Respublikada mustaqillik yillaridan boshlab tadbirkorlar faoliyatini yanada qo’llab-quvvatlash, ularga qator imkoniyat, imtiyozlar berish, faoliyatini tartibga solishga qaratilgan 1200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan. Ayniqsa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 - 2026 yillarga mo’ljallangan “Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo’yicha” 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmonida ham tadbirkorlik faoliyatini yanada qo’llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo’yicha islohotlarni davom ettirish ta’kidlangan. 

«Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo’lgan qiziqishlarini qo’llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etishga alohida  ahamiyat berilgan. 

Hozirga vaqtda oliy ta’lim muassasalarida dual ta’limni tashkil etish dolzarb vazifalardan biri bo’lib hisoblanadi.

Dual ta’lim tizimi an’anaviy ta’limga nisbatan bir nechta afzal jihatlarga ega. Talaba o’qish jarayonida korxonada amaliy ko’nikmalarga va jamoada muayyan obro’ nufuzga ega bo’ladi. Talaba ishlab chiqarishda o’zini qanday namoyish eta olganiga qarab, u institutni bitirganidan keyin xuddi shu korxonaga uni ishga taklif qilishlari mumkin. SHunday bo’lgan taqdirda u boshqa ish qidirishga vaqt sarflab o’tirmaydi, yangi lavozim majburiyatlarini egallashga harakat qilmaydi, yangi jamoaga ko’nikishi ham shart bo’lmaydi. Ko’pincha korxonada o’qish vaqtida yuqori bilim va qobiliyatni namoyish eta olgan bitiruvchini muvafaqqiyatli istiqbol kutadi.

Ish beruvchi talablarga muvofiq keluvchi (chetdan kelgan boshqa nomzodlardan farqli o’laroq) malakali mutaxassislarni qo’lga kiritadi. Pirovod natijada u yaqin kelajakda ta’lim oluvchiga sarf etgan o’z kapitalidan o’rta muddatli istiqbolda ko’proq samarani qo’lga kiritadi. Korxona xodimlarni tanlash va qayta o’qitish bilan bog’liq xarajatlarni iqtisod qilib qoladi.

Davlat dual professional ta’limning ijobiy ta’siri vositasida iqtisodiyot va jamiyat uchun siyosiy afzalliklarga ega bo’ladi. Kadrlarni tayyorlashni bunday shakli biznes ishtiroki bilan faoliyat ko’rsatuvchi mutaxassislarga bo’lgan talabni qondiradi (ishlab chiqarish ta’limi vositasida).

SHundan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Biznes va tadbirkorlik” Oliy maktabining Buxoro viloyat xududiy filiali va Buxoro muhandislik texnologiyasi instituti “Iqtisodiyot” kafedrasi hamkorligida “Tadbirkorlik va biznes” bo’yicha qisqa muddatli o’quv kurslar tashkil etilib, bunda ushbu institutning “Iqtisodiyot” (tarmoqlar va sohalar) yo’nalishida  ta’lim olayotgan talabalari faol qatnashib kelmoqda. O’quv kursining yakunida har bir talaba imtiyozli kreditlar  olish va o’z biznesini tashkil etish uchun sertifikatga ega bo’lishadi. 

Xulosa qiladigan bo’lsak, bu o’quv kurslar dual ta’limga poydevor bo’lib hisoblanadi.

“Iqtisodiyot” kafedrasi mudiri     docent A.CH.Boboev