Blog

“Ona tilim – muqaddas tilim!”

Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang…

        Ilk bora dunyoga kelgan chaqaloq, avvalo, onasiga nazar soladi, u bilan o‘zicha suhbatlashadi, uning yoqimli alllasidan orom oladi va ona tili uning ongiga singib boraveradi. Shu tariqa, insonda ona tiliga bo‘lgan mehr-muhabbat, sadoqat, hurmat va e’tiqod go‘daklik chog‘idanoq paydo bo‘la boshlaydi. Ona  tiliga  bo’lgan  mehr  ham  onaga  bo‘lgan  muhabbat singari  e’zozlanadi.  Shu  til  orqali  inson hayotni  taniydi,  oqdan qorani,  yaxshidan yomonni ajratadi.  Shu  tilda savod chiqarib,  bilim  chashmasidan  bahramand bo‘ladi. Shundan bo‘lsa kerakki, ona tilimiz – onamizdek aziz va muqaddas hisoblanadi.

Bizga buyuk allomalarimiz – al-Beruniy, ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan bebaho xazina qilib qoldirilgan o‘zbek tili sayqal bergan sari yashnayveradigan san’at durdonasidir .

G‘azal mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy o‘zbek tilining o‘z davrigacha hech kim anglamagan imkoniyatlarini ilg‘ay olgan va uni o‘z asarlarida yuksak cho‘qqiga ko‘targan.

1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bilan, tilimiz qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Buyuk bobolarimiz so‘zlashgan til – mana, 31 yildirki, o‘z qadr-qimmatini aslo yo‘qotgani yo‘q, u hamisha qalbimizda, e’zozimizda.

O‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan bo‘lgan  Abdulla Qodiriy ta’biri bilan aytganda, “o‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.

Darhaqiqat, Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”.

Shunday ekan, davlatimizning muqaddas timsoli bo‘lgan ona tilimizni ulug‘ ajdodlar qadrlagandek sevish, uning go‘zalligi va sofligini saqlash, betakror so‘zlar durdonasini  asrab-avaylash, boyishiga hissa qo‘shish, jozibador so‘zlarning talaffuzini buzmagan holda, kerak bo‘lsa, xorijiy so‘zlar bilan qorishtirmasdan so‘zlash har birimizning muqaddas burchimiz hisoblanadi. Zero, til yuksalishi millat yuksalishining asosidir!

Notiq dedi:
“Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo‘qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda”.

***

Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!

“Yengil sanoat” fakulteti  “Yoshlar bilan ishlash bo’yicha”  

dekan muovini D.S. Kazakova

 

Share this post