixini o‘zgacha bir zavq bilan tomosha qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida qabul qilingan “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Qarorga muvofiq, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ta’minlash maqsadida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Sanoat ekologiyasi” kafedrasi dotsenti Tursunova Nargiza Nigmatovna institutning 409-20 MTX guruhi talabalari bilan 2023 yil 5 mart kuni Navoiy viloyatiga ekskursiya tashkil qildi.

Dastlab sayoxat Buxoro-Navoiy avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan “Raboti Malik karvonsaroyi”ni ziyorat qilishdan boshlandi. Raboti-Malik Navoiy shahridan 10 km uzoqlikda joylashgan Qoraxoniylar davrining tarixiy majmuasi hisoblanadi. Ushbu karvon saroy qoraxoniylardan bo‘lgan Shams al-Mulk Nasr ibn Ibrohim (1068-1080 yy.) tomonidan XI asrning 70-yillarida qurilgan. Ushbu inshoot Raboti Malik ansambli tarkibidagi saqlanib qolgan ikki tarixiy obidadan biridir. U joylashgan hudud eskidan Malikcho‘l (Cho‘li malik) deb atalib, Karmana va Tavois shaharlari o‘rtasidagi savdo yo‘lida joylashgan. Raboti Malik tarixda karvonsaroy vazifasidan tashqari, istehkom, qo‘rg‘on va savdo-sotiq markazi sifatida ham muhim o‘rin tutgan.

Raboti-Malik hududida masjidlar, gumbazli ayvonlar, hammomlar, yashash joylari, otlar va tuyalar uchun mo‘ljallangan turargohlarning vayronalari topilgan. Shuningdek sopol, metallardan ishlangan buyumlar, qimmatbaho sopol idishlar, zargarlik buyumlari, qozonlar, ko‘pgina tangalar topilgan. Minora alohida uslub va g‘aroyib texnik usullar bilan qurilgan. Karvonsaroy yaqinida esa Sardoba (suv saqlashga mo‘ljallangan sisterna) qurilgan. Sardoba o‘sha davrda sayyohlar va savdogarlar uchun ichimlik suvi saqlaydigan buloq vazifasini bajargan.

Yuksak mahorat hamda nafislik bilan bunyod etilgan ushbu nodir yodgorlikni asrab-avaylash, uni asl holida qayta qurish va ta’mirlash, maqbara va uning atrofida turistik infratuzilmaning rivojlanishiga yo‘l ochib berish asosiy vazifalarimizdan biridir. Eng muhimi, ajdodlar merosi buyuk qadriyat ekan, ularni asrash, kelajak avlodlar uchun yetkazib berish oldimizda turgan ham qarz, ham farzdir.

Navoiy shahri nisbatan yaqin orada 1960 yilda barpo etilganligi unga mamlakatning eng yosh shahri maqomini beradi. Shahar Buxorodan 110 km uzoqlikda, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan. U tog‘-kon sanoatining markazi sifatida yaratilgan, chunki uning atrofida qimmatbaho metallar va uran topilgan. Shaharga dunyoga mashhur olim, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy sharafiga nom berishgan. Shahar yangi bo‘lishiga qaramay, uni o‘rab turgan hudud uzoq va boy tarixga ega.

Navoiy viloyatida aholining mazmunli dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan maskanlar talaygina. Ayniqsa, zamonaviy ko‘rinishda barpo etilgan “Yangi hayot” savdo majmuasi hamda A.Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, ularda aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun yaratilayotgan qulayliklar, xizmat ko‘rsatish tizimi kundan-kunga yuksalib borayotganligi quvonarlidir. 

Istirohat bog‘i yaqinida «Vatanparvar bog‘i» tashkil etilgan bo‘lib, viloyat yoshlarini vatanga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i bugungi kunda o‘zgacha ko‘rk va zamonaviy qiyofaga ega bo‘lib, viloyat aholisining bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazadigan, ayniqsa, ota-onalar farzandlari bilan madaniy hordiq oladigan so‘lim maskanga aylangan.

 

Bugungi kunda Navoiy – O‘zbekistonning asosiy sanoat markazlaridan biridir. Oltindan tortib to ulkan elektrokimyo zavodigacha bo‘lgan hamma narsani ishlab chiqaradigan ko‘plab yirik sanoat korxonalari shu yerda joylashgan.

Ushbu dam olish kunidan barcha talabalar maroqli dam olganliklari uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

 

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Sanoat ekologiyasi” 

kafedrasi dotsenti Tursunova Nargiza Nigmatovna