KUTUBXONALARDA TEZKOR AXBOROT ALMASHINUVINING KORPORATIV TIZIMLARI

 

 Kutubxonalar qadim zamonlardanoq jamiyat hayotining ajralmas qismi hisoblangan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘l-yozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbaalar bizgacha yetib kelgan. Bundan tashqari, millat taraqqiyoti, mamlakat rivoji, ilm-fan rivojlanishi, kadrlar salohiyatini oshirishda kutubxonalarning o‘rni beqiyosdir. 

 Hozirda ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) jadal taraqqiy etib borayotgan sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, bandlik, qishloq xo’jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm, kutubxona va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda. Jamiyatda global va axborot xususiyatlari ustun kelmoqda. Milliy siyosatlar va iqtisodiyotlarning yaqinlashuvi va bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanib borishi borgan sari global miqyosni olmoqda.

 Ta’lim muassasalarida zamonaviy bilimlarni berish bevosita kutubxonalar faoliyatiga ham bog‘liq. Kutubxonalarining zamonaviy jamiyatdagi o‘rni asosan ularning ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi bilan belgilanadi. Kutubxona deganda ko‘p jabhalarda: ta’lim, madaniyat va davlat qurilishida yetakchi rol o‘ynaydigan maxsus ijtimoiy muassasa tushuniladi. U ijtimoiy institut sifatida jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini eng yuqori darajada qondiradi. Agar yaqin vaqtgacha kutubxona an’anaviy madaniyat va ma’naviy merosning ramzi bo‘lgan bo‘lsa, endi u eng yangi texnologiyalar qo‘llaniladigan asosiy joylardan biriga aylanmoqda.

Kitoblar elektron shaklga o‘tkazilib, biror dastur ilovasi yoki alohida saytlarga joylashtirilishi foydalanuvchilarga ularni tezroq topish, bir vaqtning o‘zida bir joyda turib, bir nechta kutubxona bazalari bilan tanishish, ulardan foydalanish imkoniyatini beradi, shuningdek bosma kitobga ketadigan xarajatlarni kamaytirgan holda uning ko‘proq foydalanuvchiga yetib borishiga xizmat qiladi. Yaxshi ma’lumki, nodir kitoblarning bosma nashrlari juda kam, ammo ularga talab bir necha marta ko‘p. Shu bois bosma nashrlarni va nodir kitoblarni elektron shaklga o‘tkazish ularni kelajak avlod uchun asrab, saqlab qolish, kengroq targ‘ib qilish uchun kutubxonalar “Elektron kutubxona” deb nomlangan dasturlar yaratib, ularni saytlariga biriktirib qo‘yishmoqda.

 

Butun dunyoda elektron kutubxona axborot texnologiyalarini joriy etishning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Amerika universitetlarining kutubxonalari uzoq vaqtdan beri elektron kutubxonaga aylantirilgan. Elektron kutubxona bu shunchaki raqamlashtirilgan kitoblar, davriy nashrlar, audio va video materiallar to‘plami emas. Bular mavjud ma’lumotlarning barcha turlarini (telefon, radio, televidenia, kino va bosma materiallar - kitoblar, jurnallar, gazetalar, ilmiy ishlar) birlashtirgan korporativ taqsimlangan axborot tarmoqlari. Bunday kutubxona so‘rovga javoban turli bilim sohalaridan ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

Korporativ tarmoq-bu bir tashkilotning (korporatsiyaning) turli tugunlari va bo‘linmalari o‘rtasida ma’lumotlar, resurslar va aloqa almashish uchun mo‘ljallangan yaxlit axborot tarmog‘idir.

Korporativ tarmoq uskunalari ma’lumotlarni uzatish uchun barcha shaxsiy kompyuterlarni bitta jismoniy vositaga ulash uchun ishlatiladi.

Korporativ tarmoqlar global yoki mahalliy bo’lishi mumkin. Hozirda dunyo miqyosida kutubxonalar o’zlarining keng foydalanuvchilari uchun Internet global tarmog’idan korporativ tarmoq sifatida foydalanib, unda o’z korporativ saytlarini joylashtirmoqdalar. Bu faoliyat o‘tgan asrning 90 yillaridan boshlangan.

Korporativ veb-sayt kompaniyani taqdim etadigan, o‘z mahsulot va xizmatlarini mijozlarga, investorlarga, hamkorlarga, potentsial xodimlarga taklif qiladigan va ulardan hamkorlik qilish uchun arizalarni to’plashga yordam beradigan asosiy platformadir.

Korporativ kutubxona jamoaning yaxlitligi va kompaniyaning barcha xodimlarining yagona axborot bazasiga sodiqligining ko‘rsatkichi sifatida xodimlar o‘rtasida o’zaro tushunishni ta’minlash uchun yagona axborot muhiti sifatida tavsiflanadi.

Bu jarayonlar, o‘z navbatida, O‘zbekiston oliy ta’lim mussasalari kutubxonalar faoliyatida ham o‘zgarishlarga olib keldi va natijada “Yagona ta’lim axborot muhitini rivojlantirish” maqsadida yagona UNILIBRARY.UZ korporativ sayti tashkil qilindi, u to‘ldirilmoqda va takomillashtirilmoqda. Portalga qo‘yiladigan muayyan talablar quyidagilardan iborat: 24 soat davomida ishlash; axborot resurslarining ta’limning barcha darajalariga mos kelishi; sertifikatlangan resurslarni kiritish. Unga oliy ta’lim mussasalari kutubxonalari o‘z bosma nashrlarini elektron shaklga o‘tkazib qo’shishmoqda. Chunki, kutubxonalar fondidagi asosiy kitoblar ilgari nashr etilgan, ularni elektron shaklga o‘tkazish kerak bo‘lib, bu raqamlashtirilgan resurslarni qayta ishlash xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayonda sifatsiz skaner qilingan kitoblar ustida ishlanadi, elektron ko‘rinishda tozalanadi, rang beriladi. Kitob, gazeta, avtoreferatlar, nodir nashrlar elektron shaklga o‘girilib, saytga joylanib kitobxonga taqdim etilmoqda.

Natijada, ta’lim muassasalari kutubxonalarining axborot resurslari yagona madaniy axborot-ma’rifiy makonning muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda, kutubxonalarning o‘zi esa mahalliy va global axborot-resurslaridan foydalanish imkonini beruvchi axborot-ta’lim markazlariga aylanmoqda.

Yangi axborot texnologiyalari ta’lim muassasalarining mahalliy tarmog‘i darajasida va global tarmoq darajasida tarmoq o‘zaro ta’sirini o‘tkazish imkoniyatini ochdi. Ular ta’lim sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Korporativ omil shaxslararo va kasbiy munosabatlarga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda, ular o‘zaro munosabatlarning yangi shakllari: assotsiatsiyalar, konsortsiumlar, turli kutubxonalar birlashmalari orqali amalga oshiriladi. 

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti axborot-resurs markazi xodimlari tomonidan institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlarni kundalik hayot ma‘lumotlari hamda turli savol va so‘roqlarini elektron ta‘minlash maqsadida, “Bux MTI elektron kutubxonasi rasmiy chat guruhi kanali faoliyat yurutub kelmoqda. BUXMTI elektron kutubxona saytida esa 9344 nomda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, mа’ruza mаtnlari, o‘quv-uslubiy ko‘rsatmalar, badiiy adabiyotlar joylashtirilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 13-iyul 225-sonli buyrug‘iga asosan ARM fondidagi  o‘quv va ilmiy adabiyotlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish  hamda vazirlik huzurida yagona "Elektron kutubxona" platformasiga   kiritish ishlari 2022 yil 5-avgustdan boshlandi. Hozirgi kunga qadar 11421 nomdagi adabiyotlar nusxa oluvchi qurilmalar orqali elektron shaklga o‘tkazildi, tuzatildi, ixchamlashtirilib PDF formatda UNILIBRARY.UZ platformasiga kiritildi. Platformaga  kiritish ishlari bo‘yicha ARM xodimlaridan 6 nafari mas’ul etib tayinlandi. Institut professor-o‘qituvchilari va talabalar platformadan qanday foydalanish va unga a’zo bo‘lishlari bo‘yicha video taqdimot tayyorlandi hamda telegramm kanallariga joylashtirildi.  O‘qituvchi-professorlar va talabalarning  vaqtini tejash hamda elektron  resurslardan foydalanishlari uchun “Elektron kutubxona” platformasiga  kiritilgan adabiyotlarning 9774 nomda  o‘quv qo‘llanma va darsliklar, 1017 nomda ilmiy  dissertatsiyalar, 630 nomda monografiyalar tashkil etadi. Foydalanuvchilar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi 136 ta OTM ARMlarining platformaga kiritilgan adabiyotlaridan erkin foydalanish imkoniyatlariga ega.

Shuni ta’kidlash kerakki, oliy ta’limi muassasasi kutubxonalarining ahamiyati ortib bormoqda va u nafaqat kutubxona fondi ko‘rsatkichlari va obuna bo‘lgan davriy nashrlar soni, balki axborotdan keng foydalanish bilan ham belgilanadi. Zamonaviy oliy ta’lim muassasa kutubxonasi murakkablik tamoyillari, an’anaviy va elektron resurslar turlarining oqilona kombinatsiyasi, foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlarini qondirish, o‘z faoliyatidagi dinamiklik va amaliylik bilan ajralib turadi, bu esa korporativ institutlarning samarali rivojlanishi va hamkorligi uchun barcha talablarga javob beradi.

 

Mavjuda Husenova 

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti

Axborot-resurs markazi direktori.