Blog

Sabr tagi sariq oltin. Karona virusga qarshi matonatli xalqimiz.

Yurtimizdagi vaziyat haqida, pandemiyani jilovlash yo‘lida karantin talablarining yanada kuchaytirilishini eshitib, o‘qib ta’sirlanib ketdik.

Prezidentimiz davlat rahbarlariga xos vazminlik, mulohazakorlik bilan jahondagi vaziyatga xolis baho berib, asosli dalillar keltirib, yurtimizdagi murakkab epidemiologik holat xususida kuyunchaklik bilan so‘zladi. Xalqimizning kengfeʼlligini, mehnatsevarligini, sabr-bardoshliligini, qiyinchilikni chidam bilan yengishini, saxovatpeshaligini va boshqa sifatlarini alohida ta’kidladi. Hammani jipslikka, bir yoqadan bosh chiqarib pandemiya xavfini daf qilishga da’vat etdi.

Avvallari ko‘cha-kuyda, xiyobonlarda niqob taqqan kishini ko‘rsam ajablanardim: es-hushi. joyidamikin? Endi tashqarida birorta niqobsiz kishini ko‘rib qolsam hayron bo‘laman, ro‘y-rost jahlim chiqadi: tartib-qoidani bilarmikin yo ozini bilmaslikka olyaptimikin?”, – deb.

Viloyatimiz va shahrimiz ko‘chalarida yurarkanmiz qalbimizda olohdan najot istab, sanitariya qoidalariga amal qilgan holda yig‘inlarga, tadbirbirlarga qatnashib kelyapmiz.

Hozirda, o‘z uyimizda oyoq chigilini yozib, charchaguncha jismoniy mashqlar bajaradigan, O‘zbekiston telekanallarini ko‘rib, kitob, gazeta o‘qishga va ilmiy maqollar tayyorlashga ham fursat ham imkoniyat ekanligini  aytib o’tish joizdir,  deb bildim.

Koronavirusning oldini olish, uning tez tarqalishiga qarshi kurashishga O`zbekiston peshqadamlardan bo‘lib kirishgani xalqimizni behad quvontirdi, yuraklarga umid, ishonch baxsh etdi. To‘g‘ri, dastlabki kezlarda bir qadar xotirjamlik alomatlari sezilgandek edi. Lekin, respublikamiz rahbariyati xavf-xatarning jiddiyligi, kech harakatning oqibatlarini tez anglab, darhol favqulodda, qatʼiy chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tabiati, ish uslubiga xos qatʼiyat, tezkorlik, topqirlik ko‘rsatib, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha salmoqli farmoyish, qator qarorlar qabul qildi. Bosh vazir rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi, vazirlik, tashkilot, muassasalar bu ishga jalb etildi, 10 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Bu sa’y-harakatlarni xalqimiz ko‘rib, bilib turibdi. Qilingan ishlarning zamirida xalq salomatligi, tinchligi, farovonligi yotibdi. Chunki, yurt ravnaqi, kelajagi, eng avvalo, hazrati insonlarning salomatligi, jismoniy, ruhiy bardamligiga bog‘liqdir.

Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar zamirida, donishmand bobolar o‘gitlarida, xalq maqol, matallarida qanchalik teran hikmat, keng ma’no, bashorat va ogohlik borligi shu sinovli kunlarda yana-da tasdig‘ini topdi. Donishmand xalqimizning: “Birniki mingga, mingniki tumanga”, “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” maqollari xorijdan virus yuqtirib kelib, ko‘p odamni to‘plab ziyofat berganga, dardini yashirib yurib ahvoli og‘irlashgandan keyingina shifokorlarga murojaat etgan yurtdoshlarimizga qarata aytilgandek go’yo.

Behbudiy bobomiz yuz yilcha muqaddam taassuf bilan aytgan “bizni kemirayotgan illatlar”dan to‘la qutula olmayotganimiz shu kunlarda, ayniqsa, sezilayotir. Odamlarni tinchlantirish o‘rniga vahima tarqatgan, ko‘ngillarga g‘ulg‘ula solgan ayrim noinsof nobakorlar ming afsuski uchrab turibdi. Bu gaplarni to‘qib chiqarmadik, ko‘rganlarimiz, eshitganlarimiz va o‘qiganlarimiz asosida tahlil qildik biz.

Tartib-intizomga xitoylik, yaponiyalik, singapurliklarday bir yoqadan bosh chiqarib rioya qilmasak, Prezidentimiz, soha mutaxassislari ogoh etganidek, xavotirli vaziyat uzoq davom etishi mumkin. Hamonki koronavirusni davolash chorasi topilmay turgan ekan, undan saqlanishning hozircha eng samarali yo‘li-uyda bo‘lish, favqulodda zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik.

Biz hayotsevar, nekbin xalqmiz. Virus yuqtirganlar soni aholining umumiy soniga nisbatan olganda, ancha-muncha mamlakatlar bilan taqqoslaganda kamroq, lekin raqamlar ko‘payib borayotgani tashvishli. Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o’z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda. Shunday murakkab pallada hayotini xavfga qo‘yib, kechayu kunduz tinim bilmay ishlayotgan shifokorlarga qancha qulluq qilsak, oz. Dahshatli urush yillari frontdan ota-onasiz, qarovsiz bolalar O‘zbek yurtiga keltirilganda hamyurtlarimiz, Shoahmad Shomahmudovlardek bag‘rikeng oilalar ularni o‘z bag‘riga oldi, yedirib-ichirdi, kiyintirdi. G‘afur G‘ulom “Sen yetim emassan!” degan mashhur sheʼrini yozdi, yana ko‘p asarlar bitildi. Hali shunday kunlar keladi, mehnatsevar, matonatli xalqimiz shifokorlarini shaniga atab qator dostonlar bitiladi. Buning uchun bizlar bir tanu bir jon bo‘lib, karantin qoidalariga rioya qilishimiz kerak.

Inson zoti og‘ir, mashaqqatli kunlarda sinaladi. Saragi sarakka, puchagi puchakka ajraladi. Qattol urush yillari vatanparvarlik, mehnatsevarlik, matonat, sabr, bardosh, sadoqat, saxovat, bag‘rikenglik, xayrixohlik kabi fazilatlar tez bo‘y ko‘rsatdi. Qo‘rqoqlik, sotqinlik, xudbinlik, baxillik, loqaydlik, axloqsizlik, tamagirlik kabi illatlar ming afsuski hozirgi vaziyatda ham uchrab turibti.

Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday deydi: tilsiz yov, ko‘zga ko‘rinmas dushmanga  qarshi urush holatida, eng avvalo, xavf xatarning yo’lini berkitish, temir intizom o‘rnatish kerak. Davlatimiz rahbarining tashabuslari bilan endilikda, xorijdan mutaxassislar kelib, o‘z maslahat va yordamini taklif etishyapti. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga har kuni oddiy odamlar, tadbirkorlar, fermerlar, tashkilot, muassasalar, turfa soha mutaxassislaridan pul, mahsulot, himoya vositalaridan iborat beminnat yordam uzluksiz kelib turibdi.

Prezidentimiz hammamiz birlashib, hamjihat bo‘lib kurashsak, temir intizomga qatʼiy rioya qilsak, baloni jilovlasak, so‘zsiz g‘alaba qozonamiz, deya qayta-qayta ta’kidlayapti, ogohlantiryapti. Bu chaqiriqqa quloq tutib, belgilangan qatʼiy tartib-intizomga so‘zsiz rioya qilsak, hademay ko‘chalarimizni yana turnaqator mashinalar shovqini tutadi. Bog`-xiyobonlarimiz gavjum bo‘lib, to‘y-hashamlarda kuy, ashulalar, quvnoq kulgilar yangray boshlaydi. Biz ishonamiz bunday kunga albatta erishamiz.

 

“Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi

dots. N.F.O’rinov, ass. N.O.Qalandarov

 

Share this post