Blog

ULUG’ VA MO’TABARSIZ AZIZ USTOZ!

 

Sizning ta’limingiz olmagan kim bor,

Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.

Olimmi, shoirmi va yo san’atkor,

Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan

Mana, necha yillardan buyon 1-oktyabr “O’qituvchilar va murabbiylar kuni” bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda. Ilm o’rgatishda chekayotgan zahmatlaringiz, sabr-qanoatingizga tahsinlar aytamiz!

Buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ustozlarning olijanob va mashaqqatli mehnati haqini ado etib bo‘lmaydi.

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

 

Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo’ladi. Ustozlarimiz o’giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo’lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo’lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va marifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo’lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usi bilan yashaydi.

Ustoz va murabbiy! Biz barchamiz yoshimiz, kasbu korimizdan qatiy nazar, bu so’zlarni eshitganimizda ko’nglimizdan faqat iliq fikrlaru yorqin xotiralar o’tadi.

O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir.

Aziz ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik tilab qolamiz.

BuxMTI “Yengil sanoat texnologiyalari”

kafedrasi assistenti  Bahriniso To’raqulova

Share this post