Vatan - bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni to‘kilgan muqaddas dargohdir. Vatan - bu ajdodlar maskani, el-yurt, xalq voyaga yetgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari chinakamiga shakllanib, o‘sib, kamol topib boradigan zamindir.

Vatan deganda, hamisha o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan, ko‘z ochib ko‘rgan, ta’lim-tarbiya olib voyaga yetgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab o‘tgan, ularning aql-idroki, mehnati sarf qilingan yurt ko‘z oldimizga keladi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Iqtisodiyot” kafedrasi o`qituvchilari tomonidan 1-sonli talabalar turar joyida yoshlarda vatanparvarlik hissini tarbiyalash, ularning jonajon Vataniga mehrni singdirish maqsadida 15 sentabr kuni “Eng ulug‘, eng aziz Vatan uchun yashaylik” nomli tadbir o‘tkazildi.

 

Mavzuga doir taqdimot orqali Vatanni eng oliy ne’mat singari boshimiz uzra baland ko‘tarib, har on va har soniyada uning tuprog‘ini ko‘zlarga surtib, unga ta’zim bajo aylashimiz farzandlik burchimiz ekanligi to‘g‘risida fikr yuritildi. Muqaddas hadisi shariflarda «Vatanni sevmoq iymondandir», deyilgan. Ya’ni iymoni but, vijdoni pok har bir inson vatanni sevadi, uni g‘animlar ko‘zidan asraydi, uning yashnashi va yashashi, hurligi uchun kurashadi. Talabalarga ushbu fikrlarni tasdiqlovchi videorolik namoyish etildi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar Vatanni tarannum etuvchi she’rlar o‘qidilar hamda shu mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar. Kafedra o‘qituvchilari va magistrlari tomonidan “O‘zbekiston to‘g‘risidagi faktlarni bilasizmi” nomli viktorinada faol qatnashib, eng ko‘p savollarga to‘g‘ri javob bergan talabalarga sovg‘alar topshirildi.

 

Tadbir yakunida Vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘u ekanligi, insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona-Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanishi haqida ta’kidlandi.