Blog

Vatanparvar insonlar mangu yashaydi

Buxoro muhandislik texnalogiya
 instituti “Muhandislik qurilish” fakulteti
 2-17 TJMS guruh talabasi
Odilov Azim

Bugun dunyo sahnalarida bong urib jaranglayotgan o’zbek degan nom, yaralishiga va aynan shu kunlarni ko’rishiga kim sabab bo’ldi? Albatta o’zbekning tarixi juda boy, bu tarixni birma-bir o’rganish uchun, bir insonning umri kamlik qiladi nazarimda. Har bir vatandoshimiz o’z davrida, shu yurtning ertasi uchun qandaydir ezgu ishlarga qo’l urgan, albatta. Bunday insonlar nomini tilga olmoq istasak, biz bugun katat bir kitob muallifiga aylanmog’imizga, men shubha qilmayman.  Chunki, Amir Temur, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Jaloliddin Manduberdi va boshqa bir biz faxr bilan tilga oladigan ajdodlarimiz shu yurt uchun o’zlarini jonlarini fido etganlar. Yuqorida nomlari zikr etilgan bobokalonlarimiz qatorida yaqin o’tmishda ham, xalq, Vatan, uchun fidokorona xizmat etgan va yuksak marralarga erishib, bugun bizning bu kunlarni ko’rishimizga, sababchilardan biri bo’lgan inson bu Sharof Rashidov. Bu insonning hayot va ijod yo’llariga nazar tashlar ekanmiz, beixtiyor qalbimizda o’zgacha bir hislar jo’sh uradi. Har bir qilgan ishida Vatanga sadoqat, xalqiga mehr tuyg’ulari mujjassam bo’lgan,bu insonni ta’rif etmoqlikga men va mening so’zlarim ojizlik qiladi.

Tahlikali kunlar. Barcha faqatgina o’z nafsini va o’z jonini o’ylash bilan ovora. Odamlarni ertangi kunga ishonchi yo’q bo’lib, qolgan bir paytlarda o’z xalqining manfaatlarini, Vatanining taraqqiyotini o’z jonidanda ustun qo’ygan inson bu Sharof Rashidovdir.

Keyingi sahifalarda Sharof Rashidovning ijod va hayot yo’llariga qisqacha to’xtalib o’tganmiz. Qisqacha bo’lishiga sabab, bu insonni ta’rif etmoq uchun kam deganda, eng zo’r yozuvchi bo’lish kerak. Shu sahifalarni o’qir ekansiz, mening ta’riflarim bejizga emasligini anglaysiz degan umiddaman.

Taniqli adib, yirik davlat arbobi bizning qalbimizda komil inson sifatida gavdalanib qolgan Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida tavallud topgan. Sharof Rashidov dehqon oilasida tavallud topganiga qaramay, ilmga chanqoq kitobsevar bola bo’lgan. Sharof Rashidov dastlabki ilmni “Narimonov” nomidagi o’rta maktabda olgan. Bu maktabni tugatgach Jizzaxdagi pedagogika texnikumida o’qigan. Oliy ma’lumotni Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida egallab u bilim yurtini 1941-yilda tamomlagan.  Yetuklik sari ilm cho’qqilarini egallab barayotgan Sharof Rashidov oliy ma’lumotli bo’lgach, o’z faoliyatini muallimlik va muhbirlik ostonalarida boshlagan. Bunday faoliyat va so’nmas iqtidor egasi Sharof Rashidov 1938-1941 yillarda Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» gazetasida ishlaydi. 1944-1947 yillarda Samarqand viloyat partiya tashkilotining kotibi bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi. Hayotining serg’ayrat yillari urush davriga to’g’ri kelgan Sharof Rashidov 1941-1942 yillarda urushda qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1947-1949 yillarda «Qizil O‘zbekiston» («O‘zbekiston ovozi») gazetasiga muharrirlik qiladi. 1949-1950 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining raisi, 1950- 1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaydi.Toki umrining oxirigacha Respublika partiya tashkilotiga rahbarlik qildi. Shuningdek, Ittifoq Partiya Markaziy qo‘mitasi Siyosiy Byurosi a’zoligiga nomzod ham edi. U o‘n bir marta «Lenin ordeni», ikki marta (1974, 1977) «Mehnat qahramoni Oltin yulduzi» va Lenin mukofoti sovrindori ham bo‘lgan.

Sharof Rashidov O‘zbekistonga rahbarlik qilgan chorak asr respublikamiz tarixidagi murakkab davrlardan hisoblanadi. U O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo‘lgan 1959 yili SSSRda N.S.Xrushchyov sharofati bilan “Iliqlik” davri boshlangan. G‘arb davlatlari bilan tinch – totuv yashash prinsipi olg‘a surilgan, mamlakat ichkarisida esa aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun jiddiy harakat boshlangan, bolsheviklarning kommunizm haqidagi ertagiga deyarli so‘ngan xalq ishonchi qayta jonlana boshlagan edi. Bu ishonchni yanada kuchaytirish uchun eng jiddiy hujjatlardan birida 1980-yil kommunizm qurilishi haqida e’lon ham qilingan edi.

Sharof Rashidov nisbatan yosh, e’tiqodli rahbar bo‘lganligi uchun ushbu jarayonga katta shijoat bilan kirishdi. Moskvadan reja ham belgilab berildi: 1959-yili yetti yillik reja qabul qilingan bo‘lib, unda 1965-yilga kelib O‘zbekistonda paxta etishtirish 1,2-1,3 marta oshirish ko‘zda tutilgan edi. Buning uchun Mirzacho‘l, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Amudaryoning quyi oqimi, Qarshi va Sherobod cho‘llarida yirik irrigatsiya va melioratsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Chimqo‘rg‘on, Toshkent suv omborlari, Janubiy Surxon va Karkidon suv omborlarining birinchi navbati,Amu – Qorako‘l va Janubiy Mirzacho‘l kanallari hamda mamlakatda eng yiriklaridan biri bo‘lgan Amu – Buxoro mashina kanali ishga tushirildi. Suv omborlarining umumiy hajmi ikki martaga oshirildi. Minglab gektar yangi yerlar ochildi. Faqat kommunizm quruvchilarini na Orolning taqdiri, na ekologik muammolar va na oddiy xalqning zaxarli dori (defoliatsiya) tagida qolgani qiziqtirmadi. Bu taqdir esa ayanchli, yuqumli kasalliklarning tarqalishi va bolalar o‘limi o‘rtacha Ittifoq darajasidan ancha yuqori, sut mahsulotlari, go‘sht iste’mol qilish esa o‘rtacha Ittifoq darajasidan ikki barobar past edi. Respublikada ijtimoiy vaziyat murakkab bo‘lib, xal qilinmayotgan muammolar to‘planib, oxir-oqibat 80-yillarning oxirlaridagi bir qator g‘alayonlarga olib keldi.

Muammolarga qaramasdan Moskva borgan sari ko‘proq paxta talab qilayotgan edi. Sharof Rashidov boshchiligidagi respublika rahbariyati esa borgan sari paxta ekiladigan maydonlarni kengaytirib, paxtaning umumiy hajmini oshirib bordi. Biri talabni oshirishni, ikkinchisi uni bajarganlik haqida ma’lumot berishni ayamadi. Natijada 1970-yili 4,5 mln. tonna, 1980-yili esa 6 mln. 250 ming tonna paxta hosili yig‘ib olinganligi haqida ma’lumot berildi. 1980-yili 90% dan oshiq paxta mashinalarda terib olinganligi to‘g‘risida axborot berildi, ammo o‘quvchilar, talabalar, keksalar, yoshlar, oylab paxta dalalaridan chiqmay qo‘ydi. Mexanizatorlarimiz esa bir mavsumda bitta paxta terish mashinasida o’rtacha aqlga sig‘maydigan 500, 800, hatto 1000 tonnadan oshirib paxta “terib”, qahramonlik unvonlarini olaverdilar. Markazdan talab kuchaygan sari shunga javoban aldash, qo‘shib yozish, ko‘z bo’yamachilik va zo‘ravonlik avjiga chiqdi. Paxta yig‘im – terimini tashkil qilish, odamlarni safarbar etishga ichki ishlar, prokuratura kabi tashkilotlar jalb etilib, fuqarolarning elementar haq-huquqlari poymol qilindi. Paxta yig‘im – terimi paytida Respublikada odatdagi normal hayot izdan chiqardi.

O‘sha paytda faqat O‘zbekistonda emas, SSSR deb atalmish butun mamlakatda rahbarlar qo‘ldan kelganicha bir – birini, hammasi yig‘ilib esa qarib, maqtovlarga suyanib qolgan Bosh kotibni aldash bilan band edilar. Allaqachon o‘zini boshqarolmay qolgan L. Brejnev va uning atrofidagilar Respublikalar rahbarlari tomonidan xushomad, laganbardorlik kulguli, ba’zan jirkanch tus oldi. Go‘yo bu sohada ham sotsialistik musoboqa avj olgandi.

Sharof Rashidov o‘z davrining farzandi edi. Bu davrda odamlar endi kommunizm safsatasiga deyarli ishonmay qo‘ygan edilar. Shunga qaramasdan uning boshchiligidagi xalq farovonligi yo‘lida ham qator ishlar amalga oshirildi. Respublikani elektrlashtirish yaxshilandi va gazlashtirish boshlandi, uy – joy, madaniy – maishiy inshootlar qurilishi ko‘paydi, xalq farovonligi ancha oshdi. Toshkent shahrida katta qurilish ishlari, ayniqsa, 1966-yilgi zilziladan so‘ng amalga oshirildi, 1977-yili mintaqada birinchi bo‘lib metropoliten ishga tushirildi. Respublikada rangli metallurgiyani rivojlantirishga ham Sharof Rashidov katta hissa qo‘shgan. Uning bevosita tashabbusi bilan 1962-yil Olmaliq misni boyitish fabrikasi, 1967-yili Muruntov oltin koni ishga tushirildi, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari qurildi. O‘zbekiston faqat “oq oltin” emas, haqiqiy oltinning ham koni ekanligi isbotlandi. Muruntovda har yili 18 mln. tonna ruda qayta ishlanar, 50 tonna oltin olinar edi. Bu korxonaning quvvati, oltinning sofligi bo‘yicha dunyoda tengi yo‘q edi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoridan o‘rin oldi. Keyin Olmaliq kombinati, Angren, Chodak, Marjonbuloq oltin saralash fabrikalari qurildi. Sharof Rashidovga “Lenin” mukofoti berildi. Lekin afsus, oltinlarning hammasi Moskvaga etkazilar va sarflash ham u yerda hal qilinar edi.

Sharof Rashidov faqat partiya rahbari emas yozuvchi, ziyoli kishi bo‘lganligi uchun ham Respublikada fan va madaniyatni rivojlantirishga ayniqsa katta hissa qo‘shgan. Uning davrida Toshkentda akademiklar shaharchasi, universitetning yangi binolari majmuasi, ToshMI shaharchasi, Toshkent sirk binosi kabi ko‘plab binolar qurildi. Respublikada fan va madaniyatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Xalqlar do‘stligi saroyi (hozirgi “Istiqlol”) me’moriy majmuasi uchun qurilish g‘oyasining muallifi va ijodiy rahbari sifatida unga 1994-yil (vafotidan so‘ng) Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti berildi. Bundan tashqari, Sharof Rashidov 1977-yili Toshkent shahrida birinchi metropoliten qurilishining tashabbuskori bo‘lgan.

1982-yil 10-noyabr kuni L.I.Brejnev vafot etdi. Yangi kelgan rahbar Y.V.Andropov mamlakatdagi ko‘z bo‘yamachilikning miqyosini, balandparvoz hisobotlaru ma’lumotlarga qaramasdan haqiqiy holatni yaxshi bilardi. Chunki u uzoq yillar KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) degan tashkilotni boshqargan edi. Markazda boshlangan tozalash juda tezlik bilan O‘zbekistonga ham etib keldi va bu erda nihoyatda bema’ni tus oldi. “Paxta ishi” deb nomlangan jarayonlar boshlanib ketdi. Keng miqyosdagi tekshirishlar boshlanish arafasida, 1983-yil 31-oktabr kuni Xorazm va Qoraqalpog‘iston safarida yurgan Sharof Rashidov to‘satdan vafot etdi. Bu o‘lim Respublikada chorak asr davomida shakllangan o‘ziga xos muvozanatning buzilishiga olib keldi. Yangi kelgan rahbarlar o‘z xalqidan ko‘ra markaz oldida obro‘ orttirishni afzal ko‘rdilar. Tekshir-tekshirlar avjiga chiqib, “Paxta ishi” bo‘yicha haqiqatdan jinoyat qilgan, davlat mulkini o‘zlashtirgan, xalq hisobidan katta-katta boylik orttirgan bir guruh ko‘z bo‘yamachi rahbarlar bilan bir qatorda, (afsuski ba’zi jurnalist va olimlarimiz ularning sho‘rolar davri so‘ngi qatag‘onining qurboni qilib ko‘rsatishga urinmoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz: qatag‘on jazo chorasi bo‘lib, davlat organlari tomonidan asosan siyosiy muxolifatlarga qarshi qo‘llanilgan) bor-yo‘g‘i ijrochi bo‘lib, o‘ylab-o‘ylamasdan qo‘shib yozishlariga, demakki, jinoyatlarga o‘zlari bilmagan holda sherik bo‘lib qolgan kichik bo‘g‘in rahbarlaridan ham qanchasi jabr ko‘rdi. 70-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab qo‘shib yozish chiqib bo‘lmas halqaga o‘xshab qolgan edi. Rejani bajarmagan rahbar ishdan bo‘shatilardi, demak amalda qolish uchun qo‘shib yozish, kattaroq amalga ko‘tarilish uchun esa ko‘proq qo‘shib yozish kerak bo‘lardi. Eng yomoni faqat qog‘ozdagina aks etadigan paxta tonnalari oddiy mehnatkashlar hisobidan sotib olinar edi. Bu jarayon avj olgan sari oddiy xalqning ahvoli yomonlashib bordi.

Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki, Sharof Rashidov xalqparvar inson bo’lgan. Aynan u inson sabab bugungi kunda qanchadan-qancha binolarimiz qad roslab turibdi. Yurtimizda olib borilgan xalparvar ishlari sabab, xalqimiz elektr, gaz ta’minoti bilan ta’minlandi.

Bunday ta’riflarni keltirib o’tar ekanmiz, o’z o’rnida Sharof Rashidovning ijod bog’lariga sayr etmaslikning o’zi bir xato ish bo’ladi nazarimda.

Sharof Rashidovning ijodi 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan. U dastlab she’riyatda qalam tebratib, “Samarqand kuylari” nomi bilan birinchi she’riy to‘plamini e’lon qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan she’rlari 1945-yilda “Qahrim” to‘plamida chop etilgan. U ayni chog‘da adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratgan.

Sharof Rashidov ijodida maqolanavislik muhim o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham uning badiiy ijodi namunalarida bu ruh yetakchilik qiladi. Adibning “G‘oliblar” (1953) qissasi 1972-yilda qayta ishlanib, “G‘oliblar” romani sifatida nashr etiladi. “Bo‘rondan kuchli” (1958), “Qudratli to‘lqin” (1964) romanlari yaratiladi. Ularda o‘zbek xalqining urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati o‘z badiiy ifodasini topgan.

Ijodkorning “Kashmir qo‘shig‘i” (1957), “Komde va Mudan” (1959) kabi lirik qissalari va “Koinot” (1960) kabi kinoqissasi an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zallik, hayot nashidasi madhiga bag‘ishlangan. Muhabbat mavzusiga bag‘ishlangan “Kashmir qo‘shig‘i” qissasi ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratgan “Dil amri” qissasi urush yillarida Belorus zaminida kechgan jangchilarning g‘alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bag‘ishlangan.1981-1983 yillarda adibning besh jildlik asarlari rus va o‘zbek tillarida chop etilgan. Ijodkor asarlarida  o‘zbek xalqining urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati o‘z badiiy ifodasini topgan.

Sharof Rashidov sovet mustabid tuzumida ulg‘aygan, unga xizmat qilgan. Aslida vatanda, zamonda yashab shu zamonning voqealariga daxldor bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Faqat har bir kishi egallagan mavqeiga qarab ko‘proq yoki kamroq daxldor bo‘ladi, uning javobgarlik darajasi ham shu bilan o‘lchanadi. Sharof Rashidov esa uzoq vaqt katta mavqega ega bo‘lgan shaxs edi.

Sharof Rashidovni mustaqillik yillarida e’zozlab qilingan ishlardan birida, u kishining nomlarni tiklash maqsadida oila a’zolari ya’ni ukalari Asil Rashidovdan intervyu olinganda, Asil Rashidov quyidagi suhbatning muallifiga aylanadilar. Intervyuni O’zA muhbiri Umid Yoqubov olishga mofaq bo’ldi.

Beshinchi qavatdagi uy. Oddiy balkon. Bu yerdan poytaxtimiz markazi kaftday ko‘rinib turadi. Xonadon sohibi mutolaadan zerikkan chog‘larda atrofni kuzatarkan, xotiralar quyunday yopirilib keladi.

Eshikdan kirishingiz bilan to‘g‘ridagi xona to‘rida turgan yirik suratga – atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning fayzli chehrasiga ko‘zingiz tushadi. Xonadon sohibi uning ukasi, taniqli adabiyotshunos olim, professor, ustoz murabbiy va hassos tarjimon Asil Rashidov.

Yurtboshimiz  Shavkat Mirziyoyevning shu yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi oliyhimmatlik asosida xalqimizning otashqalb farzandi tavalludining qutlug‘ sanasiga katta hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda 87 yoshli Asil Rashidov bilan suhbatimiz bu ulug‘ siymo fenomeni xususida bo‘ldi.

– Sharof akam o‘z xalqining, Vatanining fidoyi farzandi edi, so‘nggi nafasiga qadar shu xalq manfaatlari yo‘lida kurashishni har narsadan ustun qo‘yib ishladi, yashadi, – deydi Asil Rashidov. – Davlatimiz rahbari, butun xalqimiz akamizga shunday yuksak e’zoz va ehtirom ko‘rsatayotganiga, shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytaman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi qarorini o‘qib, bir necha yillarga yosharib ketganday bo‘ldim.

Akamiz vafotidan so‘ng “oq paxta”ning “qora mehnat”ida toblangan xalqimiz kuchli tanazzul botqog‘ida qolgani, bir umr mehnat qilib kosasi oqarmagan ko‘p odamlar tuhmat va nohaqliklarga uchragani, ularning aksariyati yemagan somsasiga pul to‘lagani bor gap. O‘sha suronli yillarda biz, “rashidovchilar” ham yuz yilga qarib ketgandik. Ammo tun qancha cho‘zilmasin, ortidan balqib tong otishi ham haqiqat. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov adolatni tiklaganini eslasam, hozir ham ko‘zim namlanadi.

– Bilishimizcha, oilada olti o‘g‘il bo‘lgansizlar. Akalaringiz orasida Sharof Rashidov qaysi fazilatlari bilan bunday yuksak darajaga erishgan?

– Oilamiz juda oddiy bo‘lgan. Otamiz Rashid Xalilov suyagi mehnatda qotgan, oddiy bir dehqon edi. Keyinchalik jamoa xo‘jaligida turli vazifalarda ishlagan. Onamiz Qo‘ysinoy Xalilova erta-kech uy ishlari va jamoa xo‘jaligi yumushlaridan ortmasdi. O‘sha kezlarda qishlog‘imizda savodsizlikni bitirish kursi ochilgan bo‘lib, volidamiz ma’lum darajada xat-savodli bo‘lgani bois oqshomlari mazkur kursda mashg‘ulotlar olib borardi.

Akalarim oyoqqa turganiga qadar xiyla nochor yashaganmiz. O‘sha vaqtda boshqalarning turmushi ham bundan yaxshiroq bo‘lmagan: ocharchilik, qahatchilik, qatag‘on, urush, bir bo‘lak non toppish-azob, tirik qolish-inoyat… Esimda, urush payti Jizzaxda qand lavlagi ekilar, uni eshak yoki ot qo‘shilgan aravalarda tashirdik. Tog‘day uyum bo‘lar, so‘ng lavlagini poyezdlarga ortib, frontga olib ketishar edi…

Ha, oilada olti o‘g‘il edik: Kamoliddin, Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin (kamina) va Nasriddin. To‘ng‘ich akam Kamoliddinni ayni navqiron yoshida xastalik olib ketgan, Sahobiddin akam yurist bo‘ldi, Isomiddin akam jamoa xo‘jaligi radiouzelida ishlagan, men adabiyot yo‘lidan ketdim, ukam Nasriddin ilm-fanni tanladi.

Barchamizning suyagimiz mehnatda qotgan, biroq akalarim orasida Sharofiddin anchayin faol, haqiqiy yetakchi edi. Kichikligidan barchamiz unga suyanardik. Uning fikrini qo‘rqmay ayta olishi, doim oldingi safda bo‘lishiga hamisha havas qilganmiz. Sharof akam texnikumda a’lo baholarga o‘qigani uchun patefon bilan taqdirlangan. Uni uyga olib kelganda, “ichida mitti xonandalari bor mashina qo‘shiq”ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun uyimizga keluvchilar rosa ko‘paygan.

Ikki akam – Sharofiddin va Sahobiddinni frontga kuzatganimiz kechagiday esimda. Ikkisi ham ajal komidan omon kelgan. Sharof akam frontdagi o‘qchi brigadaning siyosiy rahbari bo‘lgan, 1942-yili og‘ir yarador bo‘lib, uyga qaytgan: tirsagidan o‘q yegan, ancha vaqt qo‘lini bo‘yniga osib yurar edi. Biroq bir qo‘l bilan velosiped haydab har kuni ishga borar – maktab direktori vazifasini katta mas’uliyat bilan bajarardi.

Sharof akam va Xursandoy yangamizning nikoh to‘yini aniq eslayman: mamlakat og‘ir ahvolni boshdan kechirayotgan, yigitlarimiz frontda jon olib-jon berayotgan paytda uylanayotganidan xijolat bo‘lganmi, haytovur, milliy odatlarimizga sal mos kelmasa ham, kuyov bola o‘z to‘yida nutq so‘zlagan, barchani shunday og‘ir pallada dushmanga qarshi bir musht bo‘lib birlashishga undagan edi. Uning fikri-zikri doimo el-yurt tashvishi bilan band edi.

Sharof akam mehnat uchun tug‘ilgan edi. Barchasiga Yaratganning in’omi – aql-zakovati, iste’dodi va tinimsiz mehnatlari bilan erishgan. Bizni ham faqat mehnat qilishga undagan. Bir she’rida yozganidek, uning g‘ururi, sururi, huzuri ham mehnatda edi.

Akam Respublika rahbari bo‘lgan paytida ham ishdan kelib bekor o‘tirmas, yoki kitob o‘qir, yoki yangi chiqqan kinofilmlarni tomosha qilardi. Ba’zida ishdan qaytganda, kino ko‘rib o‘tirgan bo‘lardik. Darhol so‘rashga tushardi: “xo‘sh, qaysi filmni ko‘ryapsizlar? Qahramonlari kim? G‘oyasi nima?”. Ayrim hollarda javob topolmasak, darhol bahonaga o‘tardik: aka, kino o‘zi hozir boshlandi…

Sharof akam “qush uyqu” edi, kam ovqatlanardi, kuniga kamida besh kilometr piyoda yurardi. Uni charchab qoladi, deb xavotirlanardik. Biroq qandaydir ilohiy g‘ayrat-shijoati bor edi-da, toliqish nimaligini bilmasdi. Yana bir fazilati – odamlarga ishonishi, insonni ulug‘lashi, ikki og‘iz shirin so‘z bilan o‘z suhbatdoshini qayta kashf etib, qalbini tog‘dek ko‘tarib, ilhomlantirib yuborishi edi.

Kunlardan birida akam qo‘ltig‘ida dasta-dasta gazeta-jurnallar bilan horg‘in, qandaydir siniq va ma’yus holda ishdan qaytdi. Xavotirga tushdik: “Tobingiz qochdimi?”. Shunda u: “Yo‘q, bugun qilichdek-qilichdek o‘g‘lonlarimizdan ikki yuztasini Afg‘onistonga jo‘natdik. Ular olov kechishga ketyapti. Qanchasi yurtiga, ota-onasi bag‘riga qaytib kelishini qodir Egamdan boshqa hech kim bilmaydi. Maskovdagi rahbarlarimizga qancha iltijo qilmay, hech qanday natija chiqmadi”, dedi-yu, ko‘zida yosh qalqidi…

– Aytishlaricha, Sharof Rashidov hududlarga safarga chiqsa, quyi bo‘g‘inlardagi rahbarlarga dastlab “oxirgi marta qaysi kitobni o‘qidingiz?”, deb savol berarkan…

– Ha, shunday. Chunki har qanday insonni mutolaa yuksaltiradi. Akam bu savoliga qoniqarli javob olsa, yuz-ko‘zi yashnab ketardi. Aks holda dili og‘rirdi. Bir gal qiziq voqea aytib bergan: allaqaysi bir tumanga borsa, firqa tashkilotining birinchi kotibi akamni yangi asar yozgani bilan haddan ziyod qutlayveradi: “Zo‘r asar yozibsiz-da, Sharof Rashidovich, tuni bilan o‘qib chiqib, maza qildim…”. Akam kamtarona rahmat aytib qo‘yadi. Qarasa, xushomadning oxiri ko‘rinmayapti. So‘ng kotibdan “Qaysi asarni yozgan ekanman?”, deb so‘rab qoladi. Shunda u akamning asarlaridan loaqal birontasini aytib bera olmay mulzam bo‘ladi.

– Akangiz va siz adabiyot yo‘lini tanlagansiz. Biroq badiiy san’atda favqulodda iste’dod o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Qonda bo‘lgandirki, suyak surgan.

– Buning asosini ota-onam tiynatidan izlaganman: ikkisi ham xalq og‘zaki ijodini puxta bilgan, ayniqsa, uzun qish kechalarida onam aytgan ertak, matallar, qo‘shiqlar hali ham qulog‘imda jarang sochib turadi. Bilasizmi, yaqinda Hamid Olimjonning shajarasini tuzishgan ekan, o‘qib hayratdan qotib qoldim: bizlar qarindosh ekanmiz, uning onasi Komila buvi xolamiz ekan. Biroq bu haqda Sharof akam hech qachon menga aytmagan.

Sarbonimiz Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘lib, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari bilan tanishgani, ularning ijodiy maktablarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar bergani haqida matbuotda o‘qib, shularni esladim.

Akam g‘oyat iste’dodli edi. Katta zavq va ilhom bilan ishlardi. Respublika rahbari shuncha davlat ishidan, kamiga barcha viloyat-u tumanlararo qanchadan-qancha xo‘jalik rahbarlari bilan yarim tunga qadar ovoznigor-munoqasha (radiopereklichka) orqali musohabalar o‘tkazishdan ortib uyiga qaytgach, tonggacha yozardi. Ba’zida men uning yonida dars tayyorlab, pinakka ketardim. Uyg‘onganimda, quyosh bo‘y ko‘rsatgan, akam hamon yozayotgan bo‘lardi.

Sharof Rashidov vafotidan so‘ng ayrim “yozuvchi”lar unga tuhmat qilib, “millat otasi asarlarini o‘zi yozmagan”, deyishgacha bordi. Men bir adabiyotshunos va uka sifatida uning ilk ijodidan to so‘nggi yirik asari – “Dil amri”gacha muntazam ravishda kuzatib, tahlil va tadqiq etib borganman. Barcha qo‘lyozmasi-yu dastxatlarining turli nusxalarini (ular to‘la saqlanmoqda) ko‘zdan kechirganman. Sharof Rashidov birgina “Kashmir qo‘shig‘i” qissasi bilan ham o‘zbek adabiyoti tarixida umrbod qolishga haqlidir. Bu asar dunyoning 56 tiliga o‘girilganining o‘zi barchasini anglatib turibdi.

Sharof akam meni adabiyotdagi og‘ir mehnat – tarjimaga undagan, bu borada hamisha maslahat va o‘gitlar bergan. Bugun kitob javonimni qarasam, tarjima qilgan asarlarim nashrlari ikki-uch qator bo‘libdi. Shular sabab buyuk adib Chingiz Aytmatov olamini yaqindan tanidim, uning qahramonlari bilan yashadim.

– Sharof Rashidovning milliy adabiyotimiz rivojidagi xizmatlari yana qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi?

– Avvalo, ijodkorlarning boshini silaganida, ularning badiiy ijod bilan shug‘ullanishi uchun imkon qadar shart-sharoit yaratib berganida. Va, albatta, ularning og‘ir kunlarida doimo yonida turganidadir.

Akam adabiyotimizda “yilt” etgan iste’dodni ko‘rsa, izlab topardi, uning katta davralarga chiqishiga yo‘l ochardi. Yosh ijodkorlar asarlarini doimiy o‘qib borar, ularga qo‘ng‘iroq qilib tabriklar, suhbatga chorlar edi. Bir misol: Sharof Rashidov Sirdaryoga borganda, viloyat gazetasida 10-sinf o‘quvchisi Halima Xudoyberdiyevaning she’rlarini o‘qib qoladi, so‘ng o‘sha yerdagi mahalliy rahbarlarga “shu qiz bu yil Toshkentdagi institutga o‘qishga borishi kerak, otasi bilan gaplashinglar”, deb topshiriq beradi. Keyin ham Halimaning ijodini muntazam kuzatib borib, amaliy yordam beradi. Uning she’riy to‘plamini Moskvada nashr qildiradi. Natijada o‘zbek adabiyoti yana bir iste’dodli shoirani kashf qildi.

– Ko‘p yillar jurnalistika sohasida ishlagansiz. Bu borada akangiz ustoz bo‘lgani shubhasiz. Bosh muharrir Sharof Rashidov maktabining o‘ziga xosligi nimada?

– Avvalo, jurnalistikaning “qora mehnati”dan qochmaslikda: akam hozirgi “Zarafshon” va “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida bosh muharrir bo‘lib ishlaganda, gazeta chop etish texnikasining barcha sir-asrorini puxta o‘zlashtirgan, barcha jarayonga bevosita rahbarlik qilgan. Deylik, barcha sahifani kamida to‘rt bor o‘qib, tahrir qilardi. Erinmasdi. Keyin tahririyatda ichki muhitni hamisha sog‘lom holda ushlagan, katta-kichik xodimning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib ketgan edi.

– Aspiranturada o‘qigan vaqtingizdayoq akangiz O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lgan. Sharof Rashidovning ukasi bo‘lish sizga imtiyoz edimi?

– Albatta, munosabatlarda sezilgan, biroq akamning hurmati uchun menga taklif etilgan yengilliklardan hamisha yuz o‘girganman. Ayniqsa, kimdir men orqali akam bilan bog‘lanib biror ishini bitirishiga yo‘l qo‘ymaganman. Chunki akamning o‘zi menga shunday tarbiya bergan.

Nomzodlik dissertatsiyamni himoya qilganimdan so‘ng, akam Moskvaga ish bilan borganda, fan nomzodi darajasini olganim haqidagi guvohnomani olib, menga jo‘natgan, unga bir enlik maktub ilova qilingandi. Men uchun eng qadrli yodgorliklardan biri bo‘lmish bu maktubda shunday so‘zlar bor:

“Ukam Asiljon! Doktorlik ishingga zafar tilayman. Adabiyotimizda ishchi obrazi, mehnat tasvirini ishlashdan ham savobli ish bormi? Hamisha sihat-salomat bo‘lgin! Hamisha ishing barakali bo‘laversin!

Hurmat va ehtirom bilan akang.”

Respublika birinchi rahbarining ukasi bo‘lsam ham na mashinam, na dala hovlim, hatto velosipedim ham bo‘lmagan. Albatta, zarurat yuzasidan bularni so‘raganman, ammo akamdan ruxsat tegmagan. Hatto meni yuqoriroq lavozimlarga ishga taklif etganlarida, rozilik bermagan.

Akam qanchalik to‘g‘ri va oqilona yo‘l tutganini uning vafotidan keyin bildim: “Rashidovchilik” degan bo‘hton o‘ylab topilganda meni ham so‘roqqa chaqirishgan, biroq hech qanday ayb topa olishmagan. Hatto ularning boshi ham qotganki, “Rashidovning ukasi bo‘la turib nega buncha oddiy yashaysiz?”…

– Sharof Rashidov dunyodan ko‘z yumganida, avvalo, o‘zi umr bo‘yi himoya qilgan, sodiq bo‘lib xizmat qilgan tuzum unga xiyonat qilgan, xotirasini tahqirlab, qabrini ko‘chirgan. Bu mash’um voqea qanday yuz bergan?

– Dastlab qarindosh-urug‘lar bilan kengashib, marhum akamning ona yurti – Jizzaxga dafn etilishini istagandik. Biroq murojaatlarimiz havoga uchdi.

So‘ng odamlar erta-kech qo‘lida gul ko‘tarib, poytaxtimiz markazidagi Sharof Rashidov qabriga oqib kela boshladi, uzoq-uzoq qishloqlardan chol-kampirlar kelib, tilovat qilar edi. So‘ng “Rashidovchilik”ni o‘ylab topganlar uning qabrini ko‘chirish taraddudiga tushdi. Sobiq markazning Sharof Rashidov qabri bilan ishi bo‘lmagan.

1987-yil 25-fevraldan 26-fevralga o‘tar kechasi. Soat 2 dan keyin odamlar shirin uyquda mahali akamning qabrini qurolli askarlar o‘rab olgan… Qo‘ying, u yog‘ini gapirmay qo‘ya qolay… Eslash og‘ir, juda og‘ir…

Keyinchalik atoqli shoirimiz Muhammad Yusuf bu haqda bir she’r yozdi. Unda mana bu satrlar bor:

Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz,
Sizni qarg‘aganlar – jo‘ralaringiz,
Sizni ado qilgan to‘ralaringiz,
Bizdan rozi bo‘ling, ruhi notinch zot!..

Yagona taskin: adolat va haqiqatning qaror topgani, Vatanimizning mustaqillikka erishgani, tom ma’noda xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkoniga ega bo‘lganidadir. Qaniydi, akam hayotga yana qaytib, hozirgi ozod va obod O‘zbekistonimizni, o‘zligini anglab olgan xalqimizni bir ko‘rsa edi…

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Sharof Rashidovga shunday yuksak e’zoz-ehtirom ko‘rsatilayotganidan, aminman, akamning ruhi shod bo‘lmoqda. Istagim – kelgusi avlodlar ham tariximizga xolis baho bersa. Zero, Sharof Rashidov fojiasi – bir shaxsning qismati emas, balki davr fojiasi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz yaqin tariximizda kechgan ana shunday ayanchli voqealar misolida mustaqilligimizning ahamiyati va mohiyatini, qadr-qimmatini yanada teran anglab yetishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shart”.

Bularning bari asrlarga tatigulik saboqdir.

Sharof Rashidov 1966-yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish bo’yicha katta amaliy ishlarni bajardi. Sharof Rashidov vafotidan so’ng 80-yillar qatag’onida nohaq qoralandi. 1991-yil O’zbekiston Respublikasi Oliy kengashi Rashidov nomini qayta tikladi.

Og’ir mehnatlar va qudratli sabr natijasida Allohning bizga bergan mustaqillik, tinchlik deb atalmish bebaho ne’matlari sabab biz o’z tariximizni qayta tiklay oldik. Endilikda biz dunyo sahnalarida buyuk ajdodlarimiz nomini baralla ayta olamiz. Bunga bir misol sifatida mustaqillik yillarida Sharof Rashidov uchun qilingan ishlarni ayta olishimiz mumkin.

Toshkentda ko’chalardan biri Sharof Rashidov nomiga qo’yilgan. Marhum vatanparvar ijodkorimiz qabrlari “Chig’atoy” qabristoniga qayta dafn etildi. Dastlabki dafn etilgan joy Rashidov xiyobonida haykaltarosh Y.Sharipov tomonidan haykal o’rnatilgan.

Yaqin kunlarda atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash maqsadida yurtimizda juda ko’plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Sarbonimiz Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni tasis etdilar.

Hujjat Respublikani juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining100 yilligini munosib nishonlash maqsadida qabul qilindi.

Avvalroq Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgan edi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida davlat arbobi va yozuvchi xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etiladi va haykali o‘rnatiladi.

Fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyi tashkil etilib, muzey hududi obodonlashtiriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning «Saylanma» kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli xotira kitobi chop etiladi. Shuningdek, Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi.

«Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni» mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish, oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida xotira tadbirlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi.

Shu kabi ishlar qatorida yana bir ko’zga ko’rinarli ishlarimizdan biri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sharof Rashidov xotirasini ulug’lash yo’lida chiqargan qarorlari quydagi ma’no mazmunni o’zida mujassamlashtirgan:

Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining100-yilligini munosib nishonlash maqsadida:
Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgani, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini o‘rnatish,xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning “Saylanma” kitobini, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish, Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda “Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish, mamlakatimizdagi oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida xotira tadbirlari tashkil etish, 2017-yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasini o‘tkazish tadbirlari,  O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritishi va boshqa bir ezgu amallar o’z ifodasini topgan.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, biz qanday buyuk, vatanparvar, jonkuyar, dono ajdodlarning avlodlari ekanligimiz birgina Sharof Rashidovning qilgan jonkuyarliglarida, dono ishlarida o’z ifodasini topgan. Bu inson qalbida qo’rquvga o’rin yo’qligi yuqorida takidlab o’tgan so’zlarimizda o’z isbotini topgan.

Men shunday inson avlodi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki, bu inson o’z manfaatlarini o’ylamay turli xil mansabdagi kishilarga qarshi borib yurtning tinchligi, xalqning osoishda yashashi uchun harakat qilgan va o’z maqsadlariga yetgan insondir.

O’sha mashum kunlarda boshqa nafs qullari kabi Sharof Rashidov o’z manfaatini o’ylab mol-dunyo og’ushida yashasa ham unga hech kim qarshilik bildirmasdi. Ammo bu inson qalbidagi Vatanga bo’lgan muhabbat, xalqga bo’lgan mehr uni ezgu yo’llar sari boshlab, bir umr o’zbek qahramoni sifatida qalblarimizda joy olishiga sababchi bo’ldi. Agar Sharof Rashidov haqdagi ezgu so’zlarni davom ettirmoqchi bo’lsak, ming bir dostonlar muallifiga aylanmog’imiz mumkin. Shunday tilaklar va dil izhorlarim davomiyligida  ushbu she’rni maqolam yakuni sifatida yozmoqdaman:

 

Buyuklarning nomlarini buyuk etgan

Shu Vatanga shu dunyoga suyuk etgan

Bugun endi buyklarning yonin ketgan

Sharof bobom sizni juda sog’indik biz

 

Temurdayin adolati dilda edi

Erta-yu kech shu Vatanning g’amin yedi

Mendek har yosh har farzandni u bolam dedi

Otamizdek mehribonni sog’indik biz

 

Ezgu yo’lga boshlar bizni so’zlaringiz

Nurga to’lib turar edi yuzlaringiz

So’g’indiku bugun o’g’il qizlaringiz

Bizga ustoz bo’lgan bobom qaylardasiz ?

 

Siz tufayli baxtga yetdi shu xalqimiz

Siz tufayli egilmadi hech qaddimiz

Cheksiz bugun yoningizda ko’p qarzimiz

Bizni qarzdor qilib bugun qaylardasiz?

 

Chorak asr tichlik elda hukmrondir

Bu tinchlikning otasi ham bir insondir

Yuraklarda bir umrga topgan qadr

Mehribonim Sharof bobom qaylardasiz

 

Sarbon bugun bizga sizning shogirdingiz

Qalblarida yashar sizning pok nomingiz

Yuraklardan o’chmagaydir hech yodingiz

Yuraklarda qolib ketgan Sharif bobom.

Share this post