Muzeylar – tarix ko`zgusi.

Xalqning ma`naviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ham muzeylarning o`rni beqiyos.
1977 yildan buyon dunyoda an`anaviy tarzda 18 may «Xalqaro muzeylar kuni» sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu haqda «Xalqaro muzeylar maslahati» (International Council of Museums, ICOM) tashkilotining 1977 yildagi yig’ilishida qaror qabul qilingan. «Muzeylar to`g’risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi «2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to`g’risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`lib xizmat qilmoqda.
Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros bo`lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma`naviy-ma`rifiy xazina bo`lib, u yillar davomida boyib, to`lib boradi.
Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo`lib qolmasdan, ular bizni o`tmish sayohatigа chorlovchi yo`lchi yulduz hamdir. Muzeylar ma`nan boyib, muntazam kengayib boradi. SHu boisdan har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an`analar hamda qadimiy yodgorliklarni o`rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o`rni beqiyos. CHunki ular uzoq o`tmishdan meros bo`lib kelayotgan madaniyat, ma`rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig’indisi bo`lib, ajdodlar va avlodlar o`rtasida ko`prik vazifasini bajaradi, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi. SHu bilan birga muzeylar mamlakatning madaniy qiyofasini kashf etishda hamda xalqimizning  o`zligini namoyon qilishda katta ahamiyatga ega.
Buxoro dunyo madaniyatining eng qadimiy manzillaridan biri hisoblanadi. Viloyatdagi 829 ta madaniy yodgorlikning 287 tasining tarixi ming yilliklarga borib taqaladi.
Eng ko’hna madaniy meros ob’yektlaridan biri Ark qal’asi bo’lib, u qadimda Buxoro shahrining markazi hisoblangan. Buxoro arki milodning boshlarida qurila boshlanib, XVI asrda Shayboniylar sulolasi davrida ansambl holiga kelgan. Ark qal’asining barpo etilishi Eron podshosi va turk ayolining farzandi Siyovush nomi bilan bog’liqdir. Ma’lumotlarda keltirilishicha, Siyovush Samarqand podshosi Afrosiyobdan yengilgach, shu yerda – Zarafshon daryosining quyi irmoqlaridan birining sohilida to’xtagan va shaharning yaratilishiga asos solgan. Siyovush Afrosiyob tomonidan o’ldirilganidan keyin Buxoroning Sharq darvozasi yonida ko’milgan degan rivoyatlar bor. VII asrda Buxoro hokimi Bidun vayrona holiga kelgan arkni qayta tiklatgan. O’sha davrda ark oldida katta maydon – registon, uning atrofida savdogar va zodagonlarning yuzlab qo’rg’onlari bo’lgan. Hokim va uning qarindoshlari qo’rg’oni yonida asosiy shahar – shahriston joylashgan. Ko’plab me’moriy yodgorliklarni o’zida jamuljam etgan ko’hna Ark qal’asi ko’p asrlar mobaynida amirlikning qarorgohi bo’lib kelgan. Bu yerda amir, uning bosh vazirlari, harbiy boshliqlar, amirning ko’p sonli xizmatchilari yashaganlar. Ark qal’asida hukmdorlar uchun saroy, ko’rinishxona, masjid va turar-joy binolari bunyod etilgan. Ark qal’asi baland mustahkam peshtoq bilan ulug’langan. Registon maydonining salobati hokimiyatning buyukligini ko’rsatgan, uni bosib olish mumkin emaslik belgisini bildirgan. Uning devorlarl tevaragida shahriston joylashgan – Shahristonni savdo-hunarmandchilik maskani – rabot qurshab turgan.
Ark ichkarisiga olib kiradigan uzun dolon yo’lakning Chap devorida 12 ta va o’ng devorida 13 ta taxmon-tokcha joylashgan. Chap tomondagi tokchalarning ba’zilarida zindonga kiradigan eshikchalar bor.
”Guldasta”lar tagida xavfli jinoyatchilar saqlanadigan zax va dim yerto’la – kanaxonalar bo’lgan. Dolonning o’ng tomonidagi o’rta tokchada afsonaviy qahramon Siyovush arvohiga Navro’z bayramlarida Chiroq yoqilgan. Amir saysxonasiga (otxonasiga) ham shu yerdagi zinadan kirilgan (otxona mahbuslar joylashgan xonalar ustida bo’lgan). Dolondan chiqaverishda to’pchi boshining mahkamasi, shu yerdagi ayvon tagidagi yerto’lada esa qiynoqxona bo’lgan. Undan sal narida (g’arbiy burchakda) XVIII asrda peshayvonli Juma masjidi qurilgan.
Masjid devorlarini ichki tomonidagi naqshlar orasiga Qur’on oyatlaridan bitilgan. Peshayvon shipi murakkab girrix naqshlar bilan bezatilgan. Ark qal’asining shimoli-g’arb burchagida to’pchi boshining uyi joylashgan. Masjidning sharq tarafida oshxona, orqa tarafida zarbxona (Oltin, kumush va chaqa tangalar zarb qiladigan xona) joylashgan. Zarbxonaning shimoli-sharqida zargarxona, janubida devonbegining mahkamasi va qushbegiga qarashli binolar bo’lgan (ba’ zi binolar hozir ham bor). Juma masjididan boshlangan tor yo’lak qushbegi hovlisi orqali chorsuga tutashgan. Chorsuning chap tomonida tosh yotqizilgan katta hovli – ko’rinishxona o’rnashgan. U yerda elchilar qabul qilingan va amirlarning taxtga o’tirish marosimlari o’tkazilgan. Hovliga kiraverishdagi naqshli peshtoq 1605-yilda qurilgan. Hovlining uch quyosh tushar tomoni peshayvon bilan o’ralgan.

Oldingi peshayvonda ikki qator naqshli ustunlar bo’lib, ularning qoshi pastdan yuqoriga yo’g’onlashib boruvchi muqarnaslar bilan bezatilgan. Nurota marmaridan qilingan taxt ana shu ayvondagi taxtiravon tagida turgan. Hovlining janub tomonida Mehmonxonai Rahimxoniy va qorixona qurilgan (XVIII asr). Bu binolar tagida yerto’lalar bo’lib, ularda xazina saqlangan. Arkning g’arb tomonidagi hovlida mirzalar va xizmatchilar uchun ikki qavatli binolar qurilgan. Sal narida salomxona, undan Sharq tomonda mehmonxonalar, mansabdorlarga qarashli boshqa binolar (miyon hovli) joylashgan. Janubroqda hammom, uning Sharq tomonida kichkina masjid qurilgan, ular hozirgacha saqlangan. Arkning markazida o’rda (amirning xotinlari turadigan uylar), shimolida qushbegi xotinlari turadigan uylar joylashgan. Arkning sharqiy devori bo’ylab g’ulombachchalar (soqchilar) xonasi, janubi-sharqiy burchakda dorixona (o’q-dorilar xonalari) joylashgan.

1993 yilda YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan Ark qal’asi bugungi kunda muzey vazifasini o’tamoqda.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlari fakul’teti «Texnologik  jarayonlarni boshqarishning axborot-kommunikatsiya tizimlari» yo`nalishi ikkinchi bosqich 701-20 TJB guruhi talabalari ustozlari «TJBAKT» kafedrasi dotsenti Saliyeva Olima Kamalovna va shu kafedra assistenti SHaripova Nazira Raxmatilloyevna rahbarligida Buxoroning yuragi hisoblangan Ark qo`rg’oniga sayohat uyushtirishdi.
Qadim tarixning nafasi ufurib turgan tarixiy obidani tomosha qilish mobaynida talabalar o’zbek xalqi ustalarining mahoratiga yana bir bor qoyil qolishdi. Sayohat davomida olgan taassurotlari ularda milliy iftixor tuyg’ularini yanada mustahkamladi.