O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva “Ayol va jamiyat: muammo va yechim” mavzusidagi forumda ishtirok etish maqsadida tashrif buyurdi.  

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Buxoro viloyati hokimligi, viloyat oliy ta’lim muassasalari hamkorligida 11-fevral – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Ilmli ayol - jamiyat ko'zgusi" haftaligi doirasida “Ayol va jamiyat: muammo va yechim” mavzusida forumi o‘tkazildi. Forum boshlanishidan oldin Senat raisi Tanzila Narbayeva olima ayollarning ilmiy va innovatsion ishlanmalari ko‘rgazmasida ishtirok etib loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Oliygohimiz o‘qituvchisi Nafisa Jo‘rayevaning “Omega6 va Omega3 yog‘ kislotalari nisbati muvozanatlashtirilgan oziq-ovqat yog‘-unli mahsulot va uni olish usuli” mavzusidagi loyihasi bilan tanishib ushbu ixtironing naqadar muhimligi Senat raisi tomonidan e’tirof etildi. 

“Ilmli ayol - jamiyat koʻzgusi” haftaligi doirasida “Ayol va jamiyat: muammo va yechim” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

  Mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat hokimi o‘rinbosari Hafiza Artikova, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova,  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi, viloyat OTMlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, loyihalar va ishlanmalar mualliflalari, Zulfiyaxonim izdoshlari ishtirok etishdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva:

Bugungi kunda yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz Senatorlari hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish maqsadida yurtimiz boʼylab tashriflari amalga oshirilmoqda. Bugun, 11-fevral kuni, Senat aʼzolarining Buxoro viloyatiga tashrifi "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni"ga toʼgʼri kelganligi bir baxt! Chunki Buxoro viloyati ayollari yuksak ilmiy salohiyat egasi. Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri darajasiga koʻtarildi. BMT kotibining O‘zbekistonga tashrifi chogʻida Respublikamiz Prezidentini genderchempion deya eʼtirof etishida ham mamlakatlarimiz idoralarida, ayniqsa, rahbar lavozimlarda xotin-qizlar salmoqli oʼrin tutishi sababdir.
Shu fursatdan foydalanib, viloyat ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlarni samimiy qutlayman, oilaviy xotirjamlik, yuksak zafarlar tilayman!

 

Shuningdek forum doirasida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori, dotsent Sadoqat Siddiqova so‘zga chiqdi:

So‘nggi yillar mobaynida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ilm-fan sohasining barcha tarmoqlarini rivojlantirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ayollarning nufuzini oshirish, ma’naviy barkamol, komil avlodni tarbiyalashda ularning o‘rni beqiyosligi  mamlakatimizda  qabul qilinayotgan Farmon va qarorlarda ham belgilab borilmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ayollarning jamiyatdagi o‘rniga yuqori  baho berib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo‘lishlari hamda sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu islohotlar natijasida siyosiy-ma’naviy, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda xotin-qizlarning faol ishtiroki ko‘zga tashlanmoqda.