O’ZBEK YOZUVI VA TILI TARIXI

 O’ZBEK YOZUVI VA TILI TARIXI
 
Istamova Gavhar  Xayrullayevna
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti,
“Ozbek tili va adabiyoti” kafedrasi o’qituvchisi
 
         Bizning xalq, shuning barobarida uning tili hamda yozuvi boshqa ko’pgina xalqlar qatori xalq bo’lib, millat bolib, til sifatida shakllanguncha juda murakkab, chigal, uzoq taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan. Qancha taloto’p-u bosqinlardan, to’sig’-u sinovlardan, cheklovlar-u kamsitishlardan omon chiqolgan va yashab qolgan til – o’zbek tili va yozuvi haqida, uning tarixi to’g’risida  har bir fuqaro xabardor bo’lishi lozim.
         Taxminan eramizdan avval III asrlardan milodimizning III-IV asrlarigacha ajdodlarimiz, asosan, mixxat, oromiy, so’g’d, xorazm kabi yozuvlardan foydalangan. Bu davr yozuvlarida yozilgan manbalar bizgacha saqlanmagan bo’lsa-da, turli narsa va buyumlar, tangalarda zarb qilingan namunalari yetib kelgan.
         V – VIII asrlarda O’rxun – Enasoy yozuvlaridan foydalanilgan, bu yozuv qadimgi turkiy yozuv deb ham nomlanadi. Bilga xoqon, Kultegin, To’nyuquq kabi xalqimizning qadim ajdolari O’rxun (Mongoliya), Enasoy (Enisey, Rossiya) daryolar atrofida hayot kechirishgan   toshbitiklaridagi yozuvlar qadim xalqimiz va uning yozuvi hamda tilidan, tarixi hamda madaniyatidan, xususiyatlaridan xabar beruvchi dastlabki yozma yodgorlik sifatida qimmatbaho manba hisoblanadi. Shoir aytganidek,
So’ylasin Afrosiyob-u, so’ylasin O’rxun xati
Ko’hna tarix shodasida bitta marjon, o’zbegim.
       Ajdodlarimiz VII-XII asrlarda uyg’ur yozuvidan foydalanishgan. Bu yozuv arab yozuvi bilan bir muddat yonma-yon qo’llangan. Birinchi tilshunos olim Mahmud Qoshg’ariy uyg’ur yozuvini “turkcha yozuv” deb atagan. Manbalar: Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asari, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” asari, Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asari.
   Ma’lumki, VIII  asr boshlarida O‘rta Osiyoni  arablar bosib oldi. Bu  davrda  mahalliy  zardushtiy,  ko‘p xudolilik dinlari o‘rnini  islom dini egalladi. Arab tili fan va rasmiy davlat tili  bo‘lib qoldi,  arab  yozuvi joriy etildi. VIII – XX asrlarda xalqimiz foydalangan arab yozuvi  tarixda eng uzoq (1200 yil) hukm surgan yozuvdir. E’tiborlisi shundaki, xalqimizga mansub eng boy madaniy-ma’naviy merosimiz, fanimiz, san’atimiz, milliy qadriyatlarimiz aks etgan ilmiy, falsafiy va badiiy adabiyot, jahon tamaddunida o’z munosib o’rniga ega mutafakkirlarimiz asarlari shu yozuvda aks etgan.
  Garchi arablar tufayli xalqimiz arabiy-forsiy yozuvdan foydalanishgan bo’lsa-da, bosqinchilar turkiy tilni yo’qotisholmadi, elimiz forsiy hamda turkiy tilda so’zlardi. Millatning asl o’z tili mavqeyini ko’tarish borasida hazrat Navoiy xizmati beqiyosligini xalqimiz juda yaxshi biladi, shu sabab millatimiz mutafakkir Navoiyni yuksak ehtirom ila e’zozlaydi.
        XX asr boshlarida yurtimizga ruslar tahdidi arafasida millatimiz allomalari, ziyolilari, ongi va qalbi  uyg’oq, zakiy siyosiy arboblarimiz, jadid harakati va adabiyoti vakillari millatimizning milliyligini, o’zligini saqlab qolish uchun juda katta harakat boshladilar. Shu harakat natijasi o’laroq xalqimiz 1930-1940-yillarda lotinlashtirilgan yozuvdan foydalanishdi. Biroq ular qanday katta harakat boshlashgan bo’lishsa, shunday katta qarshilikka uchrashdi, shu yurt, shu millat mustaqilligi yo’lida jonlarini qurbon qilishdi. Biz mustamlaka bo’ldik va yana hamma narsa o’zgardi: yozuv, urf-odatlar, madaniyat, ko’rinishimiz, dinimiz, axloqimiz. 1940 yildan rus-kirill yozuni ishlata boshladik, bu holat 1993-yilgacha davom etdi.
Shukrona aytishimiz joizki, fidoyi allomalarimiz Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Fayzulla Xo’jayev, Akmal Ikromov, Munavvarqori Abdurashidxonovlar o’z oldiga katta maqsad qilib qo’ygan, buyuk orzusi bo’lgan mustaqillikka xalqimiz XX asr oxirida tinch yo’l bilan erishdi. Yuqorida nomlari keltirilgan va yana qanchadan qancha  fozil-u fuzalolarimiz xizmatlarini e’tirof etganimiz holda, bugungi istiqlolimiz qadriga yetmog’imiz va shu yo’lda o’z hissamizni qo’shmog’imiz bizning oliy fuqarolik burchimizdir.
1993-yil 2-sentabrda lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi qabul qilindi, biroq bunga 1995-yil 5-6-mayda o’zgartirish kiritilda va shu alifbo 1996-yil 1-sentabrdan amalda qo’llana boshlandi.
Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etishdan maqsad quyidagilardan iborat: 1) rus yozuviga asoslangan alifbomizdagi kamchiliklarini bartaraf etish; 2) mustaqillika erishib jahonga yuz tutayotgan O`zbekiston Respublikasining xalqaro kommunikatsiya tizimiga kirishni jadallashtirish; 3) chet tillarini o`rganishda qulaylik yaratish; 4) ilg`or texnika va fan yutuqlaridan samarali foydalanish.
          Ma’lumotlarga ko’ra hozirda jahondagi xalqlar 220 xil yozuvdan foydalanadilar. Shu yozuvlardan juda keng tarqalgani lotin yozuvi bo’lib, jahon xalqlarining 30% dan ortig’i shu yozuvdan foydalanadi.
Aziz zamondoshim, millatdoshim, vatandoshim, bu xalq uchun, bu tuproq uchun ajdodlarimiz kurashib, jon fido berib xizmatni qilib qo’ygan. Siz-u bizning vazifamiz: shunday jannatmonand ozod yurtni uning mustaqilligini, o’ziga xos qadriyatlariga, ma’naviyati, madaniyatiga ega xalqni qadrlaylik, asrab-avaylaylik, o’zbekligimizni, o’zligimizni avlodlarga munosib tarzda yetkazaylik va bu buyuk ishni oliy burchimiz deb bilaylik.