Blog

O’tmish xatosi kelajak xulosasi

Buxoro muhandislik -texnologiya instituti

“Xorijiy tillar ” kafedrasi o’qituvchilari

Sharipova F.N. Barotova M.B.

Birni ko’rib fikr qil, mingni ko’rib shukur qil!

               Bugungi kunda butun dunyoni, yosh-qari, katta-kichik, oqtanli yo qora tanli  umuman hammani qattiq qo’rquv qamrab oldi. Koronavirus – viruslar ichida eng tez ta’sir qiluvchi, dahshatli oqibatlarga olib keluvchi ko’rinmas virus dunyo bo’ylab barcha shahar va mamlakatlarga, xonadonlarga yovuzlikni olib keldi va ko’plab insonlarning o’limiga, oilalarning parokandaligiga sababchi bo’lmoqda. Bir vaqtlar odamlar bilan gavjum bo’lgan ko’chalar va shaharlar birin-ketin o’lik chiqqan xonadondek sukutga botdi. Ushbu dahshatli pandemiya tufayli dunyo kutilmagan manzara guvohiga, yana ham aniqroq aytsa, shu holat ishtirokchisiga aylandi. Bunday holatni oldindan tasavvur etganida insoniyat bu darajadagi og’ir sinovga tayyorgarlik ko’rar edi, ammo falokat aytib kelmaydi deganlaridek, to’satdan yopirilib kelgan bu baloyi ofat hammani dovdiratib, butun dunyoni larzaga keltirdi. COVID-19 global sog’liqni saqlash inqirozini keltirib chiqardi, shu bilan birga bizning kundalik hayotimizni idrok etishimizga chuqur ta’sir ko’rsatdi. Bunday og’ir sinov insoniyatni bir biriga birlashtirdi, hamjihatlikka bir birini tushunish, yakdil bo’lishiga sababchi bo’ldi. Bizning xalqimiz ham ushbu og’ir sinovlarga bo’yin egmadi, pandemiyaning fojiali oqibatlari ta’siriga berilmadi, aksincha unga qarshi kurashishda yaxshilikka ishonch to’la qalblar birlashdi.   Prezidentimizning oqilona va uzoqni ko’zlagan siyosati bu ishonchni oziqlantirdi va shu ruhda hozirga qadar davom etmoqda.

Tarixdan ma’lumki, insoniyat ko’plab ommaviy o’limlarga duch kelgan, ularning aksariyati mahalliy xarakterga ega bo’lgan. Hatto bobomiz Ibn Sino ham vabo kasalligi tarqalgan bir necha hududlarga borib uning davosini topganliklarini o’z asarlarida yozib qoldirganlar. Bugungi kunda, tarixda birinchi marta, insoniyat global xavfga duch kelmoqda, bu nafaqat odatdagi turmush tarzimizni salbiy ta’sir ko’rsatdi va bizning farovonligimizga zarar etkazdi, balki milliardlab odamlarning hayotini xavf ostiga qo’ydi. Bu tahdid butun dunyoni vahimaga solib qo’ydi, jahon urushlaridanda kuchliroq xavf tug’dirib, ulardan kengroq ko’lamni qamrab oldi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo sog’liqni saqlash vazirliklari va tashkilotlari uchun global muammoga aylandi, infektsiya tarqalishini oldini olish, xavfini kamaytirish, davosini toppish kabilar eng dolzarb, eng qiyin va yechimi mavhum bo’lgan muammolardir. Insoniyat uchun bu global inqiroz va katta sinovdir. Shunday bo’lsada, tinimsiz izlanish va mehnatlar o’z samarasini bermoqda, ushbu pandemiyaning oldini olish va nazorat qilishdagi ijobiy natijalar asta-sekin kengayib bormoqda.

Xususan, bizning yurtimizda pandemiyaning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz rahbari epidemik vaziyatga to’g’ri baho bera oldilar va keskin chora-tadbirlar ko’rishga farmon va farmoyishlar, ko’rsatmalar berdilar. Buning natijasida Toshkentda alohida kasalxona yaratilib, maxsus shifokorlar COVID-19 bilan kurashish uchun safarbar etildi. Bu shifokorlar mukofot tariqasida mablag’ bilan ta’minlandi. Ularga yuksak hurmat va e’tibor qaratildi. Shifokorlarimizning va chet eldan keltirilgan mutaxassislarning betinim harakati tufayli yurtimizda ushbu pandemiya oqibatida o’lim holatlari deyarli qayd qilinmadi. Ayniqsa maxsus profilaktika choralarini ko’rish aholi orasida bu illatning tarqalishini sezilarli kamaytirdi.

Ibn Sino ham bunday kasalliklarni davolashdan ko’ra oldini olishlik muhim vazifaligini qayta-qayta uqtirganlar va o’sha davrda ham maxsus profilaktik choralarni xalq ommasiga havola etganlar. Ularni turli regionlarga maxsus tarqatganlar. Jumladan, doim tozalikka e’tibor berish va kassallik yuqish xavfi ko’p bo’lgan joylarga bormaslik, bunday pandemiya xavfi davrida bozor, masjid va to’ylarga borish, odam yig’ish kabi hollardan uzoqroq yurish ayniqsa muhimdir. Shu munosabat bilan yurtboshimiz ham garchi pandemiya xavfi sustlashgan bo’lsada, profilaktika qoidalariga qat’iy rioya qilish, to’ylarni 30 kishilik davralarda o’tkazish, masjidlarga qatnovlarni vaqtincha to’xtatish kabilarni qat’iy ta’kidladilar. Har kim o’zini, oila a’zolarini, yaqinlarini, qolaversa, yurtimizni asrashga, uz hissasini qo’shishi lozimligini uqtirdilar va butun O’zbekiston odamlarini shunga da’vat qildilar.

Pandemiya qanday tugashini hozircha hech kim bilmaydi. Ushbu koronavirus o’zining oson o’tkazuvchanligi bilan ma’lum va mashhur, shuning uchun umuman yo’qolib ketgunga qadar davom etadigan jarayon mavhumligicha qoladi. Ammo o’tmishdagi pandemiya kelajakka ishora qiladi. Bu kasallik insoniyatni birlashishga, tabiatni asrab avaylashga, undan oqilona foydalanishga undadi. Insoniyat shu ruhda davom etsa nafaqat bu kasallikni, balki uning avlodlariga xavf solishi mumkin bo’lgan qolgan baloyu ofatlarni ham ma’lum darajada oldini olgan, tabiatni muhofaza qilib kelajakka aslicha yetkazib berishga o’z hissasini qo’shgan bo’lar edi.

 

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.