Blog

Yurt va millatga sadoqat – xalq qalbida mangu yashaydi

Firdavs Murtazoyev., E va ICHAKT fakulteti 2 kurs talabasi

Tarixning shunday davr va damlar bo`ladiki, vaqt tushunchasi ularning mazmun-mohiyatini to`laqonli ochib berishga ojizlik qiladi. Moziy uchun oniy soniyaday sanalsada, ular millatning taqdiriga, milliy va ma`naviy tarraqqiyotiga bevosita daxldor bo`lib, tarix zarvaraqlaridan mustahkam o`rin oladilar.

O`tgan asr, taassufki, xalqimiz hayotiga o`zining shiddatli taloto`plari, murakkab evrilishlari, ijtimoiy larzalari, kutilgan va kutilmagan burilishlari bilan kirib keldi. Mana shunday beqaror tarixiy davr va ijtimoiy vaziyatning o`zi ulkan fazilatlarga ega bo`lgan shaxsni maydonga chiqaradi. yo`lboshchi shaxs esa, tasodif emas. U o`z xalqining maqsadlariga, orzu-umidlariga, intilishlariga, sevinchu iztiroblariga, baxtli va sitamli onlarining guvohi bo`lib, yaxlit jamiyat ma`naviy- ruhiy sharoitda shakllanadi, rivojlanadi, kamolotga etadi.

Tarixning yaratuvchisi-xalqdir. Lekin xalqning qalbini, yuragini uyg`otadigan, uni ezgu g`oyalar bilan qurollantiradigan, unga o`zligini anglatadigan, o`z oldiga ulug` maqsadlar qo`yishga o`rgatadigan, mudrab yotgan milliy g`ururni, azmu shijoatni uyg`otadigan kuch – tarixiy shaxsdir. O`z yurtining o`tmishi va kelajagini turli ranglardan xoli etib, Vatan uchun, xalq uchun butun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishdan cho`chimaydigan, millatning asriy orzu hamda armonlarining ifodasi bo`lgan zot – tarixiy yo`lboshchidir. Ana shunday yo`lboshchilar va etakchilar bilan xalqimizni hamisha tarix munosib siylaganki, o`z o`rnimizga va vaznimizga ega millat va davlat sifatida bugungi  kunda boshimizni mag`rur ko`tarib yuribmiz. Istiqlol esa bizga ana shunday tarixiy shaxslarga xolisona baho berish, tarixiy adolatni tiklash, insonning qadr-qimmatini joyiga qo`ya oladigan imkoniyat berganligi uchun ham qadrlidir.

Xalqimiz o`tgan asrning oxirgi o`n yiliga qadar, istibdod zanjirlari,  qizil saltanat iskanjasida, uning g`ayriinsoniy mafkurasi va soxta qadriyatlari ostida yashadi. O`ta og`ir va murakkab sharoitda hamda davrning qaltis sinovlariga bardosh berib, ne baxtki, xalqimizning buyuk bardoshi, sabr-qanoati, vazmin, jonsabil hamda millat dardi bilan yashaydigan rahbarlari rahnamoligida, bu sinovlardan, taloto`pu va qatag`onlardan ko`p ziyon-zahmat ko`rmay, mustaqil yangi jamiyat barpo etish, barkamol avlod voyaga etkazish kabi maqsadlarimizning poydevori yaratildi. Istiqlolimiz tagzamini yaratishda o`z aqliy va ijodiy salohiyatini baxsh etgan, O`zbekistonga ko`p yillar xizmat qilgan, xalqimizning atoqli farzandi Sharof Rashidov alohida o`rin tutadi.

Xalqimiz el-yurt uchun jon kuydirib ishlagan, shu ulug` yo`lda umrini tikkan farzandlarini hamisha e`zozlagan. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qilgan millat farzandlarining nomlarini tiklash, hurmatini joyiga qo`yish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Ana shu xayrli ishlardan biri Sharof Rashidov nomining tiklanishi, ulkan xizmatlarining e`tirof etilishi hamda tavalludining 75 yilligining keng nishonlanishi hisoblanadi. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov uni xotirlab: «Ko`pgina ajdodlarimiz kabi Sharof Rashidov ham mustaqillik kuniga etib kelolmadi. Biz bugun to`liq ishonch bilan ayta olamizki, Sharof Rashidov mustaqillik poydevoriga munosib g`isht qo`ya olgan arboblardan edi», — degan edi.

O`zbekistonda Sharof Rashidov rahbarlik qilgan davr respublikamiz tarixida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Sharof Rashidovning yirik davlat arbobi sifatida O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy yuksalishiga ulkan hissa qo`shganligi e`tirof etilmoqda. Bu e`tirof etmoqchi bo`lgan mezon asosi el-yurt uchun uzoq muddat samarali va ravnaqli xizmat qilish, davlat siyosatini ravon olib borish, markazlashgan ma`muriy-buyruqbozlik tizimida o`z o`rnini topish va undan aniq maqsadlarda foydalanib olish kabi rahbarlik sifatlarini tahlil etish va uning tarixiy xizmatini tavsiflashdir.

Mamlakatmizda joriy yilda respublikamizni juda murakkab va og`ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo`lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo`shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug`lash hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 27 martda qabul qilingan farmon xalqimizning, ayniqsa, biz yoshlarning ruhiyatini ko`tarib yubordi. YAna shuni alohida qayd etish lozimki, mazkur tarixiy hujjat nafaqat Sharof Rashidov xotirasini, balki zahmatkash xalqimizning or-nomusi va qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga qaratilgan dasturamal bo`ldi.

Farmon e`lon qilingan keyin Sharof Rashidovning asarlari, uning haqidagi suhbat, xotira va maqolalarni o`qib, ayrim xulosalar chiqarishga to`g`ri keldi. Uning siyosiy yo`liga nazar tashlar ekansiz, Birinchi Prezidentimiz, “Daqiqani abadiyatdan ayri holda tasavvur qilib bo`lmaganidek, Sharof Rashidovning hayotini ham o`zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo`lmaydi», deya ta`kidlaganlarida nihoyatda haq edi.

O`ta murakkab va mashaqqatli davrda Sharof Rashidov yurtimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi, adabiyotimiz va madaniyatimiz rivoji yo`lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Bunday jasoratni, fidoyilik va xalqparvarlik kabi yuksak fazilatlarni yoshlarimiz ongu shuuriga chuqur singdirish ularda Vatanga muhabbat va istiqlol g`oyalariga sadoqat, ulug` ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg`ularini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mo`ljallangan, belgilangan, topshirilgan vazifalarni doimo nihoyasiga etkazgan Sharof Rashidov o`ta qobiliyatli, irodali inson bo`lgan. O`zbekiston muammolarini umum ittifoq manfaati darajasiga mohirlik bilan ko`tara olgan. Birgina qo`riq erlarni o`zlashtirish asnosida nafaqat paxtachilik, balki boshqa qishloq xo`jalik sohalari rivojlantirildi, yangicha asosdagi chorvachilik va parrandachilik kombinatlari, sanoat korxonalari, suv xo`jaligi inshootlari, madaniy va sotsial inshootlar qurildi. Minglab qishloq xo`jaligi mutaxassislari tayyorlandi. O`zbekiston xaritasida yangi ma`muriy hududlar tashkil etildi. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotida katta ahamiyatga ega Navoiy, Zarafshon, Yangier, Guliston kabi o`nlab shaharlar bunyod etildi. Mustaqillik yillarida O`zbekistonning tabiiy boyliklarini qayta ishlash borasidagi yirik industriyaga o`sha vaqtlar poydevor qo`yilgan, desak, xato bo`lmaydi.

Sharof ota xalqimizning og`ir va mashaqqatli mehnat evaziga katta miqdorda qishloq xo`jalik mahsulotlari, jumladan, paxta, pilla, qorako`l teri etkazib berayotganini chuqur anglar, qo`lidan kelgancha ana shu zahmatkash odamlarning og`irini engil qilishga intilar edi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz poytaxtimiz Toshkent shahrining bugungi salohiyati va zamonaviy qiyofasini yaratishda beqiyos xizmatlari singganini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 1966 yilgi zilzila oqibatida vayron bo`lgan turar-joylar, ma`muriy binolar, korxonalarni tiklash, boshpanasiz qolgan va yana uzoq o`lkalardan ko`chib kelgan odamlarni uy-joy bilan ta`minlashning o`zi bo`lmagan. Bugun poytaxtimizdagi metropoliten xizmatidan foydalanayotgan, teatrlaru muzeylar, san`at saroylari yo sayilgohlarda bo`lgan har bir inson SHarof Rashidovning porloq xotirasi oldida o`zini qarzdor deb biladi.

Sobiq Ittifoq miqyosidagi ko`zga ko`ringan siyosiy arboblardan biri sifatida Sharof Rashidovning tashqi siyosatdagi faoliyatini, afsuski, ko`pchilik yaxshi bilmaydi. Masalan, 1966 yili Toshkentda Hindiston va Pokiston o`rtasidagi mojaroni to`xtatish bo`yicha qabul qilingan tarixiy bitimga erishishda Sharof Rashidovichning ham munosib hissasi bo`lgan.

U AQSH va sobiq SSSR o`rtasida yadro urushiga olib kelishiga bir bahya qolgan «Karib inqirozi» muammosini bartaraf etishda, Kuba rahbarlari bilan muzokaralar olib borishda faol qatnashgan edi. Ko`plab mamlakatlarga safarlarda sobiq SSSR delegatsiyalariga rahbarlik qilgan edi.

Bu vazifalarni amalga oshirish O`zbekiston va uning kelajagi bilan bog`liq ekanligini chuqur his etishda Sharof Rashidovning yirik davlat arbobi sifatida dono siyosatchi, tadbirkor rahbar shaxs sifatida xarakterli jihatlari yaqqol namoyon bo`ladi. Hamma vaqt bosiqlik, vazminlikni saqlay bilgan. Shuningdek, salbiy holatlarga murosasiz, qat`iyatli bo`lgan.

Halq dardini yurakdan his etgan Sharof Rashidov garchi sobiq tuzum ma`naviy negizida inson sha`nini hurmat qilmaslik, uning ma`naviy dunyosini mensimaslik kabi illatlar hukmron bo`lsa-da, insonparvarlikni ulug`lagan. Kishilarda tashabbus uyg`ota oldi, eng yaxshi tuyg`ularni insonga bo`lgan hurmat va e`tiborni o`rniga qo`yish bilan rivojlantirdi. Bu erda shuni alohida ta`kidlash va ajrata olish lozimki, davlat rahbari vazifasidan tashqari xalq dardi va armoni bilan yashagan shaxsdir. Uning barcha asarlarida insonning qadr-qimmati ulug`lanadi.

Millat yetakchisi o`zbek xalqi mehnatini, qadr-qimmatini ko`tardi, zulm changalini yumshatdi. Sharof ota tashabbusi va shaxsan tashkilotchiligi tufayli respublikada ko`plab xalqaro konferensiyalar, kinofestivallar, simpoziumlar, dekadalar, xo`jalik sohasida katta yig`in va tajriba almashish anjumanlari doimiy o`tkazilgan. O`zbek fani, madaniyati, ijtimoiy yutuqlari turli asoslarda targ`ib va tashviq qilingan. Uning aqli va madaniyati egallab turgan vazifasidan doimo ustun bo`lganligi zamondoshlari alohida qayd etishadi. Tabiatan samimiy va adolatli bu inson o`z yaqinlarining rahbarlik lavozimlarida ishlashini yoki qandaydir alohida imtiyozdan foydalanishini xush ko`rmagan. Har narsada, har bir harakatda me`yor va mezonga amal qilgan.

Sharof Rashidov qanchalik muhim davlat ishlari, mana shunday siyosiy mojarolar bilan band bo`lmasin, Xudo bergan iste`dodi, so`z san`atiga bo`lgan cheksiz mehri tufayli ijod olamini hech qachon tark etmadi. Ko`plab roman va qissalar, she`riy asarlar, publitsistik maqolalar yaratdi.

Albatta, o`sha davrda zamon mafkurasi ta`sirida yoki g`oyaviy buyurtmalar asosida yozilgan asarlar ham bo`lgan. Lekin, shular bilan bir qatorda, milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib o`rin olgan ko`plab asarlar ham yaratilgani ayni haqiqat. Bu inson o`z davrining farzandi edi.

Yaqin o`tmishimizdagi juda murakkab, og`ir va tahlikali yillarda yurtimiz taraqqiyoti yo`lida fidokorona xizmat qilgan, taqdir sinovlaridan munosib o`tib, o`z vazifasini sharaf bilan ado etgan Sharof Rashidov qismati barchamizni mustaqillikning qadriga etishga, uni ko`z qorachig`idek asrab-avaylashga undaydi, barchamiz uchun ibrat namunasi bo`lib qolaveradi.

Share this post