Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Adilov Baxtiyor Alisherovich tashrif buyurdi. Hokim o‘rinbosari dastlab institutdagi shart-sharoitlar hamda magistrlardan iborat “Loyiha guruhlari”ning taqdimoti bilan tanishib chiqdi. So‘ngra “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda institut rektori Sadoqat Siddiqova, institut mas’ullari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilab olinganligi ta’kidlab o‘tildi. Ular bilan doimiy ravishda uchrashuvlar o‘tkazilib, qiziqishi, muammo va kamchiliklari o‘rganilib, bartaraf etish bo‘yicha yordam va tavsiyalar berilmoqda. Muloqot davomida bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ta’lim sifatini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Institutdagi yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. So‘nggi yillarda o‘sib kelayotan avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, yoshlar masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganligi ta’kidlandi. Uchrashuv davomida talabalar tomonidan “ “Hokim stipendiyasi”ni joriy etish, viloyat miqyosida tashkil etilayotgan tanlov nizomlarda belgilangan ishtirokchilar sonini oshirish, sport musobaqalari bo‘yicha “Hokim kubogi”ni tashkil etish kabi takliflar bildirildi.