ICHKI TURIZM VA QULAY IMKONIYATLAR

BuxMTI “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasi dotsenti
PhD. O.I.Rajabov
Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani sababli bu maskanlar yanada chiroy ochib yurtimiz ahli va chet ellik sayyohlarni o’ziga chorlamoqda.
O’zbekiston mustaqillikka erishgach, ajdodlarimizdan qolgan madaniy tarixiy merosga e’tibor kuchaydi, tarixiy yodgorliklar davlat nazorati ostiga olindi. Istiqlol yillarida Buxoro, Samarqand, Termiz, Xiva, Toshkent, Qo’qon, Shahrisabz kabi shaharlarda ulug’ ajdodlarimizning yuksak iste’dodi bilan bunyod etilgan obidalar o’zining haqiqiy qadr-qimmatini topdi, ularni ta’mirlash va asl qiyofasini tiklash davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 410-20 YST (xktt) guruhi talabalari ham muqaddas qadamjolar va aziz-avliyolarni ziyorat qilish hamda mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Ichki turizm va qulay imkoniyatlar” dasturi asosida pirlar makoni bo’lgan qadimiy Buxoro shaharining tarixiy maskanlar, obidalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlarga sayohat uyushtirishdi. Sayohat davomida talabalar Buxoro Arki,  Minorai Kalon,  Masjidi Kalon, Mir Arab madrasasi, Labi hovuz majmuasi, Ismoil Somoniy maqbarasi va boshqa ziyoratgohlar hamda yangi tashkil etilgan xiyobonlarni tomosha qilishib madaniy hordiq chiqarishdi.
Turizm industriyasi, xususan ichki turizm yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos turistik jozibaga ega. Qadim o‘tmishdan so‘zlovchi tarixiy yodgorliklarni ko‘rish, boy merosimizni o‘rganish  har bir kishida milliy o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantiribgina qolmay, o‘z vatani tarixini bilishga, ajdodlar merosini o‘rganish orqali shu yurt farzandi ekanligidan faxr, g‘urur tuyg‘ularini rivojlantiradi.
Buyuk bobokalonimiz Amir Temurning “…bizning kimligimizni bilmoqchi bo‘lganlar biz bunyod qilgan imoratlarni ko‘rsin…” degan so‘zlari daf’atan ko‘nglingizdan kechadi. Ushbu qadim va navqiron shaharga tashrif buyurar ekanmiz, ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan minora-yu masjidlar, xonaqoh hamda maqbaralarning salobati va mahobati kishini lol qoldiradi.
Ma’lumki Buxoroga asos solinishi qadim-qadimgi asrlar tubiga borib taqaladi. 1997 yilda YuNESKO ning qaroriga ko’ra butun madaniy dunyo uning 2500-yilligini nishonlagan edi. Afsonalar shaharning paydo bo’lishini tarixiy shaxs obrazi bilan bog’liq Zardo’shtiylik xudolaridan biri – Siyovush bilan bog’laydi. Buxoroning eng qadimiy qismi uning qal’asi – Ark hisoblanadi, bu yerda arxeologlar eramizdan avvalgi IV – III asrlarga oid bo’lgan ba’zi topilmalar borligini aniqlashdi. Bu balandligi 20 metr bo’lgan katta tepalik bo’lib, u yerda ilgari Buxoro amirining saroyi, uning harami, xazinasi, qurol-yarog’ saqlanadigan xonalari, o’ta xavfli jinoyatchilar uchun zindon bo’lgan edi. Hozirgi paytda ular qayta tiklanmoqda.
(Buxoro shahar Ark qal`asining old tomoni)
Buxoroning eng qadimiy yodgorliklaridan biri X asrning boshida Somoniylar sulolasining asoschisi tomonidan qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasidir. Maqbara usti yarim sfera shaklidagi gumbaz bilan yopilgan kub shaklidagi binodir. Somoniylar maqbarasi O’rta Osiyoning me’morchiligida bizgacha yetib kelgan, pishiq g’ishtdan qurilgan birinchi bino bo’lib, bunda g’ishtlar ham qurilish uchun, ham bezatish uchun ishlatilgan.
Shaharning asosiy va eng baland ko’tarilgan inshooti – 1127 yilda qurilgan Kalon minorasidir. Bu har tomonlama komil muhandislik inshooti, Buxoroning sathidan 47 metrga ko’tarilib turgan ulkan minoradir. O’zbekistonda eng baland bo’lgan ushbu minora tepaga chiqqan sari sal ingichkalashib boradi, uning dumaloq aylanasidan o’rab turgan halqalar turli rangdagi sirlangan g’ishtchalar bilan bezatilgan. Shu bilan birga minoradagi naqshlarning turli-tumanligi va takrorlanib kelishi sodda va komil me’morchilik shakllarini boyitadi.
Buxorodagi o’rta asrlar me’morchiligining alohida xususiyati – ko’cha yoki maydon bilan bir-biridan ajralib turgan va old yuzasi, darvozalari bilan bir-biriga qarab turgan ikkita ulkan inshootdan iborat bo’lgan majmualarning barpo etilishi edi. Shu asosda shaharning markaziy me’morchilik majmuasi yaratilgan – Poi Kalon («Ulkan inshoot osti») maydoni. Uning minorasi gumbazli o’tish yo’li bilan benihoya ulkan juma masjidi – Masjidi Kalon bilan bog’langan. Uning qarshisida XVI asrning boshida hatto bizning davrimizda ham ishlayotgan Mir-Arab madrasasi barpo etilgan.
(Buxoro shahar Eski shaharga kirish joyi)
Sharq me’morchiligi uchun sun’iy suv havzalari bo’lgan hovuzlardan nafaqat amaliy maqsadlarda, balki shaharni yanada har tomonlama bezatish uchun ham foydalanish odatdagi holdir. Buxoroda saksontadan ortiq bunday obodonlashtirilgan hovuzlar bo’lib, shaharni ta’minlab turar edi. Ulardan eng mashhur bo’lgan hovuz Labi-hovuzdir.
Yirik poytaxt-markaz bo’lgan Buxoro shahri nafaqat o’zining masjidu madrasalari, maqbarayu-mozorlari bilan, balki saroylari, hashamatli uylar, karvon-saroylar, hammomlari va ko’p gumbazli savdo majmualari bilan ham mashhur edi.
Talabalar Buxoro shahriga qilingan sayohat davomida xuddi haqiqiy sharq ertaklari kabi shahar ko‘rkiga maftun bo‘lib, uhbu sayohat ularda katta taassurotlar qoldirdi. Buyuk ipak yo‘lining markaziy shaharlaridan biri bo‘lmish Buxoroni tomosha qilar ekanlar, bu ko‘hna shaharning sharqona ruhini his qilganlarini ta’kidladilar.