Buxoro muhandislik-texnologiya institutida taniqli olim va adiblar Olim Toshboyev, Ochil Tohirov, Shodmon Sulaymonov tashrif buyurdi.

  Dastlab mehmonlar institutda tashkil etilgan ko‘rgazma va loyihalar bilan tanishib chiqdilar. Ko‘rgazmadagi ilm-fan va ishlab chiqarishga oid yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, mashinasozlik, oziq-ovqat, zamonaviy qurilish materiallari, to‘qimachilik va yengil sanoat tarmoqlaridagi mahsulotlar, robototexnika, dizayner talabalarning liboslar namoyishi mehmonlarga katta qiziqish uyg‘otdi.

Olim va adiblar institut rektori Sadoqat Siddiqova bilan samimiy suhbat olib borishdi. Suhbat davomida adib va shoir Ochil Tohirov o‘zbek ayoli — jamiyat gultoji ekanligini ta’kidlab, jahon mamlakatlari ichra o‘zbek ayolidek kuyunchak ona, millat kelajagi uchun fidoyi oqila ayollar yo‘qligini aytib o‘tdi.

  Shuningdek, mehmonlar Buxoro shahrining har bir go‘shasida – boy tarixga ega minoralar, osori- atiqalar, muqaddas qadamjolar va obidalarda olis o‘tmishning aks-sadosi, qoldirgan izi borligini faxr ila tilga oldi.

 Suhbat so‘ngida Ochil Tohirov o‘zining qalamiga mansub asarini oliygoh rektori va prorektoriga sovg‘a qildi.