Blog

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim sohasidagi korrupsiyani qanday yo‘q qilsa bo‘ladi?

Buxoro MTI “Xorijiy tillar” kafedrasi o’qituvchisi Sharipova F.N.

Poraxo‘rlikning keng quloch yozgani yil sayin O‘zbekistonning investitsion jozibaliligi so‘nib borishiga olib kelishi mumkin.

Ta’lim sohasida korrupsiya haqida gapiradgan bo‘lsak, yana o‘sha manzarani kuzatamiz — ta’limning (asosan oliy ta’limning) korrupsiya ko‘lami O‘zbekiston universitetlarining chet ellik talabalar uchun jozibaliligini tushirib yuboradi. O‘zbekistonga kelib tahsil oladigan talabalar sonining kamayishi esa O‘zbekiston oliy ta’limi obro‘sining tushib ketishiga olib keladi. Shu sababdan ta’lim sohasidagi korrupsiya, sud tizimi, ijroiya organlari tizimidagi korrupsiya muammolari bilan bir qatorda turadi.

Oxirgi ikki yil ichida O‘zbekistonda korrupsiya ko‘rinishlarining kamayishining barqaror tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu kompleks va tizimli oldini olish choralari ko‘rilganining natijasi bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatda korrupsiya bilan kurashishning barcha qonuniy-huquqiy vositalari yaratilgan. Korrupsiya bilan kurash strategiyasi tasdiqlandi, “Korrupsiya bilan kurash haqida” kabi muhim qonunlar qabul qilindi. O‘z navbatida, korrupsiyani ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilmaslikka qaratilgan ochiq fikrlash, huquqiy va moliyaviy madaniyatni shakllantirish, shuningdek kundalik hayotda uchraydigan korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilish umumiy vazifalardan biri bo‘lib qolishi kerak. Kundalik hayotdagi korrupsiya oddiy fuqaro davlat tashkilotlariga: ta’lim, sog‘liqni saqlash yoki qonunni himoya qilish (kuch ishlatar) muassasalariga kelganda odatda duch keladigan korrupsiyadir.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya sharoitida O‘zbekiston 2035-yilga borib dunyoning eng raqobatli 50 mamlakatlari qatoriga qirishiga erishish uchun eng muhim shart bo‘lmish inson kapitalini rivojlantirish masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. So‘nggi ikki yil ichida ta’lim sohasi uchun ajratilayotgan mablag‘lar oshdi. Bu davrda O‘zbekistonni xalqaro ta’lim tizimiga integratsiya qilish faol olib borildi.

Korrupsiyaning paydo bo‘lishi omillari

Oliy ta’lim tizimidagi korrupsiyani ikki qatlamga ajratish mumkin: quyi va yuqori. Quyi darajadagi korrupsiya bevosita ta’lim jarayonida namoyon bo‘ladi: o‘quv yurtlariga qabul qilish, kirish imtihonlari, oraliq va bitiruv imtihonlarini topshirish va hok. Yuqori darajadagi korrupsiya tekshirishlar/akkreditatsiya, universitetlar uchun kvotalar ajratish, OAQ tizimi, o‘quv yurtlarini molliyalashtirish (jumladan, darslik adabiyotlarini nashr qilish uchun budjet mablag‘lari ajratish) bilan bog‘liq.

Umumta’lim tizimidagi korrupsiyada asosan ota-onalar hamda o‘qituvchilar va maktab direktorlari qatnashadi. Bolalar bunda qatnashmaydi. Universitetlarda talaba, aytaylik, imtihon uchun pul to‘laganda hayotidagi eng muhim darsni o‘rganadi. Birinchidan, ba’zi masalalarni oson hal qilsa bo‘ladi. Ikkinchidan, tizim poraxo‘rlikka asoslangan bo‘lsa, demak, u ham universitetni tugatgach, xuddi shunday ish tutsa bo‘ladi, shu yo‘sinda bu narsa boshqa sohalarga ildiz otib ketaveradi. Shuning uchun ta’lim sohasidagi korrupsiya juda jiddiy tizimli muammo hisoblanadi. Shuningdek, biz uni yangi boshqaruv tizimni joriy qilib, kuzatuv kengashining universitet boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qilish faoliyatiga keng ochiqlik berib va jamoatchilik nazorati o‘rnatib tizimli hal qilishimiz lozim.

Korrupsiyaning gullab-yashnashiga o‘zimiz aybdormiz: porani o‘zimiz uzatamiz va bu bilan o‘qituvchilarning ishtahasini yanada oshiramiz. Poraxo‘rlarning o‘zi korrupsiya bilan kurash olib borar ekan, hech qanaqa qonun yordam bermaydi.

Biz O‘zbekiston Respubliksi oliy ta’lim sohasidagi korrupsion tizimning voqe bo‘lishida barcha tomonlar: abituriyentlar ham, ota-onalar ham, o‘qituvchilar ham va oliy o‘quv yurtlari ma’muriyatlari ham barobar aybdorligi haqida o‘zimizga hisobot berishimiz lozim. Bundan 10–15 yil keyin har qanday sohada O‘zbekiston mutaxassislarining qaysi avlodi faoliyat olib borishini tasavvur qilishimiz kerak. Farzandlarimizga kimlar dars beradi, ularni kimlar davolaydi? Javob esa o‘z-o‘zidan ma’lum: bugungi kunning bechora chalasavodlari.

Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog‘liq. Chunki har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ko‘payishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘lib kelmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.

Share this post