Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan "Alisher Navoiy-g‘azal mulkining sultoni" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Joriy yilning 9-fevral kuni RMMM Buxoro shahar bo‘linmasi, "Oqila ayollar harakati" a’zolari hamda Buxoro muxandislik texnologiyalari instituti "Axborot kommunikasiya texnologiyalari" kafedrasi o‘qituvchisi Sharapova Nigora Amonovna hamda talabalari bilan hamkorlikda Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan "Alisher Navoiy-g‘azal mulkining sultoni" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Alisher Navoiy she’rlari, ruboyilari va g‘azallaridan bastalangan musiqiy dastur namoyish etildi. Shuningdek, g‘azal mulkining sultoni asarlaridan namunalar o‘qildi.

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutadi.

Yuksak umuminsoniy g‘oyalarini tarannum etgan ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan keng namoyon etib, sayyoramizdagi kitob muxlislari qalbidan mustahkam o‘rin egalladi. Har yili adib tavallud topgan kunni keng nishonlash ajoyib an’anaga aylandi.

Buyuk bobomiz o‘z asarlarida inson qadr-qimmatini ulug‘lab, o‘zligini anglashga undagan shoirlar sultonidir, – deydi RMMM Buxoro shahar bo‘linmasi mutaxassisi Gulbaxor Xodiyeva – Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingani ham Alisher Navoiy ilgari surgan g‘oyalarning farovon, adolatli, ma’rifatli jamiyat barpo etishda inson qadrini ulug‘lash muhim o‘rin tutishini keng namoyon etmoqda. Shu bois ham Hazrat Navoiyning asarlarini shunchaki o‘qish yoki g‘azal va ruboiylarini shunchaki yodlash emas, balki ularning mazmun-mohiyatini teran anglab, unga amal qilish jamiyatni taraqqiyot sari yetaklaydi.