Buxoro muhandislik-texnologiya institutida O’zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzayev ishtirokida "Ekologik barqarorlik uchun: ilmiy-amaliy yondashuvlar va echimlar"  mavzusida  ilmiy–amaliy seminar bo’lib o’tdi.   
   

Unda viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasasi professor-o’qituvchilari, doktorantlar, magistr talabalar ishtirok etdi.    

  Seminarda partiya rahbari so‘zga chiqdi.

  Bugun insoniyatning tabiatga nisbatan salbiy munosabatlari oqibatlariga guvoh bo‘lib turibmiz. Uzoq yillar mobaynida tabiatga yetkazilgan ta’sir oqibatida tabiiy muvozanatga putur yetdi. Bugungi kunga kelib esa, insoniyat tamadduni, uning ertangi taqdiri aynan shunday masalalarni hal etishni taqozo qilmoqda. Ayni chog‘da ekologik muammolarni hal etishda tejamkor, ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini izchil olib borish yoki sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ularni hal etishda yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish, tabiat ne’matlarini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash hissini shakllantirish antropogen ta’sirlarning oldini olishda asosiy omillardandir. Bunda ekologik ta’lim-tarbiyaning ahamiyati ham nihoyatda yuqori, — dedi A.Xamzayev.