Blog

Korrupsiya jamiyat taraqiyotiga  gʻov

BuxMTI “Xorijiy  tillar”kafedrasi

                                                                      o`qituvchisi A Q Saloxov.

Korrupsiya (lotinchacorrumpō — aynish, poraga sotilish) — mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan xuquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiisteʼmol qilishidan iborat amaliyot.

Xalq tilida soddagina qilib – poraxo‘rlik, keng ma’noda korrupsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, ushbu maqolada uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurash choralarini tahlil etamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rasmiy saytida yozilishicha, «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir»​. Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir. Atama, eng avvalo, siyosiy apparat xodimlariga nisbatan foydalanishi odatiy tusga kirgan.

Iqtisodchilar fikriga ko‘ra, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga eng katta salbiy to‘lqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning ko‘rinishlari turlicha bo‘lishi mumkin: poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, nepotizm va h.k. Uning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos reytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qo‘l keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yo‘q. Gap shundaki, korrupsiyaning asl ildizi uning paydo bo‘lish geografiyasi bilan o‘zgaradi. Xo‘sh, O‘zbekistonda qanday omillar uning kurtak otib, «gullab-yashnashi»​ga sharoit yaratmoqda? Avvalo, Adliya vazirligi rasmiy saytida keltirilgan izohni qaytadan ko‘rib chiqish tavsiya etiladi: «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir»​. Bu yerda kalit so‘zi «davlat organlari xodimlari»​ sanaladi. Ya’ni, ushbu jumlaning o‘zi korrupsiya darajasi yuqori ekanida davlat xizmatchilarining roli muhim ekanligini ko‘rsatadi. Davlat organlarida xizmat qilayotganlarni bunday qabih ishga qo‘l urishga nima undamoqda? Javob yana izohning o‘zida yastanib turibdi: «moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida»​! Tabiiyki, korrupsiya ortida mo‘may daromad topish ilinji turibdi, biroq har bir quyi bosqichda uning hakalak otishiga davlat xizmatchilarining oylik maoshi pastligi sabab bo‘lmoqda. Masalan, mahalliy hokimiyatning oddiy xizmatchisini ko‘z oldingizga keltiring, uning kichik maoshi, aslida xodim inson kapitaliga mos emasligi, korrupsiyaga qo‘l urishga majbur qiladi. Soddaroq qilib aytganda, kuchli bilim va tajribaga ega xodim hech qachon kichik maosh taklif etilgan ish lavozimida mehnat qilmaydi. Uning oldida tanlash uchun ikkita yo‘l turibdi: ish joyini o‘zgartirib, ko‘p oylik maosh va’da qilib turgan xususiy sektorga o‘tib ketish yoki kichik maoshga «qanoat»​ qilib, korrupsiyaga qo‘l urish. Bunday vaziyatda, davlat organlarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilib, tajribali va bilimli mutaxassislarni yo‘qotishi ham hech gap emas. Davlat organlarida oylik maoshni oshirish bilan korrupsiyaga barham berish mumkinmi? Aslo! Korrupsiya darajasini susaytirish borasidagi takliflarni quyida batafsil mushohada etamiz, lekin, ayni chog‘da uni keltirib chiqaruvchi yana bir omilga e’tibor qaratsak: korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sun’iy to‘siqlar.  Sun’iy to‘siq, deb atalmish jihatlar shundan iboratki, ularning barchasini siyosiy iroda kuchi bilan yo‘q qilish mumkin. Ular nimalar? Ro‘yxatning boshida davlat organlari xodimlarini ishga qabul qilishda yuz berishi «belgilangan mantiqsizlik»​ va shaffoflikning yo‘qligidir. Gap shundaki, inson kapitalining haqiqiy qiymatini o‘zbek modelidagi «obektivka»​ orqali aniqlash mumkin emas. Undan tashqari, ishga joylashish masalasida har kim «tanish-bilish»​ tizimi, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, klanizm kabi «ijtimoiy hodisa»​larga duch kelishi tayin. Ana shunday barcha «-chiliklar»​ zamirida korrupsiyaga boshlab boruvchi yo‘l​ mujassam. Shuningdek, kuchli fuqarolik jamiyatining haqiqiy belgisi sifatida davlat organlarining xalq oldida hisobdorligi, ularning faoliyati va moliyaviy harakatlar aniq raqamlar bilan ifodalanishi shart. Har bir sohaning xalq oldidagi hisobdorligidan tashqari, ayni paytda, Oliy Majlis a’zolari, vazir va davlat qo‘mita raislari, yuqori rahbarlik lavozimida ishlaydigan amaldorlarning shaxsiy mol-mulki, daromadlari hamda ularning manbasi shu paytgacha ko‘rsatilmagan. Bunda har qanday oddiy xalq vakili istagan savoliga javob olishga haqli .

Bux MTI rektori N.R Barakaev –“Talabalar dunyoqarashini munosib ravishda shakllantirish, ularning huquqiy madaniyatini oshirib borish qanchalik muhim ekanligini alohida taʼkidlab keladi. Buning uchun eng avvalo Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunini teran nigoh bilan oʻqib-oʻrganish zarur. Oliy oʻquv yurtlarida korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi huquqiy taʼlim va tarbiyani kuchaytirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Toʻgʻri ishlab, halol yashash saodatini yoshlikdan oʻrgangan odamning umri halovatda boʻladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib boʻlmasligini oʻqib-uqqan, poraxoʻrlik va korrupsiyaga, suiisteʼmolchilikka qarshi oʻzida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jurʼatli, vijdonli inson boʻlib yetishadi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli boʻlmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi. Tanish-bilishchilikdan davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solinmasligi kerak. Korrupsiya botqogʻiga botgan amaldorlar jamiyat taraqqiyotiga gʻov boʻlib, umri xalqqa xiyonat qilish, yosh avlod ongini zaharlash bilan oʻtishini endi keng jamoatchilik yaxshi tushunadi. Bu illatga qarshi kurash – toza vijdonli, oriyatli ziyolilarning qalb amriga aylanmogʻi lozim. Oʻzining gʻarazli maqsadi uchun har qanday tubanlikdan tap tortmaydigan masʼul shaxs nafaqat oliy oʻquv dargohiga, shu bilan bir qatorda butun jamiyatga ziyon yetkazadi. Rahbar hammaga oʻrnak boʻlib, halol ishlab, fidoyilik koʻrsatish oʻrniga, kishi bilmas poraxoʻrlik qilsa, yosh kadrlar undan nimani oʻrganadi? Qanaqa oʻrnak oladi?” deydi.

Xulosa shundaki, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosog‘lom yashashida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy vazifasi ijtimoiy kayfiyatni yoritish: cho‘qqining o‘tkir nuqtasiga yetib kelganimizni eslatib turishdan iborat.

 

Share this post