Joriy yil 27 noyabr kuni Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga “Muhandislik va iqtisodiyot” jurnali muharriri Sherzod Qurbonov bilan institut rektori Sadoqat Siddiqova samarali muloqot olib bordi.

Tashrif davomida institutda tashkil etilgan Muhandislik maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishildi va uning zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishdagi oʻrni haqida fikr almashildi. 

Muloqotda muhandislik taʼlimi va uning sanoat rivojidagi strategik ahamiyatini taʼkidlab, bu borada muhim takliflar berildi. 

— Muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, kechagi muhandislar bilan bugungi muhandislik maktablari tayyorlayotgan mutaxassislar oʻrtasida katta farq bor, — dedi Sherzod Qurbonov. — Kechagi muhandislar mavjud dastgohlarning ishlashini nazorat qilgan boʻlsa, bugungi muhandislar yangi texnologiyalarni yaratadi va ularni ishlab chiqarishga samarali yoʻnaltiradi.

Muhandislik maktabining texnologik imkoniyatlari va institutda tashkil etilgan virtual inshootlar markazi diqqatga sazovor boʻldi. 

 Ushbu inshootlar orqali neft-gaz, energetika va boshqa strategik tarmoqlarda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, mahsulotlarning qoʻshimcha qiymatini oshirish va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha muhim istiqbollar mavjud ekani qayd etildi. Аyniqsa, bunday inshootlar yordamida ekologik xavfsiz va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish imkoniyati eʼtirof etildi.

 Tashrif davomida muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni targʻib qilish, ilmiy maqolalar yozish, xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtirok etish va dolzarb texnik adabiyotlarni mazkur maktablar uchun yaratish boʼyicha takliflar ilgari surildi. Jurnal tahririyati ushbu jarayonlarni ilmiy hamjamiyatga yetkazish va ommalashtirishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. 

Shuningdek, muhandislik maktablari faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni taʼlimga joriy qilishdagi institut tajribasini ilmiy-amaliy konferentsiyalar tashkil qilish orqali yanada qoʻllab-quvvatlash, ommalashtirish boʻyicha ham fikr almashildi.

 Rektor Sadoqat Siddiqova muhandislik maktablarining milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishdagi oʻrni haqida gapirar ekan, ularning yetakchi xorijiy universitetlar bilan integratsiyasini kuchaytirish va qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida chora-tadbirlar ishlab chivilganmni taʼkidladi. Bunday tashabbuslar Oʻzbekistonning global muhandislik hamjamiyatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tashrif davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar milliy sanoat va muhandislik tizimining istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, ularning amaliyotga keng tatbiq etish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.