O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil, 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-sonli qarori ijrosi yuzasidan Buxoro muhandislik-texnologiya institutida Buxoro viloyati prokurori Ulug‘bek Xamdamov boshchiligidagi mutasaddilar tomonidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Buxoro viloyati prokurori Ulug'bek Xamdamov:

-Tabiiy zahiralar hammaning mulki: yagona chora uni tejash. Uyimizdagi elektr lampochkalariga sarf etilayotgan elektr toki, issiqlik elektr stansiyalarda katta miqdordagi yoqilg‘ining sarf etilishi natijasida ishlab chiqariladi. Yoki gaz sanoatida yer bagʻridan tabiiy gaz chiqarish, qattiq va suyuq yoqilgʻilardan sunʼiy gaz olish, aholi va sanoat taʼminoti uchun quvurlardan gaz yuborish kabi jarayonlar juda murakkab hamda tabiiy resurslarni ko’p sarflanishiga olib keladi. Ulardan chiqarilayotgan zaharli gazlar atomosferaning ifloslanishiga, haroratning oshishiga sabab bo‘ladi. Biz allaqachon kelajak haqida o‘ylashimiz lozim edi, hozir yuz berayotgan barcha hodisalar o‘nlab yillar davomidagi harakatsizlikning oqibatidir. Tabiiy resurslarni kelajak avlodga yetkazish biz uchun ham qarz, ham farzdir. "Yoqilg'i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorning ijrosini ta’minlash biz uchun barqaror ekologik muhitni ta’minlashga imkon beradi. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlash taraqqiyotning eng asosiy va zaruriy sharti hisoblanadi.

 

Shuningdek mutasaddi tashkilot vakillari oliygohda yaratilgan sharoitlar xususan, “Mashinasozlik” texnoparki Ofis-registrator, Coworking markazi hamda Karyera markazi bilan tanishib chiqishdi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova:

-Ofis-registratorda barcha sohadagi murojaatlar markazlashgan holda o‘rganilib, hal etiladi. Shuningdek talabalar, abituriyentlar va ularning yaqinlariga oliy ta’lim tizimidagi dasturlar haqida ma’lumot beriladi. Ushbu markaz to’liq raqamlashtirilgan, murojaatchilarga qulay bo‘lishi uchun navbatga olish uskunasi orqali elektron navbat olish imkoniyati mavjud.