Kasb tanlash katta hayot yo‘lidagi eng muhim qadamdir. Inson hayotda o‘zini baxtli his etishi uchun albatta, atrofida mehribon, sevimli insonlar bo‘lishidan tashqari, o‘z qiziqishi bilan amalga oshiradigan kasb-hunarga ham ega bo‘lishi zarur. Ba’zi yoshlar ko‘p yillar orzu qilib yurgan mutaxassislik uchun oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish damlari yaqinlashganda, «Men kelajakda shu sohaning mutaxassisi bo‘la olamanmi, bunga mening bilimim va iqtidorim yetadimi?» — deb o‘ylanib qoladilar. Asosiysi, yoshlar to‘g‘ri yo‘lni tanlash o‘z hayotlari oldida juda katta mas’uliyatli vazifa ekanligini yaxshi bilishlari va faqatgina qiziqishlari yuqori bo‘lgan kasb sirlarini egallashga intilishlari zarur.

Ma’lumki, jamiyat taraqqiyotida barcha kasb-hunar va mutaxassislik sohalari ham o‘z dolzarb o‘rniga ega. Ular qatorida jadal sur’atda rivojlanib borayotgan iqtisodiyot yo‘nalishlarida mutaxassislarni tayyorlash ham muhim ahamiyatga molik. Buxoro muhandislik-texnoligiya instituti “Iqtisodiyot” kafedrasi respublikamizda tarmoqlar va sohalar bo`yicha iqtisodchi kadrlar tayyorlaydi.

2022 yil 22 aprel kuni "Iqtisodiyot" kafedrasining bir qator professor-o‘qituvchilari dotsent Xasanova G.D., katta o‘qituvchilar Rasulova N.N., Jumaeva Z.Q. Buxoro shahridagi 8-umumta`lim maktabida bo‘lib, bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan davra suhbati tashkillashtirishdi. Davra suhbati davomida 2022-2023 o‘quv yilida Buxoro muhandislik-institutiga o‘qishga hujjat topshirish va o‘qish masalalari bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Bunda o`quvchilarga iqtisodiyotning jamiyat hayotidagi o`rni, iqtisodchi kadrlarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi roli to`g`risida suhbat asosida fikrlar bildirildi.