Blog

Pandemiyaning oliy ta’lim professor-o’qituvchilar faoliyatiga ta’siri

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, YuNESKO, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), hamda Jahon banki ushbu pandemiyani o‘rta, maxsus va oliy ta’limning fors-major vaziyatlarga tayyorgarligini tekshiruvdan o‘tkazayotgan holat deb baholashmoqda. Buning sababi, jahondagi barcha ta’lim muassasalari yangi formatga o‘tib, ommaviy tarzda masofali o‘qitish tajribasini qo‘llashga majbur bo‘lishdi. O‘z o‘rnida, bu qator muammolarni keltirib chiqardi. Birinchidan, internet texnologiyalaridan foydalanish uchun o‘qituvchi va talabalarda raqamli savodxonlikning yetarli emasligi, ikkinchidan, internet tezligining pastligi, uchinchidan esa, ba’zi mamlakatlarda internetga ulanish imkoniyatining kamligi yoki aholining aksariyat qismi uchun deyarli yo‘qligi va to‘rtinchidan, aksariyat ta’lim oluvchilarda masofaviy o‘qish uchun texnik vositalarning (kompyuter, noutbuk, gadjetlarning) mavjud emasligi. Shubhasiz, bunday holat ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etmasdan qolmadi, texnik nosozliklar va boshqa omillar o‘quv jarayonida uzilishlarga olib keldi.Lekin shu bilan birga, jahon ekspertlari pandemiya tufayli joriy qilingan qat’iy karantin qoidalari ta’lim, jumladan oliy ta’lim uchun yangi imkoniyatlar yaratganini e’tirof etishmoqda. Xususan, Armanistonda karantin paytida masofaviy ta’lim olish imkonini beruvchi universitetlarning yagona iUniversity platformasi ishga tushirildi, Birlashgan Arab Amirliklari global tarmog‘ida ta’lim olish va biznes yuritish uchun 5 ta: Google Hangouts Meet, Cisco Webex, Avaya Spaces, Blue Jeans va Slack nomli ilovalar uzluksiz ishlay boshladi. Kiprda ta’lim va fan vazirligi Pedagogika instituti orqali masofaviy ta’lim olib borish uchun o‘qituvchilarni tezkor tayyorlash ishlarini tashkil qildi. Rossiya universitetlarida esa qo‘shimcha reallik (AR – augmented reality) texnologiyasining qo‘llanilishi (RF “Perviy kanal”dagi “Vremya” axborot ko‘rsatuvi, 2020 yil 12 maydagi efir) ta’limda innovatsiya bo‘ldi.Umuman olganda, O‘zbekistonda aksariyat universitet va institutlar darslarni masofaviy shaklda o‘tkazishga qisman tayyor edi. Oliy ta’lim muassasalari platformalarida Moodle tizimi shakllantirilib, unga barcha o‘quv predmetlari bo‘yicha elektron resurslar joylashtirilgan edi. Ammo, mazkur tizim bundan bir necha yil avval joriy qilingan bo‘lishiga qaramay, unda ishlash amalda sust edi, shu bois, mamlakatimiz tarixida birinchi marta favqulodda tashkil etilayotgan masofaviy ta’limni joriy qilishda o‘ziga yarasha muammolar va qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy edi.Ochig‘ini aytganda, biz bunga hali tayyor emasdik. Albatta, o‘qituvchilar har yili AKT bo‘yicha malaka oshirish kurslarini o‘tishadi, biroq masofada ishlash amaliyoti ko‘pchilikda shakllanmagandi, ba’zi o‘qituvchilar bundan istisno albatta.Shuning uchun, qisqa muddatda yangi sharoitga moslashishga to‘g‘ri keldi. Darhaqiqat, Zoom internet platformasida ishlash misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni berdi. Nafaqat o‘qituvchi, balki talabalar ham yangi ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.Masofaviy va onlayn ta’limni tashkil etishda o‘qituvchi va talabalar bir qator muammolarga duch kelishdi, jumladan:internet tezligining nafaqat hududlarda, balki viloyatlar markazida ham pastligi, markazdan uzoq joylarda internetga ulanish imkoniyatining deyarli yo‘qligi;o‘quvchilarda texnik vositalarning yetishmasligi, aksariyat hollarda oilada bitta gadjet bo‘lib, undan foydalanish uchun navbatga turishga to‘g‘ri keldi.Mamlakatimiz  masofaviy va onlayn ta’limga o‘tishga hali tayyor emas edi, jumladan, bu borada professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha tashkiliy ishlar qilinmagan edi. Shuning uchun o‘qitishning sifati, uni tashkil etish hamda hududlardagi aloqa tizimi bilan bog‘liq muammo va qiyinchiliklar yuzaga keldi. Shuningdek, videodarslarning vaqt me’yori 80 minutni tashkil qilmaydi (buning bir nechta sabablari bor: internet tezligi nihoyatda past, talabalarning moddiy imkoniyati mavjud trafiklarga yetmaslik ehtimoli kattaligi va h.k.). Shu jihatdan, o‘qituvchilar o‘zlarining 80 daqiqalik ma’ruzasini metodik mahorat orqali qisqa vaqtga (20-30 daqiqa) keltirish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim edi. Bunda tavsiya etiladigan asosiy adabiyotlar, talabalar tomonidan ularni topish va foydalanish uslublari, mavzuga oid asosiy tushuncha va tamoyillar, yakuniy xulosa va vazifalar berilishi lozim. Lekin bu maqsadga barcha ham erisha olmagan.Biz talabalarni videodarslar orqali ta’lim olishini to‘la nazorat qila olmadik. Shu nuqtai nazardan, telekanallar, internet saytlarda joylashtirilgan videodarslar mashg‘ulotlari o‘qituvchi, murabbiylar bilan bir qatorda ota-onalarga ham birdek mas’uliyat yuklaydi. Jumladan, farzandining internetdagi turli dasturlar orqali berib borilayotgan darslarni muntazam tomosha qilishlari uchun sharoit yaratish, doimiy nazorat qilish, mavzularni o‘zlashtirishiga, vazifalarni bajarishga yordamlashish, shuningdek, farzandining o‘qituvchisi bilan xabar almashishda internet orqali aloqani ta’minlab berishlari lozim.Eng asosiy muammo, talabalarning mamlakatning turli hududlari – poytaxt, viloyat markazi, tuman markazidan eng chekka qishloqlarda istiqomat qilishi hamda ularda aloqa tizimining ham hududlariga qarab har xil bo‘lishidir. Bu jarayonda faqat poytaxt, viloyat va tuman markazlarida istiqomat qiluvchi talabalarning imkoniyati bir oz yuqori bo‘ldi.Karantin davrida tashkil etilgan onlayn ta’lim ustozlar va talabalarning tabaqalanishiga, ya’ni shu jarayonga faol qatnashib, virtual ta’limning yutuqlaridan foydalanganlar hamda o‘z mahoratini, malakasini oshirganlar va deyarli ishtiroksiz o‘quv yilini yakunlayotgan guruhlarga ajratdi. Har holda, favqulodda o‘tilgan onlayn ta’lim tahsil oluvchi va tahsil beruvchining mutaxassislik doirasida bilimlarini odatdagi tizimga qaraganda oshirmagan bo‘lsa-da, ma’lum saboq va malakalarga ega bo‘lishiga xizmat qildi.Imkoniyatlar haqida aytadigan bo‘lsam, bunda ham o‘qituvchi, ham talaba, jamoaviy ishlashni o‘rgandi. Biroq, bunday ishlash tartibining muayyan nuqsonlari borligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, talabalar o‘qituvchi tomonidan belgilangan topshiriqlarga javoblarni ko‘chirib, Telegram kanali orqali bir – birlariga jo‘natish holatlari kuzatildi. Shuning uchun, fikrimcha, o‘qituvchi har bir talabaga vazifani alohida, individual berishi kerak.Bu borada erishilgan yutuqlar shundan iboratki, yoshidan qat’iy nazar barcha professor-o‘qituvchilarda ta’lim platformalari bilan ishlash, masofaviy ta’lim va uni olib borish sohasidagi bilim va ko‘nikmalari shakllandi yoki rivojlandi. Kelajakda masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar esa tahlil etib borilmoqda. Masofaviy ta’lim ayni paytda kelajak uchun eksperiment vazifasini o‘tamoqda, desak adashmaymiz. Masofaviy ta’limning yutuqlaridan biri, fikrimcha, talabalar bilan muloqotning xilma xilligidir. Bunda talaba aytmoqchi bo‘lgan javobini matn, audio yoki video shakllarda bayon etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa auditoriya sharoitida omma oldida o‘z fikrini ovoz orqali bayon eta olmaydigan yoki bundan tortinadigan talabalar uchun qulay shaklidir. Respublikada masofaviy ta’limning rivojlanish istiqbollariga kelsak, masofaviy ta’lim ikki yo‘nalishda, ya’ni real vaqt rejimiga asoslangan sinxron yoki real vaqt rejimiga asoslanmagan nosinxron tarzda kechishi mumkin. Ammo, ikki yo‘nalish uchun ham Internet tezlik jihatidan yaxshi ishlashi kerak. Busiz masofaviy ta’limning istiqboli bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, hozirgi pandemiya sharoitidagi masofaviy ta’lim odatdagi masofaviy ta’limdan farqlanadi. Pandemiya sharoitidagi masofaviy ta’lim favqulodda holatdagi masofaviy ta’limdir. Shu bois, hozirgi sharoitda ta’lim berish va ta’lim olishga moslashmagan Telegram singari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga majbur to‘g‘ri kelmoqda.Kelajakda masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish uchun esa odatiy masofaviy ta’limni boshqarish tizimi, ya’ni Moodle kabi ta’lim platformalarini takomillashtirish, ularni qulay va yanada tushunarli funksiyalar bilan boyitish o‘ta muhimdir. Buning uchun pedagog va axborot texnologiyalari mutaxassislarining yaqindan hamkorligi talab etiladi.

“Xorijiy tillar”kafedrasi kata o’qituvchisi I.O.Shodiyeva.

Bux MTI metodisti N.U.Qudratova.

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.