Ta’lim sohasidagi islohotlar va «O‘zbekiston-2030» strategiyasining o‘rni

 2025-yil Davlat dasturi ta’lim sohasida bir qator yirik islohotlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu islohotlar ta’lim tizimining sifatini oshirish, ta’lim oluvchilarning zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va yangi pedagogik metodlarni joriy etish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, oliy ta’limni rivojlantirish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli ta’lim tizimini joriy etish ham rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi ta’lim sohasida bir qator muhim maqsadlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Ularning asosiylari — ta’lim tizimining global talablar va innovatsiyalar bilan uyg‘unlashgan holda rivojlanishini ta’minlash, inklyuziv ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, barcha yoshdagi fuqarolarni ta’lim olish imkoniyatlari bilan ta’minlash bo’lib hisoblanadi. Shuningdek, strategiya yoshlarning ijodiy va ilmiy salohiyatini rivojlantirishga, raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etishga, oliy ta’limda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Ta’lim sohasidagi islohotlar va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik mavjud. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi ta’lim sohasidagi global tendensiyalarga javoban, jahon tajribasidan foydalangan holda, uzluksiz ta’lim tizimini yaratish, raqamli texnologiyalarni ta’limga joriy etish va yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishni ta’kidlaydi. 2025-yil Davlat dasturi esa bu strategiyaning bir qismi bo'lib, unga mos ravishda maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni jumladan o‘qituvchilarning malakasini oshirish, yangi pedagogik metodlarni tatbiq etish va zamonaviy ta’lim resurslarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Ta’lim tizimining sifatini oshirish uchun bir qator aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Birinchidan, o‘qituvchilarning malakasini oshirish uchun maxsus treninglar va sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Ikkinchidan, ta’lim dasturlari va o‘quv materiallari yangilanadi, zamonaviy pedagogik metodlar va texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etiladi. Shuningdek, ta’limda raqamli texnologiyalarni qo‘llashni rivojlantirish, masofaviy ta’lim platformalarini kengaytirish va ta’lim muassasalarida infratuzilmani yaxshilash kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim tizimida eng katta o‘zgarishlar sifatida xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim dasturlarini takomillashtirish va ta’lim muassasalari hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan. "O‘zbekiston-2030" strategiyasi doirasida oliy ta’limda sifatni oshirish, talabalarga zamonaviy bilimlar va ko'nikmalarni berish, shuningdek, ish beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilinmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus grantlar ajratish, startaplar va ilmiy markazlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Islohotlarning asosiy maqsadi — o‘quvchilar va talabalar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sifatli bilim va ko‘nikmalarni egallashini ta’minlashdir. Bundan tashqari, ta’lim tizimining yangilanishi natijasida talabalarda mustaqil fikrlash, kreativlik va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish imkoniyatlari paydo bo'ladi. Raqamli ta’lim tizimlarining rivojlanishi orqali esa, masofaviy ta’lim olish imkoniyatlari yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, yoshlarning ish topish imkoniyatlarini oshiradi, iqtisodiy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan kadrlarni tayyorlaydi.

Amonov Mahmud Idris o‘g‘li

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti,

Transport muhandisligi va metallar texnologiyasi kafedrasi

dotsenti t.f.f.d (PhD).