Yoshlar tarbiyasi – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi muhim omil

  Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr insonga moddiy extiyojlarini qondirish kabi birlamchi vositalar safiga ilm hamda tarbiyani xam qo‘shdi. Shu tufayli inson taraqqiyot sari dadil qadam qo‘ymoqda. Koinotni zabt etishi ham aynan ilmning mahsuli ekanini bugun hech kim inkor eta olmaydi. Mustaqil mamlakatimizda insoniyatni bag‘rikenglik, poklik va mexr-oqibatga chorlovchi muqaddas dinimizni asrab-avaylashga, yosh avlodni xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ruxida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Imom Buxoriy aytganidek: “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”. Xar qanday orzu va maqsad ham ilm hamda tarbiya bilan amalga oshadi. 

  Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma'lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e'tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma'noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

  Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi sa'y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta'lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.

  Shunday ekan, bu mashaqqatli yo‘lda sobitqadam bo‘lib, bugunning imkoniyatlaridan keng foydalangan holda astoydil harakat qilaylik.

  Bugungi kunda yoshlar orasida keng joriy etilgan ushbu besh tashabbusga ko‘ra, hududlardagi madaniyat markazlari, musiqa va san'at maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holati keskin yaxshilandi, yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha yana 1,5 mingta to‘garak tashkil etildi. Hatto eng chekka qishloqlardagi madaniyat markazlarida ham badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “Yoshlar klublari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

  Xususan Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ham talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadaida 89 ta turli xildagi ilmiy, sport va badiiy to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, uch minga yaqin talabalar doimiy ravishda shug‘ullanib qelmoqda. Ayniqsa bugungi kunda Zakovat intelektual o‘yiniga prezidentimiz tomonlaridan berilayotgan e'tibor tufayli institut talabalari orasida qiziquvchilar soni keskin oshib bormoqda. 

 O‘z navbatida, O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlarning negizi hisoblangan ta'lim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda ta'lim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi. Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yurtimizda izlab topilmoqda. O‘zbekiston rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta'lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta'kidlamoqda.

Zero, yoshlar–davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi, ertasining egalari. Ular tom ma'noda, O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir.

 

Yoshlar masalalari, ma’naviyat-ma’rifat  ishlari bo‘yicha birinchi prorektor:      Doniyor G‘afurov