Navro`z bayramiga tabrik!

Navro`z bayramiga tabrik!

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!

Navroʻz — yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq yangi kunning boshlanishidir. 21-mart kecha va kunduz tenglashgan kun — Yangi yil, yani Navroʻz bayrami sifatida Sharq xalqlari tomonidan keng nishonlanadi.

Ota-bobolarimiz, buvi-momolarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar oʻtkazishgan. Qadimda ajdodlarimiz Navroʻz kunlari qishki manzillari — qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari -yozloqlarga koʻchib oʻtishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar erga qoʻsh solishgan. Jamoa-jamoa boʻlib, hasharlar uyushtirishgan. Oʻtgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ommaviy ravishda meʼvali, manzarali daraxtlar oʻtqazilgan. Dalalarda, yozloqlarda Navroʻz — yangi yil, yangi hayot qaynagan. Ajdodlarimiz Navroʻz bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navroʻz taomlari ham oʻziga xos boʻlgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayerlash ananaviy tusga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol boʻlgan. Ular Navroʻz bayramida turli ommaviy bayram oʻyinlari oʻynaganlar. Ot oʻyin, chillak, qoʻgʻirchoq, toshoʻyin, lapar aytish va hokazolar shular jumlasidandir. Bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, boʻy qizlar sumalak pishirish marosimida faol ishtirok etish uchun ancha ilgariroq tayyorgarlik koʻrishgan.

Bu jarayonlarda turli-tuman xalq oʻyinlari, bahor qoʻshiqlari ijro etilgan. Kitobxonliklar, turli jismoniy tarbiyaga oid sovrinli oʻyinlar, musobaqalar tashkil etilgan. Koʻpkari-uloq, kurash oʻyinlari, hayvon va parrandalar (xoʻroz, it, qoʻchqor)ni urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor oʻyinlari, turli xil xalq tomoshalari oʻtkazilgan. Navroʻz — mehnat, mehr-oqibat, insonparvarlik bayramidir. Bu kun marhumlarning qabrlari ziyorat qilinadi. Keksa, nogiron, yolgʻiz qariyalar, ota-onalar yoʻqlanadi. Kishilar bir-birlariga sovgʻa-salomlar ulashib, shirinliklar hadya etishadi. Navroʻz — muhabbat, sevgi, sadoqat bayrami. Navroʻz munosabati bilan nikoh toʻylari oʻtkazilgan. Yigit-qizlar bir-birlari bilan ahdu paymon qilishgan. Yangi tushgan kelin qoʻlidan choy ichish maqsadida „kelin koʻrdi“ga borilgan. Navroʻz — doʻstlik, birodarlik bayramidir. Ushbu kunni nafaqat Sharq xalqlari, balki millati, dini, eʼtiqodidan qati nazar, barcha bayram qiladi.

Shu munosabat bilan sizlarni institutimiz, kafedramiz nomidan yangilanish fasli bahor hamda ajoyib bayram “Navro’z” ayyomi bilan chin dildan qutlaymiz! Ushbu kunda sizni quvonch va shodlik tark etmasin! Yurtimiz O’zbekistonning yangi yilida yangi orzularingiz amalga oshishini tilab qolamiz! Bugungi Navro’z ayyomini ko’tarinki kayfiyatda o’tkazishingizni tilab qolamiz!

Sog’inchlardan yasay sizga guldasta,

Guldastaga qilib qalbim payvasta.

Olislardan turib deyman men asta,

Navro’zi ayyom muborak bo’lsin!

 

BuxMTI, “TJBAKT” kafedrasi o’qituvchilari: F.Xalilov, S.Raxmatov, A.Hojiyev