Blog

TALABALARIMIZ «mGovAward» RESPUBLIKA TANLOVI G’OLIBI

 

Buxoro muhandislik – texnologiya instituti AKT va TJBAKT mutaxassisligi talaba-yoshlari Respublika «mGovAward» tanlovida “Imam Bukhary” jamoasi nomi bilan ishtirok etib, ishlab chiqqan “Imam Bukhari team Seven Pirs” mobil ilovasi uchun faxrli 2-o`rinni oldi. Bu yutuq ularning Buxoro zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar avlodlari ekanliklarini hamda hukumatimiz tomonidan oliy ta`lim tizimida yaratib berilayotgan imkoniyatlar va institutda ta`lim jarayonining samarali tashkil etilganligini isbotladi.

2019 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida IT-Park tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda talabalar orasida O‘zbekistonda davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish bo‘yicha birinchi «mGovAward» mukofot jamg’armasi 100 000 AQSH dollari bo`lgan respublika tanlovi e`lon qilindi. Tanlov va uning shartlari haqida 14 avgust 2019 yilda, OAV va internet saytlarida quyidagicha xabar berildi:

«mGovAward» tanlovida ishtirokchilar O`zbekistondagi mavjud muammolardan birini hal qilishga yordam beradigan mobil ilova yaratishlari kerak bo`ladi.

Talabalar 5 yo`nalishda o`zlarini sinab ko`rishlari mumkin:

– Ta`lim;

– Sog’liqni saqlash;

– Turizm;

– Transport va logistika;

– Biznes va G2B.

Tanlovning asosiy mezonlari: ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanishda oddiyligi.

Tanlovning mukofot jamg’armasi –  $100,000:

1-o`ringa – $50,000;

2-o`ringa $30,000;

3-o`ringa $20,000.

Shuningdek, g’oliblar Birlashgan Arab Amirliklariga bepul sayohat va IT-Park inkubatsiya dasturida bevosita qatnashish huquqini qo`lga kiritadilar.

«mGovAward» O‘zbekiston oliy ta’lim muassalari talabalarining innovatsion potentsialidan foydalangan holda ishlab chiqilgan davlat xizmatlarining eng yaxshi va samarali mobil ilovasi uchun mo‘ljallangan. Ushbu mukofot yosh talabalarni O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilish va davlat qurilishida qatnashishga undash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida tashkil etilgan. Maqsad – O‘zbekiston davlat xizmatlarini samarali, shaffof va uzluksiz ravishda qulay mobil ilova yordamida ko‘rsatish orqali fuqarolarining hayotini yaxshilash.

Institutimizning “Texnologik jarayonlarni boshqarishning axborot kommunikatsiya tizimlari” ta’lim yo’nalishida tahsil olayotgan talabalar Amirqulov Mexroj Xayrullayevich (704-18 TJB guruhi), Safoyev Nodirjon Ne’matjon o’g’li (712-17 TJB) va “Kasb ta’limi (Informatika va axborot texnologiyalari)” ta’lim yo’nalishida tahsil olayotgan talabalar Hojiyeva Shahribonu Doniyor qizi (712-16 IAT guruhi) hamda Xayrullayev Hayotjon Hikmatullo o’g’li (712-16 IAT guruhi) “mGovAward 2019” tanloviga “Imam Bukhary” jamoasi nomi bilan “Turizm” yo`nalishida mobil ilova yaratish bo’yicha ariza berishdi. Ular jamoaga institutimizning “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi o’qituvchisi Aslonov Qodir Zoyodullayevichni mentor sifatida taklif qilishdi.

 

“Turizm” yo`nalishi toifasi mahalliy va xorijiy sayohatchilarga O‘zbekiston madaniy boyligi, merosi, o‘ziga xosligi va hunarmandchiligini targ‘ibot qilish va turizmni rivojlantirishga qaratilgan edi. Dasturiy mahsulotni ishlab chiqishda esa tanlovning asosiy mezonlari: ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanishda oddiyligiga e’tibor qaratishni taqoza qilardi.

Samaralilik va samaradorlik – taqdim etilgan ilovaning maqsadli auditoriya o‘rtasida xizmatdan foydalanish miqyosi va davlat xizmatiga tegishli bo‘lgan muammolarni hal qilish darajasiga qaratilgan.

Innovatsiya – «Qoyil!» faktoriga asoslangan, ya’ni g‘oyalarni ijodiy birlashtirish orqali noyob, o‘ziga xos va yangi hayotiy voqealarga yo‘naltirilgan yechimlar ishlab chiqishda mijozlarning umumiy tajribasiga ta’sir qiladigan tarzda texnologiyalardan innovatsion foydalanish yoki yangicha yondoshishga qaratilgan.

Qulaylik – foydalanuvchilar nuqtai nazaridan xizmatlarning qulayligi darajasini belgilaydi. Bunda asosiy e’tibor funksiyonallikka qaratilgan, ammo u bilan cheklanmaydi. Qulaylik bu – do‘stona dizayn va qulay navigatsiya (ko‘rish va his qilish).

Talabalarimiz mentor Q.Z.Aslonov maslahatlariga amal qilgan holda tinimsiz izlanishdi va institutda olgan bilimlariga tayanib innovatsion g’oylarini tadbiq qilgan holda dasturiy mahsulotni yaratishga kirishishdi. Natijada, talabalarimiz belgilangan muddatda o’zlarining ijod mahsulotlarini “Seven Pirs” deb nomlab, uni “mGovAward 2019” tanloviga taqdim qilishdi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2020 yilning 10 fevral holatida 264 ta jamoadan arizalar kelib tushgan. Tanlovga taqdim qilingan barcha ilovalar Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekistonlik vakillardan tashkil topgan ekspertlar guruhi hakamligida chuqur o’rganib chiqildi. Natijada, ekspertlarning xulosasiga ko`ra 7 ta eng yaxshi deb topilganlari final bosqichiga oʻtgan deb maʼlum qilindi. Final bosqichiga har bir jamoa yaratgan mobil ilovalarini hakamlar oldida himoya qilishdi.

Final bosqichi Telegram-bot orqali ochiq ovoz berish koʻrinishida amalga oshirildi va uning natijalariga koʻra 3 gʻolib aniqlandi. Bizning “Imam Bukhary” jamoamiz tanlovda 2-chi o’ringa sazovor bo’lishdi. G’oliblarni taqdirlash marosimi OAVda namoyish qilindi va namoyish haqidagi ma’lumotlar bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:

Chunonchi, aynan jamoaning nomi va ular olib chiqqan ijod mahsulotlari ham bu yoshlarning ajdodlariga bo`lgan ehtiromlari mevasidir. Zero, moziyga qarab ish ko`rish xayrlidir.

 

 

“AKT” kafedrasi mudiri Sh.S. Yo’ldoshev,

“AKT” kafedrasi katta o’qituvchisi T.F.Sohibov.

“AKT” kafedrasi doktoranti  Q.Z.Aslonov.

Share this post