Blog

Korrupsiya –ta’lim tizimini yemiradigan ofatlardan biri

Aytishlaricha, Janubiy Afrika Respublikasidagi universitetga kiraverishda shunday so‘zlar yozib qo‘yilgan ekan: “Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa, bas!”. Aslida ham ta’limning barbod bo‘lishi — millatning, davlatning tanazzulga uchrashi.

“Korrupsiya” terminiga rasmiy hujjatlar, ilmiy, o‘quv adabiyotlarda turlicha ta’riflar beriladi. Ammo ularning barchasini bitta narsa umumlashtiradi: “Korrupsiya — har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladigan xavfli illat”. Bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biriga aylandi.

Tamagirlik jamiyatning har bir bo‘g‘ini uchun xavfli, biroq ta’lim tizimi uchun uning xavfi yuz chandon ortiq. Eng yomoni, u tufayli bir paytda yuz-ikki yuzlab talaba jabr ko‘radi, adolatsizlikka duch keladi, o‘qishga ishtiyoqi so‘nadi, hafsalasi pir bo‘ladi va bunday alamzada talaba — bo‘lajak no‘noq mutaxassisdan minglab o‘quvchilar, umuman, millat jabr ko‘radi. Bu — haqiqat. Talabaga o‘z farzandimiz sifatida qarasakgina, buni his etamiz.

Biz ustozlarimizni bergan bilimi tufayli xotirlaymiz, qanday baho qo‘ygani umuman muhim bo‘lmagan. Bizni keyingi avlod qanday eslaydi: bergan bilimimiz, tarbiyamiznimi yoki ko‘rsatgan jabrimiz tufaylimi? Oldimizga har tomonlama yetuk, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash vazifasi qo‘yilayotgan, ta’lim sifatiga e’tibor oshayotgan ayni paytda talabaga bilim berish, baholashda uning savodxonlik darajasini mutlaqo inobatga olmay, bu ishga daromad manbayi deb qarayotgan, na davlat tomonidan qo‘yilgan vazifani his etayotgan, na Olloh tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarayotgan kimsani ziyoli, olim, pedagog, avvalo, inson deyish mumkinmi?! Boshqalarni bilmayman, ammo o‘qituvchiga illat yarashmaydi. Ustoz, murabbiylik o‘zi bir sharaf. U azaldan hammaga namuna bo‘lib kelgan.

Davlatimiz rahbari nima uchun o‘qituvchilarning moddiy ta’minotini davlat ahamiyatidagi masala darajasiga ko‘tardi? Bu, birinchidan, ta’lim sifatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘lsa, ikkinchidan, korrupsiyaga barham berishning bitta omili edi. Shundan keyin ham ta’limda korrupsiya bo‘lishi adolatdanmi?!

O‘ziga xos ta’rifi, qadim tarixi va boshqa murakkab qirralariga ega bo‘lgan korrupsiya, haqiqatan ham, ta’limni va bu orqali jamiyatni barbod qiladigan eng xavfli omildir. “Bir chimdim tuz bir xum asalni buzadi”, deganlaridek, shu tizimda yuz bergan bitta xatolik hammamizni noxush ahvolga soladi, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y oldida mulzam qiladi, nufuzimizga putur yetkazadi.

Xorijiy tillar” kafedrasi

katta o`qituvchisi Sh.B.Yusupova va o’qituvchisi N.S.Nosirova

Share this post