Blog

Ramazon — xayr va baraka oyi

Assalomu alaykum! Hurmatli yurtdoshlar.Mo’tabar ustozlar aziz talabalar! Sizga ma‘lum, Ramazon butun dunyodagi musulmonlar uchun muqaddas oy sanaladi. Va Ramazon har bir kishi uchun maxsus ibodat oyidir. Shuning uchun musulmonlar bu oy uchun alohida tayyorgarlik ko‘radilar, o‘zlarini Ramazonga tayyorlaydilar. Sizga ma‘lumki, ramazon oyi tarobeh oyi hamdir. Ya‘ni, insonlar tunda ko‘proq namoz o‘qiydilar va kunduzi ro‘za tutadilar

Islom taqvimidagi to‘qqizinchi oy bo‘lmish Ramazon bundan bir ming to‘rt yuz yil avval muqaddas Qur‘oni Karimning ilk oyatlari Muhammad Alayhissalomga nozil bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keladi. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopilishi aytiladi.Bu yil ramazon bir oz qiyinroq bo‘lishi mumkin.Chunki Koronavirus degan bu balo bizning yurtimizni ham chetlab o’tmadi.Ammo nima bo’lganda ham bizning sabrli xalqimiz aziz musulmonlarimiz bu qiyinchilikni yengib, ro‘za tuta oladilar deb o‘ylayman. Alloh hammaga quvvat bersin!

Ramazon ro‘zasi Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng, hijratning ikkinchi yili sha’bon oyida farz qilingan. Ramazon oyi ro‘zasini tutish Qur’oni karim, Sunnati nabaviy va Ijmoi ummat bilan sobit bo‘lgan.Alloh Taolo Baqara surasining 183-oyatida marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz».

Rasululloh (s.a.v): «Kimki ramazon ro‘zasini iymon e’tiqod va Alloxdan savob umid qilib tutsa uning o‘tgan gunohlari kechirilib yuboriladi» — dedilar (Buxoriy rivoyati).

   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel  videoselektor yigʻilishida” Bugungi oʻtkinchi qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazoni sharif har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka baxsh etadi, bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatimizni yana-da ziyoda qiladi, deb ishonaman.”-dedilar

Ilohim bu oyni g‘animat bilib, komil inson fazilati bilan mohi ramazoni sharifni oxiriga yetkazmoqlikni nasib etsin. Alloh bu muborak kunlarni ro‘za, toat-ibodat, Qur’oni karim tilovati, kishilar qalbiga xursandchilik solishini nasib etsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, rizqimiz but bo‘lib, koronavirus pandemiyasi butun dunyodan bartaraf bo’lsin, kelasi yilgi ramazonga barchamizni salomat yetib borishimizni nasib etsin. Bu oyda Alloh taolo roziligi uchun ibodat qiladigan insonlar hayotlaridan mamnun bo‘lishlarini istayman.Men Allohdan barcha insonlarga, jumladan o‘zbekiston  xalqimga ham omad, baxt, taraqqiyot tilab qolaman.

G’aflat oyi emas bu,

Ovqat oyi emas bu,

Rahmat oyi demak bu,

RAMAZONIM KELMOQDA!

 

                              “Xorijiy tillar” kafedrasi ingliz tili o’qituvchisi

                                        Tillayeva Shahlo Maqsudovna

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.