Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni, kirib kelayotgan Yangi 2025-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yangi yil bu yana izlanish, bilim olish, yangi imkoniyatlar degani. Ayniqsa yoshlar, iste’dodlaringizga shubhalanmang, yangi qiziqish ufqlarini oching, orzu qiling va harakat qiling.
Har bir yangi yil siz uchun ajoyib, yorqin va betakror bo‘lsin! Siz yashayotgan har bir kun sizning orzularingiz va farovonligingiz sari ulkan qadam bo'lsin. Sizga va siz orqali oilangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman!
Shu oʻrinda 2024-yil davomida institutimiz jamoasining mehnatlari samarasi boʻlmish erishgan yutuqlarni mamnuniyat bilan keltirib oʻtmoqchiman. 2024-yilda Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti – Times Higher Education agentligi o‘zining World University Rankings – 2024 reyting natijalarini e’lon qildi hamda unda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “reporter” maqomida qayd etilib, TOP-1000 talik reytingdan joy olish uchun davogar bo‘ldi. Shuningdek Barqarorlikni ta’minlashga intilgan universitetlarning global reytingida (UI GreenMetric World University Rankings 2024) 858 o‘rinni yegalladi. 2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari yangi reytingidan o‘rin oldi.
Respublikada birinchilardan bo‘lib, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “O‘zbekneftegaz” AJ hamkorligida “KIBERNEFTGAZ” oliy muhandislik maktabi tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan “ENG FIDOYI USTOZ II” tanlovi o‘tkazildi. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti 3 nafar professor-o‘qituvchisi sovrinli o‘rinlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodi uchun kadrlar tayyorlash dasturi doirasida beshinchi bor o‘tkazilayotgan kompaniyaning stipendiyalar dasturi tanlovi e’lon qilinib, tanlov natijalariga ko‘ra, Buxoro muhandislik-texnologiya institutining 1 nafar talabasi "Uzbekistan GTL" kompaniyasining 2023-2024 o‘quv yili uchun stipendiyasining g‘olibi bo‘ldi. Viloyat bosqichida “Talabalar teatr studiyasi” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi. 11 nafar talaba respublika tanlovlari g‘olibi bo‘ldi. Jami 8 nafar talabamiz nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘ldi.
43 ta tadqiqotchilar (36 nafari PhD va 7 nafar DSc) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy darajali diplomlarga ega bo‘lishdi, 50 nafar olimlarimiz professorlik (13 nafar) va dotsentlik (37 nafar) ilmiy unvonlarini qo‘lga kiritishdi.
O‘tkazilgan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlarda institutning 500 ga yaqin professor-o‘qituvchilari, 300 ga yaqin tayanch doktorant, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, shuningdek, 120 nafar magistr va 200 dan ortiq iqtidorli talabalar tomonidan ma’ruzalar qilindi va 1000 dan ortiq maqolalari chop etildi. Xalqaro anjumanlarda O‘zbekiston olimlari tomonidan jami 250 dan ortiq maqolalar Ssopus bazasidagi jurnallarda chop etildi. 14 ta ilmiy markaz, 1 ta “Mashinasoz” texnoparki, 4 ta spin off tashkil etildi.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan 57 ta sanoat (ishlab chiqarish korxonalari) o‘rtasida hamkorlik natijasida umumiy qiymati 10.7 mlrd so‘mlik 114 ta ilmiy loyiha tijoratlashtirildi. Chet davlatlardagi elchilari, konsulliklari yordamida soha bo‘yicha yetakchi TOP-300 talikga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Cooperation.uz platformasida jami 10.2 mlrd. so‘mlik 41 ta shartnoma imzolandi.
Talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalarini raqamlashtirish maqsadida “Registrator ofisi” tashkil etildi. Muhandis kadrlar tayyorlash jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni bartaraf etish maqsadida “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida 20 ta kafedra filiali, 15 ta korxonada dual ta’lim shakli tashkil etildi. Institut hamda 103 ta ishlab chiqaruvchilar, tarmoq korxonalari bilan hamkorligi takomillashtirilib, 396 nafar professor-o‘qituvchilarning mazkur korxonalarda stajirovka o‘tashlari uchun sharoitlar yaratildi.
Yoshlar bilan ishlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha o‘rganishlar tashkil etildi hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Institutda “Talabalar ligasi” va “Besh tashabbus” olimpiadalari o‘tkazilib, jami 3000 nafar talaba qamrab olindi. Viloyatning 200 dan ortiq mahallalari o‘rganilib, ularni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ilmiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Hurmatli jamoa! 2025 yilda ushbu yutuqlarimiz bardavom bo‘lishiga ishonchim komil va albatta yanada yuksak marralarga erishamiz. Bu borada barchangizga omad va zafarlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!