Blog

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, bugungi va kelajak taraqqiyotimiz, farovon hayotimizning mustahkam tayanchi

2017 yil 19 yanvar kuni “Menejment” kafedrasi pedagog-xodimlari Ziyavitdinova N.M., Boboev A.Ch. lar tomonidan Buxoro iqtisodiyot va bank kollejida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, bugungi va kelajak taraqqiyotimiz, farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo’lishi shart” mavzusida davra suhbati o’tkazildi.
Bu davra suhbatini o’tkazishdan maqsad, kollej o’quvchi-yoshlarini O’zbekistonda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar, mamlakatimiz rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko’rsatkichlarini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo’llab-quvvatlashni keng yoritib berishdir.
Davra suhbatni “Menejment” kafedrasi docenti N.M. Ziyavitdinova kirish so’zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilarini davra suhbatining mazmun mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bo’lgan e’tibor, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va qulayliklar hamda berilayotgan imtiyozlar to’g’risida batafsil ma’lumot berdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning afzalliklari, ularni rivojlantirish sabablari, ular tomonidan erishilayotgan natijalarni slaydlar orqali namoyish qilib, ma’lumot berdi. Ayniqsa, bugungi kunda YaIMda kichik biznesning ulushi 57 foizni tashkil etganligini, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholining salkam 80%i tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to’g’ri kelayotganligini, eng muhimi aholi daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromadlar ulushi oshib borayotganligini, shuningdek erishilgan natijalarga alohida to’xtalib, bu natijalar ularga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi ekanligini ta’kidlab o’tdi.
Shuningdek, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmon imzolanganligi aytdi va farmonning mazmuni bilan o’quvchilarni tanishtirdi.
Shu bilan birga, o’z biznesini ochishi uchun o’quvchilardagi qiziqish va ularning salohiyatini o’rganish maqsadida psixologik test va o’yinlar tashkil qildi xamda chet el tajribasidan, yuksak natijalarga erishgan biznes vakillaridan misollar keltirdi.
So’zining yakunida N.Ziyavitdinova yoshlarni yanada g’ururlantirish va o’ziga bo’lgan ishonchini yanada oshirish maqsadida ularga birinchi Prezidentimiz I.Karimovning “Kelajakda O’zbekiston yuksak darajada taraqqiy etgan iqtisodi bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan etuk farzandlari bilan ham jahonni qoyil qilishi lozim” degan gaplarini g’urur va iftixor bilan ta’kidlab o’tdi.
So’z navbati “Menejment” kafedrasi docenti A.Ch.Boboevga berildi. A.Ch.Boboev N.Ziyavitdinova tomonidan aytilgan fikrlarni qo’llab-quvvatlagan holda, erishilgan natijalarni aytib, amaliy jihatdan misollar keltirdi. O’quvchilarga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning imkoniyatlarini tushuntirdi va o’z biznesini ochishi uchun ularga biznes-reja zarurligini ta’kidladi. SHuningdek, biznes-rejaning mazmuni, bo’limlari va qanday tuzilishi to’g’risida batafsil ma’lumotlar berdi. Namuna sifatida sohalar bo’yicha biznes-rejani ko’rsatib o’tdi. Bozordagi holat va vaziyatlar bo’yicha amaliy misollar keltirib o’quvchilarning tadbirkorlikka bo’lgan qiziqishini yanada oshirdi. Davra suhbati qizg’in savol-javoblar bilan davom etdi.
Tadbirning asosiy yutuqlari bo’lib, kollej o’quvchi-yoshlariga o’z biznesini ochishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi, ularga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar bo’yicha ma’lumotlar berildi hamda o’quvchi-yoshlarning mamlakatimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, kelgusida o’zlarining tadbirkorlik faoliyatlarini yuritishlari, biznes-reja va uning mohiyati to’g’risida etarli bilimlarga ega bo’lishdi.



Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.