Blog

Karantindagi beminnat ustoz

Azizlarim beminnat ustoz deganda darhol ko’z o’ngingizda kitob gavdalangani bejiz emas.  Chunki u bizni har daqiqa donishmandlarning bilim xazinasi bilan tanishtira oladi.  U bizni tafakkur va qalb ehtiyojimizni qondiruvchi, ruhimizni tarbiyalovchi, mukammal shaxs bo’lib tarbiyalanishimizga turtki bo’luvchidir. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.  Darhaqiqat, inson ichki olamini hech narsa kitobchalik benazir boyita olmaydi. Ruhiyatimizni hech narsa kitobchalik, o‘qish-o‘rganish, mehnatchalik muvozanatga, to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi. Kitob mutolaa qiluvchi har bir inson yuksak ma’naviyatli shaxs bo’lib yetishishi mumkin. Kitob bizning hayot yo’limizdagi eng yaxshi yo’ldoshimizdir. Kitob haqiqatdan ham bizning chin do’stimizdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabr kuni qabul qilingan PQ-3271 sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Bugun biz asrimizni texnologiyalarsiz tasavvur qila olmasakda oramizda kitobni do’st deb bilganlar hali ham anchagina. Kitobni beminnat to’g’ri yo’l ko’rsata olishini , unga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmasligini, undan ilmni, sabrni, insonlar bilan go’zal muomalada bo’lishni va kechirimli bo’lishni o’rganamiz. Evaziga esa kitob bizdan hech bir narsa talab qilmasligini yaxshi bilamiz. Karantin davrida ham biz bemalol xoxlagan vaqtda kitobga murojaat qila olamiz, xoxlaganimizcha undan foydalanamiz. Kitob aynan shunaqa uyda qolish kerak bo’lgan vaqtda bizga as qotadigan hech tortinmay bilim oladigan beminnat boyligimizdir. Masofaviy darslardan bo’shaganimizda, kimnidir sog’inganimizda yoki nimadir haqida bilmoqchiligimizda albatta beminnat ustozimizga murojaat qilamizki, u bizni barcha savollarimizga to’la , hech qanday e’tirozsiz javob beradi.

Kitob bizni beg’ubor do’stimiz, suhbatdoshimiz, beminnat ustozimiz va boyligimizdir. Olimlarimizdan biri kitob haqida shunday degan edi: “U kishini ziyoli qiladi, unda go’zallik tuyg‘usinigina emas, hayotni, uning butun murakkabliklarini tushuntirish kabi qimmatli tuyg‘uni rivojlantiradi, boshqa davrlar va boshqa xalqlarni tushunishda yo‘lboshchilik qiladi, sizga kishilarning qalbini ochib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, sizni donishmand qiladi”.

Azizlarim mana karantin davrida ancha vaqtimizni uyda o’tkazamiz, vaqt anchagina, zerikishga ham ulguramiz . Kelinglar shu davrni mazmunli o’tkazib kitoblardan foydalanaylik, bilimimizni oshiraylik, karantinni mazmunli o’tkazib kitob bilan birga hamma qiyinchiliklarni yengaylik. U bizni to’g’ri yo’lga boshlaydi, u charchamaydi, u hech narsa bizdan talab qilmaydi.  Kitob biz uchun doim vaqt ajrata oladi, bizni xursand qila oladi va mukammal inson bo’lishimizga yordam beradi. Butun hayot davomida kitob o’qib zarar ko’rgan yoki kitob bilan unumsiz  vaqt  o’tkazganimizni eshitganmisiz?  Albatta yo’q hech kim bu savolga ha deb javob bera olmaydi. Chunki u har lahzada bizga ko’makchi, mehribon, bilimdon do’stdir. Albatta biz ota-onalar avvalo o’zimiz o’rnak bo’lishimiz va muhit yaratishimiz kerak.

Shunday  ekan xulosa o’rnida shuni aytmoqchimizki, uyda qolib kitob o‘qishdan aslo to’xtamang.  Hozir kitobdan olgan barcha yaxshi fazilatlarni bir umr qalbingizda saqlab qoling.  Zero, kitob insonni doimo yaxshilikka yetaklaydi.

“Xorijiy tillar”kafedrasi o’qituvchisi Sidiqova Nozgul Nabiyevna

Share this post

Leave a Reply

Your email address will not be published.